Tarbiya - axloqning go‘zalligi
Islom dini avvvalgi samoviy dinlar kabi Alloh taoloni yagonaligiga e'tiqod qilish bilan birgalikda ota-ona, aka-uka, qarindoshlar va boshqa barcha insonlar hamda mavjudotlarga yaxshi muomala, mehr-shavqatli bo‘lishga da'vat etadi. “Ilm odob bilan ziynatlidir” degan naqlda ham insonni yoshligidan odob-axloqiga e'tibor qaratilishi, voyaga yetish mobaynida yaqinlari, ustozini hurmatini joyiga quyish borasida tarbiyasiga e'tibor qaritilishi bilan ilm cho‘qqilariga erishish nazarda tutilgan. Aks holda o‘zaro muomala, odob-axloqda nuqsonli bo‘lib, diniy va dunyoviy ilmlardan bebahra qolsa, kelajakda jamiyatda o‘z o‘rnini yo‘qotadi, biror bir kasbni ham egallay olmasdan oilasiga halol kasb ortidan rizq yetkazib berishda qiyinchiliklarga duch keladi, hatto e'tiqodda ham adashib, ikki dunyosi uchun zarar ko‘rishi mumkin.
Dinimizdagi barcha ibodatlarni negizi va mohiyatida go‘zal axloq yotadi. Musulmon kishining go‘zal axloqi uning sog‘lom e'tiqodi va imonining komilligiga dalolat qiladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deganlar: “Mo‘minlarning ichida eng imoni komili xulqi chiroyli bo‘lganidir. Sizlarning yaxshilaringiz ayollariga yaxshi xulq bilan munosabatda bo‘lganingizdir”. Imom Termiziy rivoyati.
Kishi o‘z tarbiyasi qanday ekanligini bilmoqchi bo‘lsa, uning tarozisi - chiroyli xulqidir. Ayniqsa, o‘zidan zaiflarga chiroyli muomalada bo‘lish eng yaxshi mo‘minlar qatoriga kirish hisoblanadi. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar alayhissalom aytadilar “Sizlarning menga suyuklirog‘ingiz va qiyomat kuni menga yaqinrog‘ingiz axloqi guzallaringizdir”.
Go‘zal xulq sohibini Payg‘ambar alayhissalom muborak so‘zlarida maqtaganlar va shunday deganlar: “Albatta, banda chiroyli xulqi sababli oxiratda ulug‘ darajalarga erishadi. Chiroyli xulq, xuddi suv muzni eritgani kabi gunohlarni yo‘qotadi, yomon xulq esa sirka asalni buzgani kabi amalni buzadi”. Darhaqiqat, husni xulq insondagi barcha fazilatlarning eng oliy va afzalidir. Chunki uning egasidan doimo yaxshilik kutiladi. Inson chiroyli xulqi sababli oxiratda ulug‘ darajalarga erishishi hadisi shariflarda zikr qilinadi.
Demak tarbiyasi chiroyli bo‘lishini xohlagan inson go‘zal xulqni lozim tutishi, ta'na qilmasligi, biron kishini la'natlamasligi, fahsh so‘zlarni gapirmasligi, uyat gap-so‘z va hatti xarakatlar kabi yomon xulqlardan o‘zini tiyishi lozimdir. Hazrati Ali karramallohu vajhahu bu borada shunday deganlar: “Go‘zal xulq uchta xislat bilan hosil bo‘ladi: Haromdan tiyilish, halolni izlash, ahliga bag‘rikenglik qilish”.
Zunun Misriy rahimahullohdan shunday naql qilinadi: “Eng ko‘p g‘am-g‘ussa chekadigan kishi kim?, deb so‘rashganida u zot: “Eng xulqi yomon kimsa” deb javob berganlar.
Payg‘ambar alayhissalom aytadilar “Qiyomat kunida tarozi pallasida eng og‘ir yuk bosadigan amal bu chiroyli xulqdir”.
Yuqorida keltirilgan hadisi sharif va ulamolar o‘gitlaridan xulosa qiladigan bulsak, inson chiroyli xulqlarga odatlanishi va yomon xulqlarni tark etishi bu dinimizning asosi va Payg‘ambarimiz alayhis salomning asosiy o‘gitlaridir. Chiroyli xulqlar insonni dunyo va oxiratdagi martabasini baland qiladi, rizqini keng qiladi. Yomon xulq esa ikki dunyoda ham xorlik va nadomatga sabab bo‘ladi.
Tarbiya yoshu-qari, erkagu-ayol manzil va makon tanlamaydi. Agar jamiyatda tarbiyaga ommatan e'tibor beriladigan bo‘lsa, jamiyatda yana ham go‘zal muhit barqaror bo‘lishiga imkoniyat tug‘iladi, insonlarni dunyoda rohat-farog‘atda yashashi bilan birga oxiratda ham ko‘p ajru hasanotlarga erishishlariga sabab bo‘ladi.
Kiritilgan vaqti: 02/07/2019 21:31; Ko‘rilganligi: 1494
Chop etilgan vaqti: 14/11/2024 08:37