O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Eng qimmatli narsa bu

 
 

Vaqt sen asrashing kerak bo‘lgan eng qimmatli narsadir. Senda esa,u behuda o‘tib ketkmoqda.

Yahyo ibn Busayra

Har bir oqil musulmon o‘z vaqtini katta bir xazina deb bilmog‘i, uning ozginasiga ham beparvo bo‘lmay, har bir ishni o‘ziga munosib vaqtga taqsimlashga ahamiyat bermog‘i lozim. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

لا تزول قدما عبد يوم القيامة حتى يسال عن اربع: عن عمره فيما افناه و عن شبابه فيما ابلاه

و عن ماله من اين اكتسبه و فيم انفقه و عن علمه ماذا عمل فيه؟ (رواه الترمذي).

ya’ni: “Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi; umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida nima qilgani, molini qayerdan topib nimaga sarf qilgani, ilmiga qay darajada amal qilgani (Imom Termiziy rivoyati).

Shundoq ekan, vaqtni zoye o‘tkazishga fursat yo‘q. Behuda o‘tkazilgan har bir daqiqa oxiratda insonning zarariga hujjat bo‘lishini anglamog‘imiz darkor. Hasani Basriy rahmatullohi alayhning hikmatlaridan birida shunday deyiladi: “Har kuni tong yorishganda Haq tomonidan bir jarchi: Ey Odam bolasi! Men yangi kunman, sening barcha amalingga guvohman. Mendan solih amallar qilib foydalanib qol, chunki men to qiyomatgacha qaytmayman, - deb jar soladi”.

Ulomalarimizning ko‘plari vaqtni qadriga yetish to‘g‘risida o‘zlarining qimmatli fikrlarini bildirganlar. Shulardan Faxruddin ar-Roziy o‘zining “Mafotiyh al-g‘ayb” asarida “Asr” surasining tafsirida:

“Alloh taolo “Asr” (vaqt) bilan qasam ichdi. Chunki, vaqtning ichida yaxshilikning barcha turi mavjud: xursandligu hafalik, sog‘ligu kasallik, boyligu kambag‘allik uning ichida paydo bo‘ladi. Umrni qadr-qimmat va nafislikda hech narsa ila o‘lchab bo‘lmaydi. Agar ming yilni behuda sarflab, so‘ng tavba qilib, sizga umringizning oxirida saodat nasib etsa, abadul-abad jannatda yashaysiz. Shunda (siz uchun) eng sharafli narsa oxirgi lahzadagi mana shu hayotingiz ekanini bilasiz. Vaqt eng qimmatli ne’mat bo‘lgani uchun Alloh taolo aynan u bilan qasam ichib, kecha va kunduz inson qo‘ldan boy berayotgan fursat ekaniga urg‘u bergan. Qolaversa, zamon (vaqt) makondan afzaldir. Shuning uchun Alloh taolo vaqt bilan qasam ichgan. Vaqt eng mukammal ne’matdir. Unda hech qanday ayb yo‘q. Aybdor undan foydalanmayotgan insonning o‘zidir”, deganlar. Shuning uchun vaqtning qadriga yetgan zohid tobeinlardan biri Omir ibn Abdu Qaysga bir kishi: “Menga biror narsa gapirib bering”, deganida, unga: “Quyoshni ushlab tursang, gapirib beraman” (ya’ni, vaqt to‘xtovsiz o‘tib ketaveradi. Hech ortga qaytgan emas. Uni qo‘ldan boy bergan odam o‘zidan ko‘rsin. Endi uni topolmaydi. Chunki, har bir vaqt o‘z haqiga ega. Kecha qilmagan ishimni bugun qildim-ku, degan odam o‘zini aldayapti xolos.) degan ekanlar. Hasan Basriy aytadi: “Shunday kishilarni ko‘rdim, ulardan biri o‘z vaqtini pulidan ko‘ra qattiqroq qizg‘anar edi”.

Donishmandlardan biri: “Men vaqtimga xiyonat qilmayman. Xafa bo‘lma, vaqtim yo‘q”, deb do‘stidan uzr so‘ragan ekanlar.

Mashhur adib Ali Tantoviy esa: “Vaqt juda qisqa, hech narsaga ulgurib bo‘lmayapti, deydigan odamga hayronman. Vaqtni loqaydlik, tartibsizlikdan boshqa biror narsa qisqartadimi o‘zi? Vaqtining barkasizligiga o‘zi aybdor emasmi? Bunga bir misol aytib beraman. Masalan: Talaba imtihon bo‘ladigan kuni kechasi qancha kitob o‘qishiga bir qarab ko‘ring-a. Mayli, har kuni shunday o‘qisin demayman, boring ana, hech bo‘lmasa, bir haftada o‘shancha o‘qiganida edi, allomai zamon bo‘lmasmidi?! U o‘qimasa, vaqt qisqarib qolgan bo‘ladimi? Yo‘q!

Odamlar vaqtlarini o‘yin-kulgu bilan o‘tkazadilar, taqdiru ajal esa o‘zgarmaydi, ular o‘tmishlarini unutib yuboradilar, ammo amallarining zarrachasi ham hisobga olinadi. Alloh taolo Qur’oni karimda:

يوم يبعثهم الله جميعا فينبئهم بما عملوا احصاه الله و نسوه و الله على كل شيء شهيد (سورة المجادلة/6).

ya’ni: (O‘sha) kunda Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirib, (dunyoda) qilgan amallarining xabarini berur. U (amallar)ni Alloh hisoblab qo‘ygan. Ular esa unutib yuborganlar. Alloh barcha narsaga guvohdir”, - deb marhamat qilgan (Mujodala surasi, 6-oyat).

Demak, har birimiz vaqtning qadriga yetib, undan unumli foydalanmog‘imiz va buni kuchli imon va haqiqiy taqvoning belgisi, deb bilmog‘imiz lozim, Alloh taolo barchamizni vaqtni qadriga yetadigan va undan foydalanadigan kishilardan qilsin. O‘z aybini vaqtga to‘nkaydiganlardan bo‘lib qolishdan O‘zi asrasin. Omin!


Kiritilgan vaqti: 25/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2819
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eng-qimmatli-narsa-bu
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 12:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing