YOSHI ULUG‘LARNI E'ZOZLASH ISLOM SHIORLARIDAN
“Imom Ash'ariy aytadilar: Soch-soqoli oqargan musulmonni, Qur'onni yod olib, unda haddan oshmagan va uni tark qilmagan kishini va adolatli hukmdorni e'zozlash Allohni ulug‘lashdandir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yoshi ulug‘ odam har bir ishning oqibatini teran his qila oladi. Unda donishmandlik, oqillik zohir bo‘ladi. Inson navqiron paytida olovga o‘xshaydi. Marralarga tezroq erishgisi keladi, muammolarni kuch bilan osongina hal qilishni istaydi. Natijada xatolar ketidan xatoni paydo qiladi. Ammo keksalik maqomiga yetganida bamisoli sokin ummonga aylanadi. Uning bag‘ri keng bo‘lib, aqli hikmat javohirlariga to‘ladi. Har qanday chigallikni bosiqlik va aql bilan yechishni yaxshi biladi. Ko‘zlar nuri quvvatini yuqotadi, lekin qalb nazari dunyo haqiqatlarini ko‘raveradi, chunki unda ma'rifat yog‘dusi porlaydi.
Anas ibn Molik (roziyalloh anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyilgan:“Bir katta yoshdagiqariya Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ni yo‘qlab keldi. Qavm unga yo‘l ochishda kechikib qoldi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):“Kichiklarimizga rahm qilmagan, kattamizni ulug‘lamagan bizdan emas”, dedilar”.
Demak, yoshi ulug‘larga hurmat ko‘rsatishni, ularni qadirlashni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) amr qilmoqdalar.
Shunday ekan , bu - biz ummat uchun shiordir.
Qolaversa, Xalqimiz farzandlarini hamisha yoshi ulug‘larni hurmat qilish hissi bilan tarbiya qilgan. Savobli amallar bilan umr kechirgan yoshi ulug‘ keksalarimiz, barchamiz uchun fayzu hikmat koniga aylanadilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qiladilar:“Agar orangizda munkillagan qariyalar, o‘tlab yurgan jonzotlar va emizikli chaqaloqlar bo‘lmaganida edi, boshingizga balolar yomg‘irdek yog‘ilgan bo‘lardi”. Demak, Alloh taolo yoshi ulug‘ keksalarimizning hurmati ularni bizga qilgan duosi va go‘daklarning begunohligi tufayli yurtimizni o‘z panohida asraydi.
Umrini xalq xizmatiga bag‘ishlab, bugungi kunda yoshlarimizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatayotgan yoshi ulug‘ keksalarimizni e'zozlasak, bu go‘zal ibrat ularoq kelajak farzandlarimizga ham meros bo‘lib qoladi. Insha Alloh.
Tojiyev Hamidullo Urgut tuman Imomi Hasan masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 11/06/2020 10:45; Ko‘rilganligi: 2036
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 15:51