O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Ilmning mohiyati va uning inson hayotidagi ahamiyati

 
 

“Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q , va hechqachon bo‘lmagay”

Imom Buxoriy

Biz ilm haqida, uning mohiyati xususida so‘z yuritishdan oldin, ilm olguvchi shaxsning mohiyati haqida suhbalashib olsak. Chunki ilm ushbu shaxsni komillikka yetkazish uchun taqdim etilgan ilohiy in'omdir.

Inson kim ekanini bilamizmi? Inson Alloh taolo yaratgan maxluqotlari orasida eng oliysi bo‘lib, aql bilan siylangandir. Yer yuzidagi barcha narsalar unga xizmat qilish uchun buysundirib qo‘yilgan va u barcha narsalardan afzal etilgan va butun zamin, obod etsin deb, insonning qo‘liga topshirilgan. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”.

Insonning borlig‘i jism va ruhdan tashkil topgan. Kishi ushbu ikki unsur uchun berilgan ne'matlar ichida yashaydi. Jismoniy ne'matlar sihat-salomatlik, yaxshi taom, chiroyli libos, farovon turmush kabilardan iborat bo‘lib, bu ne'matlar barcha bandalarga barobar berilaveradigan narsalardir.Ruhoniy yoki ma'naviy ne'matlar imon, axloq, insofu-tavfiq kabi ijobiy sifatlardan iborat bo‘lib, bu ne'matlar faqat Alloh taoloning inoyatiga musharraf bo‘lgan bandalarigagina nasib bo‘ladi. Bu inoyatga bizni eltuvchi yagona vosita esa haqiqiy asosga tayangan ilmdir.

Alloh insonni aql va idrokda butun maxluqlaridan mukarram aylab, unga Yerdagi hamma narsani bo‘ysundirib qo‘ydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadisi shariflarida:

“Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir” – degan ekanlar.

Inson vujudidagi moddiy tarafni isloh qilish bilan birgalikda ma'naviy jihatni ham yoddan chiqarmasligi lozim.Agar moddiy tomon ma'naviy tomondan ustunlik qilsa, kishi haqiqatni anglamay qoladi, farosat, aql-idrok ko‘zi berkiladi va ma'naviy xastalikka uchraydi. Bu xastalikni davolashning birdan-bir yo‘li esa tarbiya chashmalaridan qonib suv ichish, ya'ni mustahkam bilimga suyanish, ularni o‘rganib,qat'iy amal qilishdir.

Yuqorida zikr etilgan insoniylik mohiyatiga munosib bo‘lish uchun kishining tabiiy aqli qosirlik qilib qolishi mumkin. Shuning e'tiboridan aqlni sayqallash, ruhni buhronlardan himoya qilish, ma'naviy yuksaltirish uchun ilm vositasidan foydalanishga buyurilganmiz. Ilm ma'naviyatning muhim tarkibiy qismlaridan bo‘lib insonni kamolotga yetaklaydi, unga hurmat va e'tibor keltiradi. Bilimli kishilar samarali ijodiy va ilmiy ishlari bilan el orasida hurmat topadilar, jamiyatning rivojlanishiga hissa, xalqining va vatanining obro‘siga obro‘ qo‘shdilar.

Imom Buxoriy bobomizning shoh asari, Qur'oni karimdan keyingi ikkinchi manba sifatida ko‘riluvchi “Suhihul Buxoriy” asarining “Ilm kitobi” qismi birinchi bobi “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur”(Mujodala surasi, 11 oyat) oyati bilan boshlagan bo‘lib, mazkur oyatda imon so‘zi ilmdan muqaddam keltirilgan. Bu esa imon va ilm bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligi, ilm olishdan maqsad jamiyatning taraqqiyoti va oxirat saodati ekani, imonsiz ilm esa insoniyatga zarardan boshqa narsa keltirmasligi bayon qilingan.

“Ilm” so‘zi lug‘atda “bilish, anglab, tushuncha hosil qilish, bir narsaning haqiqatini, mohiyatini bilish” kabi ma'nolarni anglatadi. Shuning uchun Islom ulamolari ilmga “haqiqatni xuddi voqelikdagidek idrok qilish ilmdir” deb ta'rif berishgan. Buning ma'nosi shuki, olingan ma'lumot bir narsaning asl mohiyatini to‘g‘ri anglatsagina, undan dunyo va oxiratimizga manfaat hosil bo‘lsagina chinakam ilm hisoblanadi.

Kishilik hayotini ilmsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qur'oni karimda ilm so‘zi va uning shakldoshlari 811 joyda zikr qilingan. Bu esa Alloh taoloning nazdida ilmning naqadar muhimligini ko‘rsatadi.

Ilm – eng fazilatli amaldir, chunki u ikki dunyo saodatining kalitidir. Inson ilm va ma'rifat bilangina chinakam hayotdir. Insonning hayotini to‘g‘ri yo‘lga solmagan, uning fe'l-atvorida, amalida ta'siri bilinmagan, to‘g‘ri yo‘lga yetaklamagan ilmda yaxshilik, xayr-baraka yo‘qdir. Shuning uchun o‘rganilgan emas, amal qilingan ilm haqiqiy ilm sanaladi. O‘qigan, bilganigaamalqilmagan odam builmninghammolibo‘ladi, xolos. ShuninguchunPayg‘ambarimizsollallohualayhivasallammanfaatsizilmdanpanohso‘raganlar.

Ilm insonlarga dunyo va oxiratda eng to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchidur. U tolibi ilmni saxiy, juvonmard, kamtarin, jur'atli, shikastadil, iffatli bo‘lish baxtiga erishtiradi. Baxillik, qizg‘anchiqlik, qo‘rqoq va jur'atsizlik, manmanlik, isrofgarchilik kabi yomon axloqlardan o‘zini saqlab, kishilar ko‘rganlarida suhbatiga oshiqadigan go‘zal hulq egasi bo‘lib kamol topishiga sabab bo‘ladi. Ilm insonga nima foyda-yu, nima zarar ekanini bildiradi. Inson orzu maqsadlariga ilm orqali yetishadi.

Kishining bilim olishi, salohiyatli fuqaro bo‘lib ulg‘ayishi, el-yurt manfaati uchun xizmat qilishi va ilm fan taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishi hamma zamonlarda dolzarb sanalgan masalalardan hisoblanadi.

Qaysiki bir jamiyat ilm yo‘lidan borib, uning vositalarini to‘g‘ri tanlagan holda taraqqiyotini qurgan bo‘lsa, yuksak cho‘qqilarga erishgan. Bunga zamonaviy dunyo guvohdir.


Kiritilgan vaqti: 24/03/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 71026
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/ilmning-mohiyati-va-uning-inson-hayotidagi-ahamiyati
Chop etilgan vaqti: 26/02/2024 10:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing