DUNYO DINLARI TA’LIMOTIDA TABIAT MUHOFAZASI
XX asrning ikkinchi yarmida insoniyat avvalgilardan farqli ko‘rinishdagi muammolar bilan to‘qnash kelgani sir emas. Endilikda ularning ta’siridan qutilish va bu borada turli yechimlar topish asrimizning eng dolzarb masalasiga aylandi. XX asrning birinchi yarmida ko‘p asrlar mobaynida davom etib kelgan davlatlararo va fuqarolik urushlariga barham berib, azaliy orzu – tinchlikka erishish insoniyat uchun birlamchi maqsad hisoblangan bo‘lsa, ikkinchi jahon urushidan so‘ng aholi tabiiy o‘sishining yuqori darajasi saqlanib qolishi, fan va texnika yutuqlaridan tor manfaatlar yo‘lida foydalanish ortidan iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy muammolarni tug‘ilishi bilan bir vaqtda qator mintaqalarda murakkab ekologik vaziyatning vujudga kelishi masalani yanada chigallashtirib yubordi. Buning oqibatida kishilarning yashash tarzi, sihat-salomatligi va ijtimoiy-madaniy hayotida tub o‘zgarishlar kuzatila boshlandi. Xullas, sotsiologlar ta’biri bilan aytganda, insoniyat “hozir hatto, so‘nggi ikki yuz yilliklar standarti bo‘yicha qaralgan vaqtda ham, undan ko‘ra og‘irroq dramatik ijtimoiy o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda” [2: 753].
Din ijtimoiy hayotda konservativ kuch sifatida ham, progressiv kuch sifatida ham muayyan rol o‘ynashi tabiiy. Tan olish lozimki, ba’zi davrlarda diniy qarashlar va amaliyotlarning ko‘pchilik shakllari o‘zgarishlar yo‘lida to‘siq bo‘lib qolganiga qaramay, diniy e’tiqodlar – qadriyatlar ko‘pincha jamiyatda o‘zgarishlar yaratish uchun yordam bergan.
Bugungi kunda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi muhim jihatlardan yana biri global ekologik muammolar, atrof-muhitni ifloslanishi va ijtimoiy hayotga ta’siri masalasini o‘rganib chiqqan holda ularni bartaraf etish yo‘llarini axtarish hisoblanadi. Chunki, so‘nggi ikki asr ichida Yer yuzining aksariyat mamlakatlarida sanoatlashuv jarayonini jadallashib ketishi atrof-muhitning ahvoli tobora dahshatli ravishda yomonlashishiga olib bordi. Buning oqibatida, ayni asrda insoniyat iqlim o‘zgarishi, sanoat mahsulotlari qoldiqlari va maishiy chiqindilardan chiqayotgan gazsimon moddalar ta’sirida atrof-muhit ifloslanishi, energiya resurslari va xom-ashyoga bo‘lgan talabni keskin darajada o‘sishi natijasida Yer osti zaxiralari tanqisligi kabi muammolarga to‘qnash kelib turibdi. Mazkur muammolar orasida birgina atrof-muhitning ifloslanishi odamzot hayoti va tirikchiligiga katta xavf solayotganligini quyidagi ma’lumotlar bilan tanishish orqali bilib olish qiyin emas. 2008 yil dekabr oyida Hindistondagi ijtimoiy masalalarga bag‘ishlanib e’lon qilingan maxsus hisobotda qayd etilishicha, har kuni 14000 kishi ifloslangan ichimlik suvidan zaharlanish ta’sirida vafot etmoqda. Ayniqsa, har kuni 1000 ta hindistonlik bolakay iflos suvdan iste’mol qilgani sababli ichketar kasalligiga chalinib dunyodan ko‘z yummoqda [4]. Shuningdek, “Xitoyda aholi o‘limiga ta’sir ko‘rsatayotgan eng katta omil – atmosferaning ifloslanishi” mavzusidagi maxsus hisobotda e’lon qilinishicha, taxminan yarim milliard xitoylik toza ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekmoqda, har yili Xitoyda 656.000 kishi atrof-muhitni ifloslanishi oqibatida vafot etmoqda [4]. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, bunday ekologik muammolarning dolzarbligini faqat Xitoy va Hindiston misolida ko‘rib chiqishimiz bu ikki davlat sanoati taraqqiy etib, dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatorida sanalishiga qaramay, aholisi yuqoridagi kabi ijtimoiy qiyinchiliklarga yuz tutib turganligi bilangina bog‘liq emas, balki sayyoramizdagi insoniyatning eng ko‘p qismini o‘z bag‘riga sig‘dirgan mazkur mamlakatlarda yahudiylik, xristianlik va islom dinlari vakillari ham ma’lum ulushni tashkil qilganlari bilan aloqadordir. Masalan, 1,3 milliard aholisi mavjud Xitoyda tez o‘sayotgan va kengayotgan dinlar sifatida xristianlik va islom dinlari e’tirof etilmoqda. Ya’ni, bugun Xitoyda xristianlar taxminan 45 million, musulmonlar esa qariyb 30 milliondan iborat bo‘lib, bu ko‘rsatkich umumiy aholining ikki va to‘rt foizini tashkil qiladi. Hindistonda esa umumiy aholi 1,2 milliard bo‘lib turganda, ularning aksariyatini 800 millionlik tarafdorlari bilan hinduiylar (80.5 %), keyin musulmonlar (13.4 %) va xristianlar (2.3 %) tashkil qiladi [4].
Demak, atrof-muhit tozaligi masalasi din sotsiologiyasi fani doirasida hal qilinadigan muammolar qatoriga kiritilish sababi hozirgi zamon sanoati va texnologiyasi muayyan ijtimoiy institutlar bilan bog‘liq holda vujudga kelganligidir. Shu bois ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda atrof-muhit musaffoligi zarur ekanligini inobatga olib, yuqoridagi muammolar yechimiga nisbatan uch din mavqeini o‘rganishni lozim topdik.
Mazkur dinlar orasida paydo bo‘lishi jihatidan dastlabkisi yahudiylikda ekologik madaniyat borasida quyidagi ikki prinsip markaziy o‘rin egallaydi: tirik mavjudotga aziyat yetkazmaslik va halok qilmaslik. Yahudiylikka ko‘ra, tirik mavjudotga aziyat yetkazmaslik qoidasi insoniyatni hayvonot dunyosiga nisbatan shafqat bilan munosabatda bo‘lishini ta’minlaydigan muhim prinsip hisoblanib, bu masalaning ahamiyati yuqoriligi Tavrot oyatlarida ham aks etgandir: “O‘sha (Shabbat) kuni o‘zlaringiz, o‘g‘illaringiz yoki qizlaringiz, qullaringiz yoki cho‘rilaringiz, hayvonlaringiz, shahringizdagi musofirlar hech qanday ish qilmang” (Chiqish 20:10). Boshqa oyatda esa atrof-muhit, jumladan, hayvonot olamiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga undashdan maqsad ular odamzot uchun tirikchilik vositasi qilib berilganligi ta’kidlanadi: “O‘t va sabzavotni sizlarga yemish qilib berganim singari hamma tirik jonzotlarni ham sizlarga yemish qilib beraman” (Ibtido 9:3). Shuningdek, yahudiylik ta’limotiga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida belgilangan ikkinchi qoida – “vayron qilmaslik” tabiiy borliq va undagi tirik mavjudotlar (o‘simlik va hayvonot dunyosi, hatto, insonlar)ga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lishni ta’qiqlovchi prinsip sanaladi. Bu to‘g‘risida kelgan Tavrot oyatida hatto, biror shaharni uzoq vaqt qamal qilish davrida ham u yerdagi daraxtlarni vayron etishdan qaytarilib, balki, ulardan foydalanishga buyuriladi (Qarang: Ikkinchi qonun 20:19) [1: 155-156].
Xristianlik dinining katolik oqimida ham yahudiylikda bo‘lgani singari atrof-muhit muammolariga nisbatan munosabat turli tamoyillar, ijtimoiy ta’limotlar va Rim papasining murojaatlari orqali bildirilgan. Masalan, 1987 yil o‘sha davrdagi Rim papasi Ioann Pavel ikkinchi murojaatida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha quyidagi uch jihatga e’tibor qaratiladi: Birinchi, taraqqiyot bir narsani e’tirof etishi lozimki, bu tartibli dunyoda har bir jonzot o‘zaro bog‘langan zanjirni tashkil qiladi. Yer usti va osti hamda mehnat resurslaridan faqat iqtisodiy manfaat yo‘lida foydalanish noto‘g‘ridir. Shu sababli hatto, hayvonot olami ham borliqdagi o‘z vazifasini bajargan holda – katolik katexizisi (diniy aqidalarning savol-javob tarzidagi qisqacha bayoni)da aytilganidek – hurmat va sharaf ko‘rsatilishiga loyiq. Ikkinchi, tabiiy boyliklar zaxirasi chegaralangan ekanligini yodda tutib, insoniyat kelgusi avlod hayoti haqida qayg‘urishga mas’uldir. Uchinchi, Yer yuzidagi har bir inson boshqalar tomonidan hurmat ko‘rishga, sihat-salomat holatida yuqori turmush darajasida hayot kechirishga haqlidir [1: 183].
Islom dinida atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha ma’lum ko‘rsatmalar berilganini Qur’oni karim oyatlarini o‘rganish asnosida bilib olish mumkin. Avvalo, shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, islom inson, borliq va ularni Yaratgan bilan aloqadorligi to‘g‘risidagi ta’limotlarni mujassam etgan dindir. Shu bois islom dinida inson va tabiat o‘rtasidagi aloqani mavjud bo‘lishi Yaratganning qudrati haqida mushohada yuritib, Unga ibodat qilishga chorlovchi, borliq go‘zalliklaridan bahra olib, uning komponentlarini asrab-avaylashni ko‘zda tutuvchi ma’naviy mas’uliyat hissini uyg‘otadigan o‘ziga xos rishta hisoblanadi [1: 194]. Islom ta’limotiga binoan, inson bu borliqni ajralmas bir bo‘lagi bo‘lib, boshqa mavjudotlar orasida alohida mavqe’ga ega hisoblanadi. Tabiat esa inson manfaatlariga xizmat qiladigan o‘ziga xos ta’minot manbai sifatida ko‘riladi. Inson va tabiatga nisbatan bu tarzdagi munosabatdan kelib chiqib, borliqdagi biror mavjudotga yetadigan xavf-xatar odamzotning farovon va salomat holatda hayot kechirishiga mone’lik qiladigan omil deb baholanadi. Shuning uchun islom dinining muqaddas kitobi Qur’oni karim oyatlaridan birida yer yuzidagi yuruvchi va uchuvchi jonzotlar inson kabi xalq (ummat) ekanligi (“An’om”:38), boshqasida esa o‘zi singari xalq – nabotot va hayvonot olamini halok qilish “buzg‘unchilik” (“Baqara”:205) deb ta’riflanadi. Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) hadislarida har bir inson yer yuzida tinchlik va omonlik bo‘lishi uchun mas’ulligi hamda ushbu javobgarlik xususida Yaratganning oldida savolga tutilishi haqida ta’kidlanadi [3: 72].
Shu o‘rinda, islom dinidagi Yer yuzini obod qilish va atrof-muhitni muhofaza etish borasidagi ko‘rsatmalari xalqimiz orasida qadriyat darajasiga ko‘tarilganligini ko‘rish mumkin. Ya’ni, jamiyat va insoniyatga tekkan manfaati, odamzot hayotida tutgan roli bilan muhim ahamiyat kasb etib, e’zozlanadigan qadriyatlardan biri – hashardir. Shubhasiz, hashar xalqimizning yillar davomida saqlanib kelayotgan o‘ziga xos odatlaridan biri bo‘lib, u atrof-muhitni, mahallalarni obod qilish barobarida kishilar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik tuyg‘ularini ham mustahkamlaydi. Uning zamirida obodlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, xayr-sahovat, bunyodkorlik mujassam sanaladi.
Yuqorida kelgan ma’lumotlardan shunday xulosa qilish mumkinki, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash borasida yahudiylik, xristianlik va islom dinlarida belgilagan yo‘l avvalo, inson manfaatlariga qaratilgan bo‘lib, ushbu prinsip odamzotni ma’naviy, iqtisodiy va tibbiy jihatdan to‘g‘ri hayot kechirishini ko‘zda tutadi. Shuningdek, mazkur dinlar e’tibor qaratgan asosiy qadriyatlar – insonning hayoti, aqli, dini, nasli va mol-mulkini muhofaza qilish hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Deep ecology and world religions : new essays on sacred ground / Edited by David Landis Barnhill and Roger S. Gottlieb. –N.Y.: State University of New York, 2001. – 291 p.
2. Giddens E. Sotsiologiya: Oliy o‘quv yurtlari uchun o‘quv qo‘llanma /Tarj. N. Mamatov va J.Begmatov. – T.: Sharq, 2002. – 847 b.
3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Iymon. – T.: “Sharq”, 2006. – 345 b.
4. www.wikipedia.org
Kiritilgan vaqti: 26/04/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 28129
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 05:50