O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

SALOMNING FAZILATI

 
 

Har bir ota-ona farzandiga tarbiya-odob berar ekan, eng avvalo, salomlashishni o‘rgatadi. Jahonda odobning bu jihatiga e'tibor bermaydigan biror millat yoki xalq yo‘q. Bejizga dono xalqimiz “Gapning boshi – kalom, odob boshi – salom”, demagan.

Salomlashish tufayli kishilar o‘rtasida o‘zaro hurmat, samimiyat va bir-biriga nisbatan mehr-muhabbat paydo bo‘ladi. Bir-birimizning yonimizdan indamay o‘tgandan ko‘ra, musulmonning musulmon birodaridagi haqi bo‘lgan salomlashish, alik olishni odat qilsak, nur ustiga nur bo‘ladi. Odob bilan salom berish orqali biz sunnatga amal qilgan, Allohning nazdida bir savobga ega bo‘lgan va provardida musulmonlik burchimizni ado qilgan bo‘lamiz. Zero, Salomlashish Odam atodan bizga meros qolgan fazilatli amallardan biridir. Alloh taolo salom so‘zini birinchi bo‘lib, bashariyat otasi Odam (a.s.) hayot tarzlariga kiritgan edi. Bu haqda muhaddislar rivoyat qilgan hadislarida habarlar bor.

Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qilib aytadi: “... Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza salomni aytingiz (ya'ni “Assalomu alaykum” deng!) Sizlar aql yurgizishlaringiz uchun Alloh o‘z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur”. (Nur surasi, 61-oyat)

 Bu oyati karima islom shariatida Salom so‘zi bilan salomlashish joriy bo‘lganiga dalolat qiladi.

Salomlashuvning eng qisqa ko‘rinishi “Assalomu alaykum!” degan so‘zdan iborat. Eng mukammali esa: “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu!” shaklida aytilib, “siz (lar) ning ustingizga tinchlik-salomatlik, Allohning marhamati va barakotlari yog‘ilsin!”, degan mazmundagi ezgu tilakni anglatadi.

Alloh taolo marhamat qilib aytadi: “Qachonki, sizlarga salom berilsa, bas, undan go‘zalroq salom bilan javob bering yoki uning o‘zini qaytaring!” (Niso surasi, 86-oyat).

Salom musulmonning musulmon birodari ustidagi haqlaridandir.  Nabiy alayhissalom marhamat qilib dedilar: “musulmonning musulmon ustidagi haqlari beshtadir: salomga alik olish, kasal ko‘rish, janozalarda qatnashish, mehmonga chaqirsa borish va aksirgan kishiga alhamlu lillah desa, yarhamukalloh deya duo qilib qo‘yish” (muttafaqun alayh).

Salom berish sunnat, alik olish esa farz. Shunga binoan, qay yo‘sinda salom berilishidan qat'iy nazar alik olish lozim bo‘ladi.

Salomlashishning dinimizda o‘ziga xos talablari bor, agar-ki salomimiz mukammal bo‘lishini istar ekanmiz, quyidagi shartlarga amal qilishimiz lozim, bo‘ladi: ya'ni, qo‘l berib ko‘rishganda, kaftni kaftga qo‘yib, ikki qo‘llab ko‘rishiladi, uzrli holatlardagina bir qo‘llab ko‘rishsa bo‘ladi; uzoq ko‘rishmaganda yoki yaqin kishilarnikiga mehmonga borganda, erkaklarning quchoqlashib ko‘rishishlari maqbul. Bunda bir-birini avval o‘ng ko‘krakka, keyin chap ko‘krakka bosiladi. So‘ngra qo‘l berishib, hol-ahvol so‘raladi. Ammo ayrim kishilar o‘rtasida urfga kirganidek, og‘iz-burun o‘pishib ko‘rishish odobimizga mutlaqo ziddir. Ko‘p zamonlar ko‘rishmaganda peshona yoki boshdan o‘psa bo‘ladi; Olimlar, fazilatli kishilar, ulug‘ ustozlarning qo‘lidan o‘pish mumkin. Yosh bolalarni bag‘riga bosib, erkalatib, peshona yoki boshidan o‘psa bo‘ladi; Nomahram ayollar bilan qo‘l berib ko‘rishilmaydi; Ko‘pchilik to‘plangan joylarda ko‘rishish uchun hammani bezovta qilish shart emas, salom berilgach, qo‘lni ko‘ksiga qo‘yib, «Ko‘rishganimiz – so‘rashganimiz», deyilsa kifoya.

Xulosa qilib aytganda salomlashish insonlar o‘rtasida o‘zaro totuvlik, do‘stlik, birdamlik va muhabbat rishtalarini mustahkamlaydi. Salomning eng afzal fazilati ham aynan shundadir.

Alloh taolo barchalarimizga Islomning makorimul ahloq borasidagi benazr bebaho yo‘l-yuriqlariga, go‘zal odob-axloqlarga amal qilishimizda va aziz farzandlarimizni ham yuksak ma'naviyat sohibi etib tarbiyalashimizda ulkan muvaffaqiyatlar ato qilsin!

 Ma'rufxon Ismatov - Oqdaryo tumani “So‘g‘onchi” jome masjidi imom-xatibi  


Kiritilgan vaqti: 02/06/2020 08:45;   Ko‘rilganligi: 1855
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/salomning-fazilati
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 18:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing