O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

KITOB VA ILMGA MUHABBAT QO‘YISHNING FAZLI

 
 

Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevning “Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan farmoyishi”ning qabul qilinishi jamiyatimizda ilmning ahamiyatini oshirishga qaratilgan yuksak odim bo‘ldi. 

Insoniyat tarixi davomida nima yutuqqa erishgan bo‘lsa ilm sabab erishgan. Nima yo‘qotish va tushkunlikka yuz tutgan bo‘lsa johillik sabab bo‘lgan. O‘tmishda yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimizning misoli bugunga kelib aksariyat yoshlarimizga ertak kabi bo‘lib qoldi. Bugungi texnika asrida yoshlarimiz ilmning fazlini unutib qo‘yayotganligi, kitobxonlik darajasi susayib borayotganligi hammamizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi. Ana shularni inobatga olgan holda yosh avlod ongida zarracha bo‘lsada  ilmga muhabbat uyg‘otish maqsadida ilmning fazilati haqidagi ulug‘larimizning qimmatli o‘gitlarini e'tiboringizga havola qilishni niyat qildik:

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytadilar: “Kitoblarni (xotirangizda) saqlovchi va ilmning bulog‘i bo‘ling”.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Insonlarning qiymat jihatidan eng pastgi o‘rindagisi, ilmi sayoz kishilardir”.

Va yana (ulug‘larimiz) aytadilar:

“Ilmning ulug‘ fazilat ekanligiga kifoya qiladigan sifat shuki, kimni ilmga chorlasangiz u ilmning yaxshiligini inkor etmasligi va unga olimlik nisbati berilsa xursand bo‘lishidir”.

“Johillik uchun kifoya qiladigan sifat esa, har kim undan o‘zini chetga olishga urinishi va johillik nisbati berilgan kishilarning g‘azablanishidir”.

Va yana (Ulug‘larimiz tomonidan) aytildi: “Ilm talab qilgin. Agar moling bo‘lsa, ilm sen uchun chiroy bo‘ladi. Agar moling bo‘lmasa, ilm sen uchun mol bo‘ladi. Ilm bilan tug‘ishganlar orasi yaqinlashib, haq bilan botil, halol va xarom o‘rtasidagi farq taniladi”.

“Ilm bilan Alloh taniladi. Ilm bilan itoat va ibodat qilinadi. Ilm aqlning peshvosi va yuksaltirguvchisidir. Alloh taolo saodatmand bandalarini ilm bilan rizqlantiradi, baxtsiz bandalarini esa ilmdan mahrum qiladi.

Va yana aytildiki: “Olim johil kishinining holatini biladi, chunki u (olim bo‘lishdan oldin) johil bo‘lgan. Johil esa olimni bilmaydi chunki u olim bo‘lmagan. Olim dinning tabibidir, johil esa o‘z nafsining dushmanidir. Qanday kilib u boshqalarga do‘st bo‘lsin”.

“Olim nur taratuvchi chiroq kabidirki, kim uning yonidan o‘tsa bahramand bo‘ladi”.

“Johil kishining beshta belgisi buladi: 1. Noo‘rin g‘azab. 2. Befoyda so‘z. 3. Noo‘rin sarf-xarajat. 4. Har kimga ishonib ketaverishlik. 5. Do‘stni dushmandan farqlay olmaslik”.

Buzarjumuhrga aytilindi: “Ilm afzalmi yoki mol? U aytdi: “Ilm afzaldir”. Unga yana aytdilar: “Biz nima uchun ulamolarni boylarning eshigi oldida ko‘ramizu, ammo boylarni ulamolarning eshiklari oldida ko‘rmaymiz?”. U kishi aytdilar: “Bu holat ulamolarning boylik manfaatini bilishliklaridan, boylarning esa ilm fazilatini bilmasliklaridandir”.

Ba'zi ulamolar aytdilar: “Ilmga kirishuvchi kishi go‘yoki dengizda suzuvchi kabidir. U yerni ham, uzoqlikni ham, kenglikni ham ko‘rmaydi”.

Va aytildi: “Olimning adashuvi g‘arq bo‘layotgan kemaning adashuvi kabi bo‘lib, u o‘zi bilan ko‘plab odamlarni g‘arq qiladi”.

Hakimlarning ba'zilaridan hikoya qilinadi: “Ilmni yaxshi ko‘radigan va uni o‘rganishdan Hayo qiladigan bir keksa otaxonni ko‘rdilar va u kishiga: “Siz qolgan umringiz o‘tmishingizdan afzalroq bo‘lishini istamaysizmi?!” dedilar.

Hakimlarning ko‘plari olim (ustoz)ning  haqqini otaning haqqidan ustun qo‘ydilar. Hatto ba'zilari shunday dedi: “Kim insonga ilm o‘rgatsa u eng yaxshi otadir. Chunki u ruhiyatning otasidir, jasadning emas”.

Aytildi: “Olim go‘yoki Ka'ba kabidir-ki, unga uzoq-uzoqlardan kelishadi. Yaqinidagilar esa uni tark qiladilar”.

Ulamolarga lozim bo‘lgan va ularga eng munosib xulqlarning asosiysi kamtarlik va o‘ziga bino qo‘yishdan saqlanishdir. Chunki kamtarlik odamlarni yaqinlashtiradi, o‘ziga bino qo‘yish esa nafratlantiradi. O‘ziga bino qo‘yishlik nafaqat ulamolarga, balki har bir oddiy kishi uchun ham yomon xislatdir. Ulamolarga esa odamlar ergashadilar.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm o‘rganinglar va ilm uchun sakiynat, muloyimlikni ham qo‘shib o‘rganing. Va siz ilm o‘rganayotgan kishilarga nisbatan tavoze'li bo‘ling, shunda sizdan ta'lim olayotganlar ham tavoze'li bo‘ladilar”.

Aytildi: Agar ilm o‘rganayotgan bo‘lsang hech qachon sendan boshqa ilmsizlar ham ko‘pligi haqida fikr qilmagin. Balki sendan olimroq kishilarning ko‘pligi haqida fikr qilgin”.

Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Qalb uchun eng rohatbaxsh narsa sizdan biror bilmaydigan narsa so‘ralganda, u “Alloh biluvchiroqdir” deyishidir. Albatta haqiqiy olim bilmagan narsalari bilgan narsalaridan ko‘p ekanligini anglagan kishidir.

Aytildi: “Bilmayman, deyishlikni tark qilgan kishi halok bo‘ldi”.

Hakimlarning ba'zilari aytdilar: “Ilmning fazilatini men hech narsa bilmasligimni tushunish bilan angladim”.

Dunyoga dovrug‘i ketgan buyuk ajdodlarimiz hayotida ilmning ahamiyati yuksak bo‘lganki, birgina ustoz shogirdlik an'anasining o‘ziyoq ilmning jamiyatda o‘rnini oshirgan. Ustozlar o‘zlaridanda kuchliroq shogirdlar qoldirishga urinishgan. Shogirdlar esa ustozning nazariga tushishga oshiqishib, bu nazardan qolishni og‘ir musibat deb bilishgan.

Birgina misol: Mirzo Ulug‘bekning Alouddin Ali ibn Muhammad Ali Qushchi ismli shogirdi bo‘lib, u yigit Ulug‘bek saroyidagi Muhammad ismli ovchi qushlarga qarovchi oddiy xizmatkor odamning o‘g‘li bo‘lgan. Muhammad vafotidan keyin yetim bo‘lib qolgan  bu norasidaga Mirzo Ulug‘bek bobomiz bor mehrini berib ilm o‘rgatdi. Ulug‘bek vafotidan keyin uning asarlari xavf ostida qolganda, Samarqand yaqinidagi Hazrati Bashir qishlog‘iga olib borib asrab qolgan ham, uning asarlarini butun dunyoga ma'lum va mashhur bo‘lishida ham Ali Qushchining xizmati beqiyos bo‘lgan. Xulosa qilib aytish mumkinki, ixlos bilan ilm o‘rgatish uchun bosilgan har bir qadam uchun ham, ilm istab bosilgan har bir qadam uchun ham, shaxs va jamiyat hayoti ulug‘ muvaffaqiyatlarga erishar ekan.

 Alloh taolo aziz yurtimizdan ko‘plab sohalarda butun dunyoga muallimlik qilgan buyuk ajdodlarimizning munosib izdoshlari yetishib chiqishini nasib aylasin!     

 Manbalar asosida Samarqand shahar “Lohutiy” jome masjidi imom xatibi O‘TKIR  UMIRQULOV tayyorladi.


Kiritilgan vaqti: 10/10/2019 14:30;   Ko‘rilganligi: 2202
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/kitob-va-ilmga-muhabbat-qoyishning-fazli
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 20:52
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing