Diniy bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlik tinchlik garovi
Bugungi kunda O‘zbekistonda turli din vakillarining o‘z dinlariga e’tiqod qilishlari uchun sharoitlar yaratilgan. Ushbu jarayonlarda xalqimizning azaliy diniy va madaniy qadriyatlarning asosi bo‘lgan islom ham yanada yuksaldi. Allohga shukronalar bo‘lsinkim, milliy va islomiy qadriyatlar-masjid va madrasalar, osori atiqalar musulmonlarga qaytarib berildi, mamlakatimiz fuqarolari emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Islom dini ilmi va madaniyati ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, kalom ilmining yirik namoyondasi Abu Mansur Motrudiy, faqihlar Burxoniddin Marg‘inoniy va Abul Barokat Nasafiy, tasavvuf ilmining buyuk mutafakkirlari Abduxoliq G‘ijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshbandiy kabi buyuk ajdodlarimizning tavallud to‘ylari keng nishonlandi, tabarruk qadamjolari obod qilindi, asarlari minglab nusxalarda nashr etildi. Alloh taolo: “Shukr qilsangiz, albatta (ne’matlarimni yanada) ziyoda qilurman”[1], - dedi. Biz barchamiz jipslashishimiz, shukr qilib, birgalikda harakat qilishimiz kerak. Yurt ravnaqi, xalq farovonligi uchun hamma barobar harakat qilishi kerak.
Haqiqiy musulmon kishining sifati – o‘zgalarga zarar emas, faqat foyda keltirishdir. Abu Muso raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Payg‘ambarimizdan: “Yo Rasululloh, qanday musulmonlik qilish afzal?” - deb so‘ralganida u kishi: “Kimiki musulmonlar tilidan va qo‘lidan omon bo‘lsalar”[2] – deb javob qaytargan ekanlar.
Dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasi – xilma-xil diniy e’tiqoddagi yoki muayyan dinga e’tiqod qilmaydigan kishilarning bir zamin, bir vatanda oliyjanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashini anglatadi.
Din - olam, odam va boshqa mavjudotlarning yaralishi va kelib chiqishini, hayotning ma’no va mazmuni va insonning yashashdan ko‘zlagan maqsadi kabi masalalarga ilohiy nuqtai nazardan yondashuvchi dunyoqarash shaklidir. U bugungi kunda ham shu vazifani ado etib kelmoqda. Din diniy dunyoqarashni, diniy marosimlarni, shuningdek, diniy tuyg‘uni o‘z ichiga oladi. O‘rta asrlarda din madaniyatning barcha turlarini (ilm-fan, falsafa, xuquq, axloq kabi) o‘zida mujassamlashtirgan va ularga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Qadim-qadimdan aksariyat ma’naviy qadriyatlarni ifoda etib kelgan. Milliy qadriyatlarning asrlar osha bezavol yashab kelayotgani ham dinning sharofatidandir. Birinchi Prezident Islom Karimov so‘zlari bilan ifodalanganda, “Din bizning qon-qonimizga, ongu shuurimizga shu kadar teran singib ketganki, uni hech qanday kuch, hech qanday tashviqot bilan chiqarib bo‘lmaydi”[3].
Diniy bag‘rikenglik musulmonlar istelohida “muruvvat” deyiladi. bu tushuncha keng ma’noda chirkin narsalar va voqealar qarshisida go‘zallikni ustun qo‘yib mehribonlik qilish hamda har bir voqelikka go‘zallik nuqtai nazaridan yondashish, e’tiqod, madaniyat, an’analariga nisbatan harmat va e’tirom bilan munosabatda bo‘lish demakdir.
Islom azaldan insoniyatga asl muruvvatni dindoshlariga, hatto g‘ayri muslimlarga ehtirom hamda bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatib kelgan. Islom o‘zidan avvalgi dinlar (yahudiylik, nasroniylik)ni shunchaki hurmat qilish bilan cheklanmay, o‘sha din ahllariga cheksiz muruvvat ko‘rsatgani tarixdan ma’lum. Xaq-xuquqlarini qonun bilan mustahkamlab, e’tiqod va an’analariga hurmat ehtirom bilan qaragan. Asrlar davomida bu qoidalarga amal qilib yashagan musulmonlar bir-birlariga va hatto oralarida yashaydigan ajnabiylarga, ahli zimmiyga ham muruvvatning mislsiz namunalarini ko‘rsatib, butun insoniyatga ibrat bo‘ldilar.
Chunki bu narsa Alloh taoloning amri edi. Uning rasuluni o‘z ummatiga bergan ko‘rsatmasi edi. Alloh taolo marhamat etadi: “Ey mo‘minlar biron qavmni yomon ko‘rishingiz haddingizdan oshishingizga tortmasin”[4]; “Va barchalaringiz Allohning arqoniga (Qur’onga) bog‘laningiz va (firqa-firqa bo‘lib), bo‘linmangiz!”[5]; “…Oralaringizda ahdu paymon bo‘lgan qavmga kelib qo‘shilgan yoki sizlar bilan urishish ham o‘zlarining qavmi bilan urishish ham joniga tegib, oldingizga kelgan kimsalarga (tegmangiz)!”[6]. Muruvvat, diniy bag‘rikenglik islomning tamal toshi edi. E’tiqod va dinlar tarixidagi bir yangilik edi. Islom ilk davridanoq sobiq dinlarga hech qanday tazyiq o‘tkazmadi, turfa mazhab va mafkuralarga qarshi taassub etmadi. Islom birinchi kunlaridanoq diniy bag‘rikenglikning olamshumul shiorlarini o‘rtaga tashladi: Barcha samoviy dinlar bir manba, bir buloqdan suv ichadi. Hamma payg‘ambarlar birodardirlar, risolatda ular o‘rtasida hech qanday afzallik yo‘q: e’tiqodga, dinga majburlash mumkin emas; ilohiy diyonatlarning barcha ibodatxonalari himoya va mudofaa qilinishi kerak; dinlardagi ixtiloflar qotillik va adovatlarga sabab bo‘lmasligi yaxshilikdan, siylai rahmdan to‘smasligi lozim.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vassallam bu borada Islom ummatigagina emas, butun insoniyatga ibrat-namuna bo‘ldilar. U zot Madinaga hijrat qilganlarida davlat ishlaridagi birinchi amallari o‘sha yerlik yahudiylar bilan ularni aqidalarini hurmat qilishga asoslangan ahdnoma tuzish bo‘ldi. Janobi Rasululloh ahli kitobdan bo‘lgan qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatda bo‘lar hadya berib, ulardan qabul qilar edilar. Madinaga Habashiston Nasroniylarining vakillari kelganida, ularni masjidga tushirib, ziyofat berdilar va xizmatlarini qildilar. Hattoki Najron nasroniylari kelganida ularga masjidning bir tomonida ibodat qilishga ijozat berdilar.
Dastlab rohib bo‘lgan angliyalik tarixchi Karen Armstrong “Muqaddas urush” kitobida bunday yozadi: “Muhammad sallollohu alayhi vassallam faqangina Makka mushriklari bilan emas, bir paytning o‘zida mahalliy yohudiy qabilalari va ular bilan til biriktirib, hujumni rejalashtirgan Shom nasroniylari bilan ham urushga majbur bo‘lgan edi. Ammo bu hol uning qalbida dushmanlariga nafrat tug‘dirmadi. Uning ahli kitobni (yahudiy va nasroniylarni) la’natlashga olib kelmadi. Musulmonlar hayotlarini himoya qilishga majbur bo‘lishdi, lekin o‘z dushmanlarining diniga qarshi muqaddas urushga kirganlari yo‘q. Bordi-yu urushishga majbur bo‘lib qolishsa, insonparvarlikni unitishmasdi. Ular diniy xizmatchilarni, rohiblarni bezovta qilishmasdi, urushda qatnashmayotganlarga, ojiz kishilar, ayollar, yosh bolalar, keksalarga tegishmas, ularga zarar yetkazishmas edi. Ular tinch aholini o‘ldirishmagan, bino va uy joylaridan hech birini vayron qilishmagan”.
Imom al-Buxoriyning “al-Jomi’ as-Sahih” hadislar to‘plami (IX asr) zamondoshlari tomonidan an’anaviy sunniy to‘plamlarning eng mukammali deb tan olingan va hozirgi vaqtda ham butun dunyo musulmonlarining asosiy kitoblaridan bo‘lib qolmoqda. Bu kitobda diniy mutaassiblik, aqidaparastlik uchun asos bo‘ladigan g‘oyalar rad etilgani ham yurtimiz tarixida bag‘rikenglik tamoyillari ustuvor bo‘lishiga xizmat qilgan.
Bunday bag‘rikenglik, bir tomondan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi din allomalari, ya’ni ilohiy tafakkur sohiblari, ikkinchi tomondan, Forobiy, Xorazmiy, Beruniy kabi dunyoviy bilimlarni chuqur egallagan, ilm-fan qadriyatlari ustuvorligi g‘oyasini ilgari surgan mutafakkirlar yonma-yon yashashi, ijod qilishlari uchun keng imkoniyat yaratgan.
Xulosa qilib aytganda, xalq dini va irqidan qat’iy nazar o‘zaro bir-biri bilan kelishib yashasa, tinchlik bo‘ladi. Tinchlik bor joyda rivojlanish bo‘ladi, ibodatda halovat bo‘ladi.
[1] Ibrohim surasi, 7-oyat mazmuni.
[2] Abu Iso Termiziy. Sunani Termiziy. J.4. Dor ihyou-t-turosi-l-arabiy. Bayrut. –B. 661.
[3] Karimov I.A. Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz. Tom. 7. .-T., O‘zbekiston,1999. –B.334.
[4] Moida surasi, 2-oyat mazmuni.
[5] Oli Imron surasi, 103-oyat mazmuni.
[6] Niso surasi, 90-oyat mazmuni.
Kiritilgan vaqti: 23/02/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 5612
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 01:13