O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

KASBU-HUNAR QILMOQLIK FAZILATLARI

 
 

Sog‘lom, ishga yaroqli inson kasb egallashi, mehnat qilishi kerak. Chunki har bir musulmon kishi o‘zining, bola-chaqasining rizqi ro‘zini halol va fidoyi mehnatlari bilan qilmog‘i farz amallardan hisoblanadi.

Kasb-korning yaxshi-yomoni, katta-kichigi bo‘lmaydi. Gap egallagan kasb-hunarni e'zozlashda, qadrlashda, siru asrorlarini, ya'ni ko‘zini yaxshi bilib bajarishdadir.

Har qanday kasbda halol mehnat qilib pul topishning uyati yo‘q. Elimizda oddiygina kasb orqasidan hayoti farovon bo‘lib o‘tayotgan, obro‘-e'tibori tobora yuksalayotgan odamlar oz emas. O‘z kasbining ustalarini ishi tushib izlovchilar, so‘rovchilar ko‘p.

Dehqonchilik qilishda ham o‘zining sirlari bor. “Yer ilmi” deyishadi uni. Ana shu ilmdan, tajribadan xabardorlarning ishi unumli, barakali bo‘ladi. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, hammani ham mehnatsevar, kasb-korning yoqasini mahkam tutgan kishilar deb aytish qiyin. Hatto o‘zining tomorqasiga ham yaxshiroq, ishlamaydiganlar borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Dangasalik yomon illat. “Bekordan Xudo bezor” degani bejizga aytilmaganda.

Muqaddas dinimizda har bir ishga yaroqli, sog‘lom insonning kasb-kor qilmoqligi buyurilgan va ibodat darajasiga ko‘tarilgan. O‘tgan Payg‘ambarlarning barchasi Payg‘ambar bo‘lishdan oldin ham, keyin ham kasb-kor bilan shug‘ullanishgan. Masalan, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam yoshlik chog‘larida Makka ahlining qo‘ylarini boqqanligi, tijorat bilan shug‘ullanganligi malum. Ibrohim alayhissalom mato to‘quvchi, Zakariyo alayhissalom duradgor, Dovud alayhissalom temirchi bo‘lganlar.

Zamonning taraqqiyoti, insonlarning farovonligi ilmu hunarga nechog‘lik bog‘liqligi tushunarli holdir. Alloh taolo O‘zining kalomida shunday marhamat qiladi:

Agar Alloh bandalariga rizqni keng-mo‘l qilib qo‘ysa, albatta, ular yer yuzida haddan oshib, tug‘yonga keturlar. Lekin, U rizqu ro‘zni O‘zi xohlaganicha o‘lchov bilan tushiradi. Albatta, U O‘z bandalaridan Xabardor va ularni Ko‘rib turguvchidir ("Shuuro" surasi, 27- oyati).

Ya'ni, agar bandalarini kasbsiz rizqlantirganda edi, ular bekor bo‘lib fisqu fujur qilardi. Lekin ularni kasb bilan mashg‘ul qildiki, fasod kilmaslik uchun Alloh taolo hunarli mo‘minni sevadi, sog‘lom bekorchini sevmas. Bandam, qo‘lingni qimirlat, senga rizq nozil qilaman, degan. Bir insonning daraxt ekkanligi yoki yerga urug‘ qadaganligi ham ulug‘ kasbdir. Kasblarning eng yaxshisi esa haloldan bo‘lganidir.

Kasb qilmoqlikning fazilatlari juda ko‘p. Yoshlarimizni mehnatsevarlikka, kasb-hunar egallashiga, obodonchilik ishlariga ko‘proq o‘rgataylik.       

 

Abdug‘ani ABIYEV - Qo‘shrabot tuman “Domla Omonullo Oxun“ jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 24/09/2019 12:56;   Ko‘rilganligi: 1627
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/kasbu-hunar-qilmoqlik-fazilatlari
Chop etilgan vaqti: 21/02/2024 04:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing