Dunyoda mehmonmiz
Aziz qilib yaratgandir Alloh odamni,
Shuning uchun o‘ylab bosgin har bir qadamni.
Savob bilan bezab yasha hayotlik damni,
Sinov uchun berilgandir bizlarga imkon,
Unutmaylik, bu dunyoda hammamiz mehmon.
Azizligin kimdir saqlar, kimdir saqlamas,
Yegan nonin kimdir oqlar, kimdir oqlamas.
Do‘zaxlarda yonmoqlikni hech kim xohlamas,
Jannat tomon olib borar ishonchu imon,
Unutmaylik, bu dunyoda hammamiz mehmon.
Tark aylama mehmonchilik odoblarini,
O‘qib chiqqin odamiylik kitoblarini.
Borib ko‘rgin g‘amgin, dardman – betoblarini,
G‘animatdir har soniya insonga inson,
Unutmaylik, bu dunyoda hammamiz mehmon.
Kimdir o‘tdi izzat topib hayotda shodon,
Kimdir o‘tdi nomi kazzob, hayosiz, nodon.
Imon bilan ketmoqlikni so‘rang Xudodan,
Gunohlardan tavba qiling chiqmasidan jon,
Unutmaylik, bu dunyoda hammamiz mehmon.
Ey Boqoniy, kimga zulm qilgan bo‘lsang, bas,
Uzr so‘rab roziligin olgin, iltimos.
Mo‘minlarga yarashmaydi kibru havo, nafs,
Oxiratda o‘rnatilar adolat, mezon,
Unutmaylik, bu dunyoda hammamiz mehmon.
Yaxshiligu e’zozlarga, to‘lib ketaylik,
Mehmonmizmi, mehmondayin bo‘lib ketaylik.
Yig‘lab keldik, ketar chog‘i kulib ketaylik,
Navbat kelib fursat yetsa kutmaydi bir on,
Unutmaylik, bu dunyoda hammamiz mehmon.
Kiritilgan vaqti: 29/12/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3149
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 16:01