O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Таълим-тарбия

Farzand tarbiyasi — mas'uliyat va ulug‘ sharaf

 
 

Muqaddas islom dini ta'limotida kishining farzand tarbiyasi, ahli oilasi ravnaqi, farovonligi, moddiy va ma'naviy kamoloti yo‘lida mehnat qilishi eng ulug‘ ajru savobli amallardan hisoblanadi. Shuningdek, o‘ta muhim amallardan hisoblanib, mas'uliyat ham yuklaydi. Farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanish ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritish deya ta'lim beradi.

Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo (s.a.v) o‘zlarining muborak hadislarining birida:  “Farzandlarni sevishlik do‘zaxdan pardadir, ular bilan birga dasturxon atrofida o‘tirib taomlanishlik do‘zaxdan omonlik xatidir”- deya marhamat qilganlar. Boshqa bir hadislarida: “Farzandlaringizni tez-tez o‘pib turinglar bas, sizlarning har bir o‘pichlaringiz jannatdan darajadir”, deb marhamat qilganlar. Sahobalardan Aqro' ibni Hobis (r.a) bir kuni Nabiy (s.a.v) ning nabiralari hazrati Hasan (r.a) ni tizzalariga olib, peshonasidan o‘pib, erkalatib o‘tirganlarini ko‘rib, yo Rasulalloh nabirangizni o‘payapsizmi? Meni o‘nta farzandim bor birortasini o‘pmagan ekanman deganida Nabiy (s.a.v) “Kimki rahm qilmasa unga ham rahm qilinmas”, deb javob bergan ekanlar.

Anas ibn Molik (r.a) dan rivoyat qilingan hadisda u kishi Rasulalloh (s.a.v) dan : “Yo Rasulalloh kishining oila davrasida ahli ayoli, farzandlari bilan o‘tirishi yaxshimi yoki masjidda o‘tirishimi? — deb so‘radim. Rasuli akram (s.a.v): “Kishining bir soat ahli oilasi, farzandlari davrasida o‘tirishi mening mana bu masjidimda e'tikof o‘tirishidan ko‘ra yaxshidir”, dedilar. Hazrati Anas ibni Molik (r.a): “Yo Rasulalloh (s.a.v) kishining ahli oilasiga nafaqa qilishi yaxshimi siz uchun yoki Alloh yo‘liga nafaqa qilishimi?”, deb so‘radim. Rasululloh (s.a.v)  “Kishining ahli oilasi uchun bir dirham (kumush tanga) infoq qilishi men uchun yaxshidir Alloh yo‘liga bir dinor (oltin tanga) infoq qilmoqligidan”, deb javob berdilar. Mo‘min musulmon kishining ahli oilasi nafaqasi uchun qiladigan mehnatlariga naqadar ulug‘ ajru savob olishi haqidagi xabarni quyidagi hadisdan ham bilib olsak bo‘ladi.  Manba'ul odob va Ihyoda keltirilishicha, suyukli Payg‘ambarimiz Muxammad Mustafo (s.a.v): “Ahli ayol xizmati Robbi taoloning g‘azabini o‘chiradi, hasanot va darajotni ziyoda qiladi. Nafaqai ahli ayol jannatdagi hurul iynga mahrdir. Kishi modomiki ahli oilasini xizmatini qilar ekan uning nomini Alloh taolo  shahidlar devoniga yozadi. Alloh taolo u uchun ahli oilasiga xizmat qilgan har bir kecha  va kunduziga mingta shahidlik savobini beradi. U bandasining har bir bosgan qadami uchun bir haj va bir umrani savobini beradi. Alloh taolo uning tanasidagi tomirlari adadicha jannatdan shahar ato etadi”. Payg‘ambarimiz (s.a.v) yana shunday marhamat qilganlar: “Qaysiki mo‘min banda  xotiniga uy ro‘zg‘or ishlarida yordam berar ekan Alloh taolo u uchun Ayyub, Dovud va Yaqub alayhumussalomlar savobini ato etadi”.

Anas ibn Molik (r.a) dan rivoyat qilinadi:  Yoshi ulug‘ bir kishi yosh go‘dagi bilan Nabiy (s.a.v) ning huzurlariga kelib turar edi. Taqdir ekan farzandi vafot etdi. Shundan so‘ng u kishi Rasulullohni huzurlariga kelmay qo‘ydi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) u kishi haqida so‘radilar. Sahobalar “sizni oldingizga olib kelib turgan farzandi vafot etgan. Shu sabab kelmay qo‘ydi”, deb javob berdilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v) “Nega menga bu haqda xabar bermadilaringiz, yuringlar birodarimizni holidan xabar olib, unga ta'ziya izhor qilaylik”, dedilar. Nabiy (s.a.v) sahobalar bilan borganlarida haligi kishi mahzun holatda “Yo Rasulalloh (s.a.v) farzandimdan umidim katta edi. Qarigan chog‘imda menga suyanchiq bo‘ladi deb umid qilgan edim”, deb ko‘ziga yosh olib kutib oldi. Rasululloh (s.a.v) “Qiyomat qoim bo‘lganida Alloh taolo farzandingizga “jannatga kir”, deydi. Farzandingiz “ota-onamchi ular kirmaydilarmi”, deydi. Yana bir bora jannatga kir deyilganda ota-onamchi deydi. Uchinchi marta aytilganida jannatga ota-onasiz kirishdan bosh tortadi. Shunda Alloh taolo sizlarni birgalikda jannatga kirishga izn beradi. Farzand ota-onasini shafoat qilib, jannatga qo‘lidan tutib olib kiradi bu sizni xursand qilmaydimi”, dedilar. Shunda uning yuzidagi xafalik ketdi”. Demak, farzandlarimiz bizga bu dunyo va oxiratda foydasi tegadigan ulug‘ ne'mat ekan ularning qadriga yetib, chiroyli tarbiya berish biz ota-onalarni zimmamizdagi buyuk bir mas'uliyat hisoblanadi.

 M.Abduxoliqov - Payariq tumani  bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 03/07/2020 14:46;   Ko‘rilganligi: 112
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/eductaion/farzand-tarbiyasi-masuliyat-va-ulug-sharaf
Chop etilgan vaqti: 12/08/2020 02:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing