O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Go‘zal xulq-dunyo va oxiratdagi saodatdir!

 
 

Insonnig tashqi ko‘rinishi go‘zal bo‘lgani kabi uning ichki ko‘rinishi ham shunchalik go‘zal bo‘lishi muhimdir.Alloh taolo kalomi  Qur'oni karimda:

“Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik”, deb marhamat qilgan.

Demak  inson shu go‘zal suratda qolishga harakat qilib yashashi kerak. Buning uchun u husni xulq egasi bo‘lishi zarur. Husni-xulq o‘zi nima? Va uni qayerdan hosil qilish mumkin? Albatta, husni-xulq sohibi bo‘lish uchun barcha go‘zal odob-axloqlar sohibi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vassallamning xulqi va odoblarini o‘rganish maqsadga muvofiqdir.

Alloh taolo u zotning xulqlarini maqtab: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” – dedi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham muborak hadislarida shunga ishora qilib, “Aslida, men oliyjanob xulqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborilgandirman”, deya marhamat qilgan edilar

Shunday ekan, har bir musulmon bandasiga payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlari haqida chuqur bilimga ega bo‘lishlari lozim bo‘ladi. Har bir amalning asosida ilm bo‘lganidek, husni xulq egasi bo‘lishlikning ham zamirida ilm turadi. Kim agar ilm talabida bo‘lsa Alloh uni yaxshi ko‘radi va Alloh yaxshi ko‘rgan bandasini dinda faqih (bilimdon) qilib qo‘yadi.

Shulardan xulosa qilib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlari va sunnatlari yozilgan manbalarni qunt bilan o‘rganib, u zotning bebaho sunnatlariga amal qiladigan bo‘lsak, Alloh taoloning sevimli bandalaridan bo‘lishimiz, ya'ni faqih bo‘lishimiz, shu bilan birga husni-xulq egasi bo‘lishimiz mumkin ekan. Bundan tashqari ilm o‘rganishda e'tiborli bo‘lib, dunyo va oxiratda foydasi bor ilmlarni o‘rganishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Hasan Basriy rohmatullohi alayhi aytadi: “Odamlar, ilmni egallanglar va ilm olish uchun sokin, muloyim, viqorli bo‘linglar, ta'lim olayotgan va berayotganlarga tavozuli bo‘linglar. Olimlik bilan faxrlanmanglar, ahmoqlar bilan tortishmanglar va ilm bilan amirlarga aralashib ketmanglar. U bilan Allohning bandalaridan o‘zingizni baland tutmanglar, agar unday qilsangiz, Allohning g‘azabida qolgan, jahannamga yuztuban tashlanadigan zulmkor ulamolardan bo‘lib qolasizlar. Ilmning Allohga ibodatda xalal bermaydiganini talab qilinglar, shuningdek, Allohga ibodat qiling, ilmlaringizga zarar bermaydigan bo‘lsin. Ilm foyda bermaydi, magar yuqoridagi gaplarga amal qilinsagina foyda beradi. Ilmni tashlab, faqat ibodatga yuz tutgan qavmdek bo‘lmanglar. Ularning terilari badanlariga yopishib ketsa ham, odamlarni oldiga qilich bilan chiqadilar. Agar ular ilmni talab qilsalar edi, ilmlari qilgan ishlaridan to‘sgan bo‘lardi”.

Agar aytilganday foydali ilmlarni egallab, husni-xulqimiz bilan insonlarga o‘rnak bo‘lsak, ayniqsa hozirgi vaqtda hisobsiz, har-xil axborotlar qarshisida gangib qolgan yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshqarsak, musulmonlik burchimizni bajargan bo‘lamiz.

 Alloh taolo barchamizni sevimli payg‘ambarimizdek husni-xulq egasi bo‘lib va O‘zi yaxshi ko‘rganidek ilm sohibi bo‘lishligimizni nasib qilsin!.

Norqulov Abduvali - Pastdarg‘om tuman Bog‘onali jome masjidi imom noibi

 


Kiritilgan vaqti: 04/06/2020 10:16;   Ko‘rilganligi: 2134
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/gozal-xulq-dunyo-va-oxiratdagi-saodatdir
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 15:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing