O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

DON RIZQ-RO‘ZIMIZ

 
 

Yaratgan zotga shukronalar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, elimiz obod va farzandlarimiz sog‘u-salomat. Vatan deb atalmish ulug‘ koshonada o‘zimizga xon, o‘zimizga bek bo‘lib tinchu-xotirjam, halolu-pok yashamoqdamiz. Jadallik bilan rivojlanib borayotgan O‘zbekistonimizda, har bir soha o‘z qadr-qimmatiga ega bo‘lgan holatda rivojlanmoqda. Shunday sohalardan biri elu-xalqimiz sevadigan, mehr bilan bajaradigan dehqonchilikdir. Bu soha egalari peshona terlari bilan, halol mehnatlari bilan xalq dasturxoniga turli xil meva va sabzavotlarni yetkazib bermoqda. Ayniqsa don maxsulotidan tayyorlanadigan non va boshqa turli xil pishiriqlar dasturxon ko‘rkiga ko‘rk, chiroyiga chiroy baxsh etmoqda. Albatta bunga sabab bo‘lgan dehqonlarimiz bug‘doy maxsulotini ming mehnatlari orqali yetkazib bermoqda. Bugun dalalarda bug‘doy o‘rish qizg‘in pallaga kirgan. Alloh taolo Qur’oni karimning bir necha suralarida dehqonchilik haqida, bog‘u-rog‘lar haqida bayon qilgan. “Abasa” surasining 24-32 oyatlarida shunday marhamat qilingan: “Endi inson o‘zining taomiga (ibrat ko‘zi bilan) boqsin! Biz (osmondan) suvni mo‘l yog‘dirdik. so‘ngra yerni giyohlar bilan yordik. So‘ngra Biz unda donlarni undirdik, uzum va ko‘katlarni, zaytun va xurmolarni, qalin daraxtzor bog‘larni, meva va giyohlarni ham. Bular sizlar uchun va chorva hayvonlaringiz uchun manfaatlidir”.

Demak, Alloh taolo dehqonlarni sabab qilib, ularning og‘ir mehnatlarining evaziga dasturxonimizni nozu-ne’matlar bilan to‘ldirib qo‘ymoqda. Shunday ekan, dehqonlarimizning mehnatlarini qadrlab, ularni olqishlab, dehqonchilik qilayotgan maydonlariga zarar yetkazmasligimiz kerak ekan. Afsuslar bo‘lsinki, achchiq bo‘lsada haqiqat ba’zi bir vijdoni yo‘q odamlar yoki hali aqli to‘lib yetmagan bolalar mol chorvalarini hech kim yo‘qligida ekinzorlarga qo‘yib ularni payxon qilish holatlari ham uchrab turibdi. Bunday holatlarga albatta jazo berish lozimdir. Chunki dehqonni ne mashaqqatlar bilan yetishtirgan ziroatini bir zumda mollari bilan payxon qilib, hosilni yo‘q qilib tashlasa. Xuddi shunga o‘xshash holatlar qadim zamonlarda ham bo‘lib o‘tgan. Qur’oni karimning “Anbiyo” surasi 78-79 oyatlarida marhamat qilingan. “Dovud bilan Sulaymonning ekinzor xususida hukm qilgan kezlarni eslang. O‘shanda unga qavmning qo‘ylari (tunda) kirgan (va uni payxon qilgan) edi. Biz ularning (chiqargan) hukmiga shohid bo‘lgan edik. Bas, Biz uni Sulaymonga anglatdik...”

Rivoyat qilishlaricha, “Dovud va Sulaymon alayhis-salom oldilariga ikki kishi bir majoro xususida hukm so‘rab keladi. Ulardan birining qo‘ylari ikkinchisining ekinzoriga kirib ketib, biron narsani qoldirmay payxon qilib chiqib ketgan edi. Dovud alayhissalom qo‘ylar ekinsor egasiga berilsin, deb hukm chiqardilar. Buni eshitgan o‘g‘illari, Sulaymon alayhissalom esa yerni qo‘ylarni egasiga, qo‘ylarni esa ekinzor sohibiga berilsa-yu qo‘ylarning egasi yerni o‘nglab, ekin ekib avvalgi holiga qaytargach qo‘ylarni qaytarib olsa shu muddat ichida ekinzor sohibi u qo‘ylarning yungi va sutidan foydalanib, shu davrda to‘g‘ilgan qo‘zilarni ham o‘ziga olib qolsa”, - dedilar. Shunda Dovud a.s. Sulaymon a.s.ga qarab “O‘g‘ilcham sening hukming to‘g‘riroqdir”-deb o‘zi chiqargan hukmlarini bekor qildi. Ayni bugungi kunda ham shunday voqealar bo‘lsa, albatta ularni jazolash maqsadga muvofiqdir. Bugun saraton jaziramasida mehnat qilayotgan dehqonlarimizni ko‘plab duolar qilishimiz, ularning mashaqqatli mehnatlari evaziga dasturxonimiz to‘la bo‘lib turganligini hammamiz anglab olamiz. Ayniqsa joriy yilda ikkinchi ekinga to‘liq ruxsat berilganligi dehqonlarimizni yanada xursand etdi va ularga mas’uliyat ham yukladi. Ikkinchi ekindan O‘zbekistonimiz bozorlarini har xil maxsulotlar bilan to‘ldirib, narx-navolarni pasayishini ta’minlansa kelgusi yil ish albatta samarali keladi. Xormang, tolmang aziz dehqonlar. Siz borsizlar elu-xalq mehnatingiz evazidan xursandu shod bo‘lib haqqingizga doimo rahmatlar aytadi. Zero, don rizq-ro‘zimizdir. Siz esa shu rizqu-ro‘zga sabab bo‘lgan baxtli insonsizlar.


Kiritilgan vaqti: 15/07/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3341
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/don-rizq-rozimiz
Chop etilgan vaqti: 25/06/2021 18:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing