Ilm olishdan ko‘zlangan maqsadlar
Olgan ilmlarimiz bebaho boylikkina bo‘lib qolmay, o‘z navbatida zimmamizga ko‘plab mas'uliyatlar yuklaydi. Endi biz bilimimizdan avvalo o‘zimiz foyda ko‘rishimiz va boshqalarga ham manfaat yetkazishimiz kerak.
Ilm olishda avvalo niyatni xolis qilish, yo‘nalishni to‘g‘ri tanlash, milliy va diniy qadriyatlar bilan ma'naviyatni sayqallab borish har bir tolibi ilm uchun zaruriy bo‘lgan ishdir. Shu orqali ilmning barakasi va fazilati kishida namoyon bo‘ladi.
Bu haqda Imom G‘azzoliy shunday degan: “Bilgilki, niyat, xohish va maqsad bitta ma'noni ifoda etuvchi iboralardir. Ularning barchasi qalbga bog‘liq holat va sifatlar bo‘lib, ilm o‘rganish va unga amal qilishgina ularni mustahkam himoya ostida ushlab turadi”. G‘azzoliy ushbu iborasi bilan ilm o‘rganib uni yaxshiliklarga ishlatsak qalbimizdagi niyat, xohish va istaklarimiz ham shunga monand bo‘lib, yaxshiliklarga yo‘nalishini tushuntirmoqda. Agar qalbimizda ma'rifat nuri bo‘lmasa, nafsimiz aqlimizdan g‘olib kelib, niyatimizni ham egrilik sari boshlar ekan.
Bilganimizni yaxshiliklarga ishlatmas ekanmiz, bu bilimdan hech kimga foyda yo‘q. Chunki ilmning mevasi – unga amal qilishdir. Manfaatli ilm o‘z egasining yuzida nur bo‘lib porlaydi, qalbini poklaydi, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi, boshqalar bilan go‘zal munosabat o‘rnatishiga ko‘maklashadi. Buyuk sahobalardan Abu Dardo roziyallohu anhu: “Ilmga amal qilmaguningcha olim bo‘lmaysan”, degan.
Agar ilmni puxta egallashni maqsad qilgan bo‘lsak, bunga faqatgina o‘qish va yodlashning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki ilm olish odoblariga rioya qilish va turli behuda, bema'ni, gunoh sanaluvchi ishlardan ham yiroqda bo‘lishimiz lozim. Bu esa ilm barakasining bizga yetishi va uning nuri bilan qalbimiz munavvar bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Chunki behuda va gunoh ishlar qalbga zulmat olib kiradi, zulmat qalbda esa ilm nuri uchun o‘rin yo‘qdir.
Ilm binosining moviy gumbazlari bo‘lgan ulamolarimiz ilm olish, uni yodlab qolish, qalbga munosib o‘rnatish va unutmaslik yo‘lidagi asosiy ish – behuda va gunoh ishlarni tark qilish deb bilganlar. Quyida ular tomonidan aytib o‘tilgan ayrim iboralarni keltiramiz:
“Ilmni o‘zlashtirishni xohlasang gunoh qilma”;
“Kishining olgan ilmini unutishiga qilgan xatosi sababdir”;
“Men ustozimga zehnimning yomonligidan shikoyat qilgandim, u menga gunohlarni tark etishimni buyurdi”.
Yuqoridagi har uchta iborada ham ilm olish va uni yodda saqlab qolishdagi muhim jihat noto‘g‘ri va gunoh ishlardan uzoqda bo‘lish ekani ravshan bo‘lmoqda.
Dilmurod BEKTAMISHOV - Narpay tuman bosh imom-xatibi, "Naqshbandiy" jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 16/12/2019 11:20; Ko‘rilganligi: 2321
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 12:31