DEHQONCHILIK - RIZQ VA BARAKADIR!
Alloh taolo yer yuzini inson uchun obod qilib, osmondan barokat suvlarini yog‘dirib, shu suv orqali daraxtlar, o‘t-o‘lan va barcha nabototlarni o‘stirib, insonlar va hayvonlarning rizqini berib qo‘ydi. Qur'oni karimning bir necha oyatlarida Alloh taolo ekinlar va bog‘larni misol qilib keltirilgan.
Jumladan, muborak Qur'oni sharifda shunday marhamat qilinadi:
“U osmonlardan sizlar uchun undan ichimlik bo‘ladigan suvni
(yomg‘irni) yog‘dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan giyohlar ham o‘sha suvdan sug‘orilur. U sizlar uchun o‘sha (suv) bilan (turli ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomat bordir (Nahl surasi 10-11 oyatlar).
Rizqi-ro‘zimizning aksari yerda yetishtiriladigan narsalardan iboratdir. Bu borada Oisha roziyollohu anhodan rivoyat qilingan hadisi-sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Rizqni yer ostidan talab qilinglar” ( Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyat qilgan ) .
Aslida Alloh taolo yerni O‘zi obod qilib yaratib, obod holatda saqlash hamda yanada obod qilishni bizdan talab qilgan. Dehqonchilik agar Alloh buyurganidek amalga oshirilsa, Yer yuzini eng obod qiluvchi kasblardan sanaladi. Islom dini dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga katta e'tibor beradi va targ‘ib qiladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Qaysi bir musulmon birorta daraxt o‘tqazsa yoki biror ekin eksa va undan birorta qush yoki inson yoinki hayvon tanovul qilsa, u sababli unga sadaqa (savobi) bo‘ladi-dedilar”.
Qilayotgan dehkonchiligimiz halol pokiza yo‘llar bilan qilinsa, insha Allox, ziroatiga baraka kirib, albatta mo‘l-ko‘l hosilga ega bo‘ladi. Misol tariqasida Sa'd ibn Abu vaqqos roziyallohu anhuni keltirishimiz mumkin. Bu sahoba dehqonchilikdan mo‘l hosil olish uchun o‘z yeriga o‘g‘itlar bilan ishlov berar edi. Dehqonchilik haqida gap ketar ekan, bu kasb haqiqiy tavakkal qiladigan kasbdir. Misol uchun, ekin ekishda tavakkal qilib, hosilni yig‘ib olguncha Alloh taolodan unga baraka va hosildorlik so‘raladi. Bandalarning dehqonchiligiga baraka yog‘ilishi, yomg‘ir qorning mo‘l-ko‘l bo‘lishi uchun bandalar gunoh qilishdan saqlanishi, imkon qadar ko‘proq istig‘for aytishi lozim .
Shu kunlarda dala va bog‘larda qizg‘in mehnat avjida. Yurtdoshlarimiz xalq farovonligi, turmush obodligi yo‘lida kechani kecha, kunduzni kunduz demay barakali mehnat qilishmoqda. Ularning halol mehnatlari, kasbu-korlari, insha Allox, samarasiz qolmaydi.
Allohu taolo dehqonlarimizga, bog‘bonlarimizga, barcha qishloq xo‘jaligi xodimlariga kuch-quvvat ato etsin. Bu yilgi hosillarni mo‘l-ko‘l bo‘lishini, yurtimizga o‘zining barokatlari yog‘ilishini Alloh taoloning o‘zi nasib etsin. Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo hamda turmushimizni yanada farovon qilsin. Alloh taolo yurtimizni har-xil ofatu balolardan omonda saqlasin!!!
Muallif: T.Mamatqulov - Bulung‘ur tumani “Kildon” jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 14/04/2020 13:05; Ko‘rilganligi: 1455
Chop etilgan vaqti: 24/06/2025 09:43