Kiyim avratlarini berkitadi va kishiga ziynat bo‘lib xizmat qiladi.
Kiyim – inson ziynati. U kishining ma'naviyati, madaniyati, didi va dunyoqarashining yorqin ko‘zgusidir. Kiyim insonni issiq-sovuqdan saqlaydi, avratlarini berkitadi va kishiga ziynat bo‘lib xizmat qiladi.
“Avrat” so‘zi arabcha bo‘lib, inson o‘z qadri va hayosini asrab qolishi uchun badanining bekitadigan a'zolarini anglatadi. Inson tanasining ko‘zdan yashirilishi va namozda yopiq turishi farz qilingan, ko‘rsatish va qarash harom bo‘lgan qismi – avratdir.
Johiliyat davrida odamlar nafsi havolaridan kelib chiqib kiyinishar edi. Islom kelib kiyinish masalasini tartibga soldi. Inson ehtiromi va jamoatchilik odobiga zid bo‘lgan liboslardan qaytardi. Shu bilan birga kiyinish madaniyatiga rioya qilishga chaqirdi.
Islom dini ko‘rsatmasiga ko‘ra ayol-qizlar balog‘atga yetganlaridan keyin begona (nomahram) erkaklardan to‘sish uchun o‘z avrat a'zolarini berkitib yurishlariga buyurilganlar. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Shuningdek, (odatda) ko‘rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini ko‘rsatmasinlar va ro‘mollarini ko‘kraklari uzra tushirib olsinlar! ...” (Nur surasi, 59-oyat).
Ushbu oyati karimadagi “ko‘rinib turadiganidan boshqa ziynatlari” jumlasini sharhlab jumhur ulamolar ayollarning ikki qo‘lining kafti va yuzi avrat hisoblanmaydi, deganlar.
Mazkur oyati karimada muslima ayol-qizlarga tashqaridan bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy ta'sir va muomalalardan o‘zlarni saqlash maqsadida begona (nomahram) erkaklarni oldida avratlarini yashirib, yopinchiqlarini ustilariga tashlab yurishlariga buyurilmoqda.
Ta'kidlash joizki, islomda ibodat libosi yo‘q. Asosiy talab erkak kishi kiyinishda o‘zini ayollarga o‘xshatib olmasligi yoki aksincha, ayol erkakcha kiyinmasligi sanaladi. Hanafiy mazhabimizga ko‘ra ayol kishi o‘ranganida ikki qo‘lining kafti va yuzidan boshqa a'zolarini yopishi vojibdir. Bunga Payg‘ambarimiz alayhissalomning Asmo binti Abu Bakr raziyallohu anhoga qarata aytgan quyidagi hadislari ham dalolat qiladi:
“Ey Asmo, ayol kishi voyaga yetganda undan mana bu va mana bu joylaridan boshqa a'zosi ko‘rinishi mumkin emas”, deb yuz va ikki kaftlariga ishora qildilar” (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).
Lekin hozirda ayrim ayol-qizlarimiz soxta g‘oyalar ta'sirida, o‘zgalarga taqlid qilib mazhabimizga xilof va milliy urf-odatlarga zid ravishda yuz va qo‘llarini to‘sgan holda burqa va niqob taqib olish holatlari uchrab turibdi. Aslida har bir narsada bo‘lgani kabi, kiyimda ham mo‘tadil bo‘lish maqsadga muvofiq sanaladi.
Islomda ayol-qizlarning satri avratda bo‘lishi talab etilsada, bunda maxsus ko‘rinishdagi yoxud maxsus rangdagi kiyim kiyish shart qilinmagan. Ya'ni, ibodatli, diyonatli ayollar maxsus rang yoki ko‘rinishdagi liboslarni kiyishlari farz yoki vojib deb belgilanmagan.
Islom tarixida ba'zi sahobiya ayollarning qora rangli yopinchiqqa o‘ranganlarining asosiy sababi o‘zlariga nomahram erkaklarning e'tiborini jalb etmaslik bo‘lgan. Lekin bundan boshqa muslima ayollarning ham kiyimlari aynan qora rangda bo‘lishi shart ekani kelib chiqmaydi.
Shariatda talab etilgani – ayollarning libosi avrat a'zolarini to‘liq yopishi kerakligidir.
Ayollarning qora kiyim kiyishlariga diniy tus berish noto‘g‘ri ekanini hozirgi zamon ulamolari ham ta'kidlab o‘tishgan. Zero, Qur'oni karimda ham, sunnati nabaviyada ham ayollar qora rangli libosda bo‘lishi haqida ko‘rsatma yo‘q. Saudiya Arabistoniga qarashli “Ilmiy tadqiqotlar va fatvo berish doimiy qo‘mitasi” tomonidan e'lon qilingan “Ayol kishining ro‘moli va libosining rangi haqida”gi fatvosida shunday deyilgan: “Muslima ayol kishining libosi qora rangga xoslangan emas. U istagan rangdagi libosni kiyishi mumkin. Bunda kiyim avrat a'zolarini to‘sadigan bo‘lishi, erkaklarning libosiga o‘xshamasligi, tor bo‘lib, ayolning a'zolarini bildirib turmasligi, yupqa bo‘lib, badanini ko‘rsatadigan bo‘lmasligi hamda fitnaga sabab bo‘lmaydigan libos bo‘lishi shart qilingan”.
Ayol kishining yuzini berkitishi, qo‘llariga qo‘lqop taqib olishi yoki ayrim yigitlarning uzun soqol qo‘yib olishi ularning taqvodorligini ifodalamaydi. Aslida taqvo insonning qalbida bo‘lib, uning nishonasi amalda va insonlar bilan muomalada namoyon bo‘ladi.
O‘rni kelganda shuni ham aytib o‘tishimiz lozimki, ba'zi qizlarimizning milliyligimizga munosib bo‘lmagan, tizzalari yirtiq-yamoq shimlarni, "moda" deb turli bema'ni rasm va yozuv solingan kiyimlarni kiyib olishlari adabsizlik va hayosizlikdir. Zero, ayol-qizlar Alloh bergan husnu jamolini ko‘cha-ko‘yda ko‘z-ko‘z qilib gunohga botmay, iffatli kiyinishlari kerak.
O‘zga millat madaniyatiga ergashib, haqiqiy, sof madaniyatimizni, e'tiqodimizni esdan chiqarmasligimiz lozim va lobud.
Alloh taolo yoshlarimizni kamolotga erishtirib, ajdodlariga munosib avlod bo‘lishini nasib qilsin. Omin!
N.Temirova - Samarqand viloyat bosh otinoyisi
Kiritilgan vaqti: 19/05/2022 09:33; Ko‘rilganligi: 1416
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 15:05