Ilm dunyoda azizlik, oxiratda esa sharafdir
Ilmga qo‘ygan ilk qadamimizni yodga olaylik. Ya'ni aynan o‘qish va yozishni o‘rganishga kirishgan vaqtimiz nazarda tutilmoqda. Bu holat hammada har xil kechgan bo‘lishi mumkin. Kimdir uyda ota-onasi yoki aka-opalaridan o‘rganishni boshlaydi, yana kimdir bog‘chada ilk ta'limotlarini oladi, kim uchundir bu jarayon maktabda boshlanadi. Pokiza bolalik qalbimizga ilk ilm ma'rifatlari kirgan chog‘lar hayotdagi unutilmas damlardir. Balki o‘sha paytlardan ilmning mohiyati, inson hayotida tutgan o‘rni haqida tushunchalarga ega bo‘la boshlagandirmiz.
Ilmning kishilik jamiyati orasida muhim ahamiyat kasb etishi hech kimga sir emas. Chunki ilm bir nur bo‘lib, u bilan nodonlik zulmatlari tarqaydi. Har bir narsaning asosi u va ilm sababli aql turli kishanlardan xalos bo‘ladi. Biz biror bir ishga kirishaylik deylik. Uni amalga oshirish uchun shunga doir bilimlarga ega bo‘lmasdan turib, maqsadimizni amalga oshira olmaymiz. Ilm – har bir narsaning o‘q tomiridir.
Ilm jamiyatning taraqqiy topishi, kishilarning hayot so‘qmoqlarida hamisha oliyliklarga yetishlari, inson qadrini yuksalishi uchun eng afzal vositadir. Biz har birimiz ilm olishga, tafakkur yuritishga, ma'rifat bilan hamnafas bo‘lishga mas'ulmiz.
Alloh taolo yaxshi, xayrli ishlarni qilib o‘tgan bandalariga “jannat” degan faqat huzur va halovatda bo‘linadigan bir joyni yaratib qo‘ygan. Unga yetishning eng oson yo‘llaridan biri ilm o‘rganishdir. Bu haqda hadisi shariflarda shunday deyilgan: “Kim ilm talab qilish yo‘lini tutsa, Alloh taolo uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi”.
Muqaddas islom dini har bir kishini ilmli, kasb-korli bo‘lishga chorlaydi. O‘qimishli, yaxshi bir ishning boshini tutgan kishilar jamiyat uchun hamisha foyda keltirganlar. Bilim yoki hunarga ega kishilar muhtojlik, o‘zgalarga mutelikdan xalos bo‘ladilar.
“Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, hadisiga diqqat bilan e'tibor beraylik. Bu yerda har bir musulmon kishi ilm o‘rganishga majbur ekani ta'kidlanmoqda. Negaki ilmsiz jamiyat taraqqiy etishdan ortda qoladi va qaramlik eshigini ochishga majbur bo‘ladi. Kasb-kor egallash ham ilm olish bilan barobardir. Hadisda “Kasbu hunar istash har bir musulmon zimmasiga farzdir” (Tabaroniy rivoyati) deyilgan. Shu o‘rinda “Farz” deyilganda Xudo tomonidan buyurilgan amallarga aytilishini eslatib o‘tish o‘rinlidir.
Ilmning ahamiyati haqida so‘z yuritilganda Imom Buxoriy bobomizning “Sahihul Buxoriy” asarini yodga olmaslikning iloji yo‘qdir. Asarda ilm haqida alohida bob ochilgan bo‘lib, “Kitobul ilm” deya nom berilgan. Unda 70 dan ziyod ilm va uning fazilatlari, ilmli kishilarning darajalari haqida eng sahih hadislar to‘plangan. Ular orasidan ushbu hadisga e'tibor qaratamiz: “Alloh taolo kimgaki yaxshilikni xohlasa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi” (ya'ni, din ilmlarini o‘rganib, to‘g‘ri tushunib, amal qiladigan qilib qo‘yadi). Din bu hayot, bizni hamisha to‘g‘rilik uzra ushlab turuvchi qonuniyatlar majmuidir. Hadisdan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan jihatlardan biri shuki, agar bizga ham yaxshiliklar bo‘lishini xohlasak foydali ilmlarni puxta o‘rganishimiz lozimdir.
Navbatdagi hadisni o‘rganishga o‘tamiz: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo men orqali yuborgan hidoyat va ilmning misoli yerga yoqqan yomg‘ir kabidir. Yerning ba'zi joyi yaxshi ekan, suvni qabul qilib, ko‘plab nabotot va o‘simliklarni o‘stiribdi. Uning ba'zi joylari qattiq ekan, suvni tutib qolibdi. Bas, u bilan Alloh odamlarga manfaat beribdi. Ular undan ichibdilar, sug‘oribdilar va ekin ekibdilar. Yerning ba'zi joylari silliq ekan. Suv tutmas va ekin ham o‘stirmas ekan. Ana o‘sha xuddi Allohning dinida faqih bo‘lgan kishiga o‘xshaydi. Alloh men ila yuborgan narsa unga manfaat beribdi. O‘zgalarga o‘rgatibdi. Boshqasi o‘sha narsaga e'tibor bermagan kishiga o‘xshaydi. Yana biri esa, men ila yuborilgan Allohning hidoyatini qabul qilmagan odamga o‘xshaydi”, dedilar”(Buxoriy rivoyati)
Ushbu hadis ustida bir fikr yuritaylik. Osmondan yoqqan yomg‘ir o‘lik yerlarni tiriltirganidek,haqiqiy ilm va ko‘rsatmalar o‘lik qalblarni tiriltiradi. So‘ngra hadisda eshituvchilar yomg‘ir yoqqan har xil yerlarga o‘xshatilmoqda. Ularning ba'zilarini ilmga amal qiladigan olim hamda muallim, xuddi unumdor yer o‘rnida ko‘rilmoqda. Suvni ichadi, o‘zi foydalanadi va o‘simliklar o‘stirib boshqalarga ham foyda keltiradi. Ba'zilari esa zamonasidagi barcha ilmlarni egallaydi, lekin unga amal qilmaydi yoki unga muvofiq hayot kechirmaydi. Boshqalarga esa yetkazadi. Bu kishilar suvni o‘zida saqlab qolib odamlar undagi suvdan foydalanayotgan yerga o‘xshaydi. Uchinchi toifa esa ilm olmaydi va atrofdagilarga manfaat ham yetkazmaydi.
Albatta, ilm yo‘lida yurib, o‘ziga ham o‘zgalarga ham manfaat yetkazgan kishi bilan bilimsizlik zulmatlari ichida yurishga rozi bo‘lgan kishi orasida katta farq bor.
Farishtalar haqida bilamiz, albatta. Ular Alloh taoloning nihoyatda itoatli, hech bir gunohsiz, nurdan yaratilgan, bizning ko‘zimizga ko‘rinmaydigan bandalaridir. Doim Alloh taoloning buyurgan ishlarini qiladilar va uning buyrug‘idan aslo chiqmaydilar.Shuning uchun ham o‘zgaga ozor bermaydigan pokiza kishilar “farishtadek”, deb ta'riflanadi. Bu haqda so‘z ochganimizning sababi shuki ilm yo‘lida yurganlarning poyiga ana shu farishtalar qanotlarini yozib turadilar. Gapimizning tasdig‘i sifatida “Maloikalar tolibi ilmning qilgan ishidan mamnun bo‘lib unga qanotlarini yozadilar” (Imom Ahmad Ibn Hibbon va Hokimlar rivoyati) hadisini keltirishimiz kifoyadir.
Kiritilgan vaqti: 24/03/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 18448
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 12:10