O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

“Eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir”

 
 

Har qanday bino chidamli, uzoq yillar xizmat qilishi uchun uning asosi- poydevori mustahkam bo‘lishi lozim. Keyingi uch yil mamlkatimizning “muhtasham binosi” qurilishi uchun asos vazifasini bajardi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Endi navbat imoratning devorlarini qurish.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi. Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar, OAV vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi. Ushbu murojaatnoma O‘zbekiston taraqqiyotining navbatdagi bosqichi boshlangani va murojaatnoma ko‘rsatilgan fikrlar bu borada dasturul amal bo‘ladi deb o‘ylayman.

Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davr insonga moddiy ehtiyojlarini qondirishdek birlamchi ehtiyojlar qatoriga suv va havodek zarur — ilmni ham qo‘shdiki, shu tufayli u o‘zligini anglab, taraqqiyot sari dadil qadam qo‘ymoqda. Muhaddislar sultoni, dunyo imomi – Imom Buxoriy hazratlarining “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay” deb aytgan so‘zlari aynan bugun uchun, barcha davrlar uchun so‘zlangandek, go‘yo. Shu haqiqatga asoslangan holda muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2020 yilga “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodni rivojlantirish yili” deb nom berilishi taklif qilindi.

“Sharq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, Eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”. Shu sababli, hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma'rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Taraqqiyotga erishish uchun, raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart”, - dedi Sh.Mirziyoev.

Albatta raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, eng og‘ir illat – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham samarali vositadir.

Shuningdek, Sh.Mirziyoev mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy istiqbolini yuksaltirishda amalga oshiriladigan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, davlatimiz rahbari o‘tgan 2019 yilda “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tgan saylovlar natijasida mamlakatimizda demokrat vaziyat vujudga kelganini alohida ta'kidlab, shunday dedi:

“Barcha deputat va senatorlarga, ularning timsolida butun O‘zbekicton xalqiga murojaat qilib aytmoqchiman, demokratik islohotlar yo‘li biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Biz yangi O‘zbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulug‘vor maqsadni o‘z oldimizga qo‘yganmiz”.

         Murojaatnomada Prezidentimiz maktabgacha ta'lim, maktab, o‘rta maxsus va oliy ta'lim tizimidagi islohotlar haqida to‘xtalar ekan shunday dedi:

“Bog‘chadan boshlab ta'limning barcha bo‘g‘inlarida ta'lim sifatini oshirish darkor. Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a'zolarining saviyasini oshirish lozim. Zero, bizga ilm-ma'rifat va yuksak ma'naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va, albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi.

Sharq donishmandlari aytganidek, eng katta boylik – bu aql-zakovat, ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir”.

Mamlkatmizda yoshlar, xotin-qizlarga qaratilayotgan e'tibor, keksa yoshlilarning qo‘llab-quvvatlash  iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha aniq takliflar kiritdi.

Shuningdek, muhtaram Yurtboshimiz diniy-ma'rifiy soha haqida to‘xtalib,   Mamlakatimizda “Jaholatga qarshi – ma'rifat”, degan ezgu g‘oya asosida Islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishini targ‘ib etish kun tartibimizdagi doimiy masalalardan biri bo‘lib qoladi.
Joriy yilda hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchisi Abu Muin Nasafiy hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan hamda diniy bag‘rikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etiladi.
Imom Buxoriy bobomizning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini bu mo‘tabar zotning musulmon dunyosidagi ulug‘ maqomiga mos ravishda, mutaqo yangi loyiha asosida qayta barpo etish ishlarini ham boshlaymiz.   Shuningdek, buyuk alloma Bahouddin Naqshband bobomizning 700 yillik tavallud ayyomining yuqori saviyada o‘tkazishimiz kerak. Sizlarga ma'lumki, keyingi yillarda olib borilayotgan insonparvar siyosat tufayli to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘ygan fuqarolarni sog‘lom hayotga qaytarish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda ham diniy ekstremistik yo‘lga kirib qolgan chin dildan pushaymon bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal etish, ularni jamiyatga moslashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Jahonda shiddat bilan o‘zgarayotgan notinch va murakkab vaziyat, turli mojarolar jonajon Vatanimiz xavfsizligini va el-yurtimiz osoyishta hayotini ta'minlash hamda mavjud xatarlarga munosib javob berishda doim tayyor turishimizni taqozo etmoqda, deb ta'kidladi o‘z Murojaatnomasida.

Yurt istiqboli, xalq farovonligi yo‘lida olib borilayotgan islohotlarda barchamiz birdek faol bo‘lishimiz, o‘z bilim va tajribmiz bilan ishtirok etishimiz yurtimizga sadoqat va fidoyiligimizni isbotlaydi.

Zayniddin Eshonqulov O‘MI – Samarqand viloyat vakili


Kiritilgan vaqti: 24/01/2020 16:07;   Ko‘rilganligi: 1714
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eng-katta-qashshoqlik-bu-bilimsizlikdir
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing