O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

DUO MO‘MINGA NAJOTDIR

 
 

“Duo” so‘zi yolvorish, yordam so‘rash, chaqirish ma’nolarini anglatadi.

Xattobiy uning istilohiy ma’nosi haqida bunday degan: “Duo bandaning Robbisidan inoyat, yordam so‘rashi, Unga muhtojligini izhor qilishi, o‘zining ojizligini tan olishidir. Duo bandalikni belgisi, bashariy ojizlikning ko‘rinishidir. Duoda Alloh taologa hamdu sano aytiladi,Uning karamli, marhamatli Zot ekaniga iqror bo‘linadi”.

Qur’oni karimda duo qilish haqida bir necha oyatlar bor:

“Ayting: agar rostgo‘y bo‘lsangiz, o‘yladingizmi, agar sizlarga Allohning azobi kelsa yoki sizlarga qiyomat kelsa, Allohdan o‘zgaga iltijo qilgan bo‘larmidingiz?”(An’om, 40)

“Robbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U (duoda va boshqada ) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A’rof, 55)

Darhaqiqat Alloh taolo duoda haddan oshuvchi kimsalarni yoqtirmaydi. Odamlar ko‘rsin yoki eshitsin deb uzun, qofiyali duo qilish, unda faqat dunyosini so‘rash duoda haddan oshishdir. Duo uzun va qofiyali emas, balki, jamlovchi bo‘lishi lozim.

Eng afzal duo Qur’oni karim va sunnatda kelgan duolardir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning “Baqara” surasidagi 201-oyatda kelgan duoni ko‘p takrorlar edilar va boshqalarni ham shu duoni qilishga chaqirardilar. Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng ko‘p aytadigan duolari: “Allohumma robbana atina fid dunya hasanah va fil axiroti hasanah vaqina azabannar” (“Yo Alloh, Robbimiz bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, va oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin”) duosi edi. (Imom Ahmad rivoyati)

Duo ibodatdir. Bu borada Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam “Duo ayni ibodatdir”, deb marhamat qilganlar. Alloh taolo duo qilishni bandalariga buyurgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa bu narsani o‘zlari qilib, biz ummatlariga ham qilishni targ‘ib qilganlar.

Qanchadan-qancha qiyinchiliklar, musibatlar duo tufayli arigan. Agar kimiki duo qilishni “shuncha duo qildim ijobat bo‘lmayapti” degan xomhayol bilan tark qilgan bo‘lsa, juda ko‘p yaxshiliklardan mahrum bo‘libdi. Duo qilishimiz kerak ekan deb, bugungi kunda ba’zi odamlar o‘zlarini fidoyi ko‘rsatish uchunmi yoki boshqa sababmi: “Uning o‘rniga mening jonimni ol” yoki “Unga dard berguncha menga bergin o‘sha dardni” va shunga o‘xshash iboralarni ko‘p ishlatishadi. Bu gaplarni eshitganlarga, balki, bu fidoyilikdek tuyular, lekin unutmaylikki bu duo. So‘rayotgan odam do‘stidan yo qarindoshidan “falon narsa o‘rniga falon narsangni berib tur” deb so‘rayotgan bo‘lsa koshki edi. Ammo iltijo qilinayotgan Zot osmonlaru-erni va undagi barcha mavjudotu-maxluqotni yaratuvchisi bo‘lmish Alloh-ku. “Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman.” (Baqara, 186) deb marhamat qilgan Zotdan tilaklar shu tarzda tilanadimi? Yuqorida zikr qilinganidek bu duodagi haddan oshishlik emasmi? Afsuski bu paytda na duoda savob bor va na duo qiluvchi insonning qalbiga taskin. Ijobat bo‘lganda esa natijasi yomon…

Duo qilishning ham o‘ziga yarasha odoblari bor. Duoni Alloh taologa hamd, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytish bilan boshlab, yana shunday tugatish kerak va duoda yuqorida aytilganidek faqat dunyo yaxshiliklarini emas, balki, oxirat yaxshiliklarini ham so‘rash darkor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh azza va jallaga duodan ko‘ra suyukliroq narsa yo‘q” deganlar. (Imom Ahmad va Termiziy rivoyati).

Duo qilinayotgan paytda Alloh taoloning go‘zal ismlarini takror-takror aytish lozim. Duo qabul bo‘lishi uchun esa inson luqmasi halolligiga e’tiborli bo‘lishi kerak. Inson duo uchun sharafli vaqtlarni, ya’ni, Arafa kunini, Ramazon oyini, Jum’a kunini, sahar vaqtlarini g‘animat bilishi va yana duo uchun sharafli holatlarda: namozlardan so‘ng, azon va iqomat o‘rtasida, ro‘za tutgan holda duo qilishi zarur.

Mo‘min banda dunyo deb oxiratni esidan chiqarib qo‘ymaganidek, oxirat deb dunyoni ham esidan chiqarib qo‘ymaydi. Balki ikki dunyoda ham nasibasini oladi. Hikmatlarda aytilganidek: “Dunyo oxirat ekinzoridir.”

Duoni faqat o‘zimiz uchun emas, balki, hamma uchun, ona Vatanimizni bundanda ravnaq topib, gullab-yashnashi uchun, Alloh taolo barcha yomonliklardan barchamizni asrab, hammamizga dunyo va oxirat yaxshiliklarini ato qilishi uchun qilishimiz lozimu lobuddir.


Kiritilgan vaqti: 19/03/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 5517
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/duo-mominga-najotdir
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 22:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing