Do‘zaxning sakkiz nomini bilasizmi?
Do‘zax!.. Uning bir nechta nomi bor: Jahannam, Jahiym, Saqar, Nor va hokazo. Do‘zax hozir ham bor. Uni Qiyomat kuni har bitta odam o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.
1. Nor — arab tilidagi ma'nosi – olov.
Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi:
«Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegarasidan tajovuz qilsa, U zot uni abadiy qolish uchun do‘zaxga (norga) kiritadir. Va unga xorlovchi azob bordir» (Niso surasi, 14-oyat)
2. Jahannam — arab tilidagi ma'nosi – tagsiz, tubsiz, chuqurlik, jar.
Alloh taolo marhamat qiladi:
«Albatta, Alloh barcha munofiq va kofirlarning hammasini jahannamda jamlaguvchidir» (Niso surasi 140-oyat)
3. Jahiym — arab tilidagi ma'nosi – chidab bo‘lmas issiqlik.
Alloh taolo aytadi:
«Kufr keltirganlar va oyatlarimizni yolg‘onga chiqarganlar — ana o‘shalar do‘zax (jahiym) egalaridir!» (Moida surasi, 10-oyat).
4. Sa'iyr — arab tilidagi ma'nosi – lovullab yonayotgan olov, alanga.
Alloh taolo aytadi:
«Albatta Alloh kofirlarni la'natladi va ularga do‘zaxni (sa'iyrni) tayyorlab qo‘ydi» (Ahzob surasi, 64-oyat).
5. Saqar — arab tilidagi ma'nosi – kuydiradigan.
Alloh taolo shunday deydi:
«Yuztuban do‘zaxga sudraladigan kunda, jahannam azobini (saqarni) tatib ko‘ring», (deyilur)» (Qamar surasi, 48-oyat).
6. Hutoma — arab tilidagi ma'nosi – chil-parchin qiluvchi.
Alloh taolo Qur'oni Karimda marhamat qiladi:
«Yo‘q! Albatta, u «hutoma»ga xor-zor etib tashlanur! «Hutoma» qandoq narsa ekanini senga nima bildirur? U Allohning shiddatli, o‘chmas olovidir. Qalblarga yetib boradigandur. (Humaza surasi, 4-7-oyat).
7. Laza — Alloh taolo aytadi:
«Yo‘q! Albatta u (jahannam) kuchli alangadur. Boshning terisini sidirib oluvchidir. U chaqiradir. Orqaga ketgan va yuz o‘girganni. Va (molni) yig‘ib, berkitganni». (Ma'orij surasi, 15-18-oyat),
8. Dar al-bavar — arab tilidagi ma'nosi – halokat chohi.
Alloh taolo aytadi:
«Allohning ne'matini kufrga almashtirgan va qavmlarini halokat diyoriga tushirganlarni ko‘rmadingmi? Jahannamga kirurlar. Bu qandoq ham yomon qarorgoh!» (Ibrohim surasi, 28-29-oyat).
Qur'oni Karim insonlarga Allohdan o‘zga ibodatga loyiq zot yo‘qligini anglatish va bashariyat yagona Allohning o‘ziga ibodat qilib yashashi lozimligini uqtirish maqsadida yuborilgan. Bu muqaddas kitob aql egalariga eslatma berish va ularni o‘z aqllari ila to‘g‘ri yo‘lni topib olishga yo‘llash maqsadida nozil qilingandir.
Manba: Azon.uz
Kiritilgan vaqti: 19/12/2019 16:11; Ko‘rilganligi: 5966
Chop etilgan vaqti: 20/03/2025 16:31