Davlat rahbarining nuroniylar, diniy ulamo va ziyolilar bilan suhbatini tinglab
31 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurib, qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etgandan so‘ng xiyobondagi ramziy qabr yonida nuroniylar, diniy ulamo va ziyolilar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bilan suhbat qurdi.
Suhbat chog‘ida Yurtboshimiz vaziyat kun sayin emas, soat sayit o‘zgarib turgani, lekin shu sharoitda xalqimizning manfaati, tinchligi va osoyishtaligi muhim ekanligini ta'kidlar ekan, Vatanimizning ertangi kuniga, mana shunday mustaqillik kunlarimizga shohid bo‘lganlar, ular qanday mashaqqat ko‘rgan, qanday shu kunlarga intilgan va mana shu intilishlarida adolatsiz qurbon bo‘lganlarini yuz karra tushuntirish, har kuni yoshlarga yetkazishimiz kerakligini qayd etdilar.
Davlat rahbari masjidlarda o‘qilayotgan namozlarda, ayniqsa, juma namozlarida, duolarda elimizga shukronalikni niyat qilish kerakligi, mo‘min-musulmonlarni og‘irlik va vazminlikka da'vat qilishni qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoev diniy masala, ayniqsa, muqaddas Islom dini bo‘yicha va imom xatiblarning o‘qitish tizimi ishlab chiqilayotgani, bundan buyon imomlar o‘zlari faoliyat yuritayotgan hududdagi mo‘min-musulmonlarga mas'ul bo‘lishlarini ma'lum qildi. Davlat rahbari yana bir yangilik haqida so‘z ochib, masjidlarda mo‘minlar uchun darslar tashkil etilishi, imomlar o‘z hududidagi nomaqbul kishilar bilan har kuni uchrashishi, ularga diniy bilimlarni yetkazib, dunyoviy ilmlarni egallashga chaqirishlarini yo‘lga qo‘yilishini aytib o‘tdi.
Prezidentimiz keyingi yillarda mamlakatda diniy sohada amalga oshirilgan katta islohotlar, diniy erkinlikning ta'minlanishi, diniy ta'lim, ibodatlarning mukammal bajarilishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ham eslab o‘tdi.
Muhtaram Prezidentimizning Shahidlar xotirasi xiyobonidagi faollar bilan o‘tkazgan qisqa muloqotida aytilgan so‘zlar biz imomlar va din ahillarining oldiga juda katta vazifalarni yana bir bor belgilab berdi. Tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, shukronalik bilan hayot kechirish kabi sifatlar ne'matlarning muttasil bo‘lish omili ekanligini tushuntirish vazifasi yuklandi.
Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar. Ha, musulmon inson o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan har bir narsani boshqa birodarlariga ham ravo ko‘radi. U o‘zining jannatga kirishini yaxshi ko‘rsa, boshqalarning ham jannatga kirishini istaydi. Ilm ahllari, imom va ziyolilar adashganlarga, zalolatda yurganlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishi, ularning ham ikki dunyo saodatiga sazovar bo‘lishini istashi chin mo‘minlik alomatidir. Yaratilgan mana shunday keng imkoniyatlardan unumli foydalangan holda xalqimizning diniy-ma'rifiy savodxonligini oshirish, adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, yosh avlodni buyuk bobokalonlarimizga munosib merosxo‘r sifatida yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlarida hissamizni qo‘shish diniy mutaxassis sifatida, qolaversa shu Vatanning sodiq fuqarosi sifatida oldimizda turgan burch deb bilamiz.
ZAYNIDDIN ESHONQULOV - O‘MI Samarqand viloyat vakili
Kiritilgan vaqti: 01/09/2019 13:51; Ko‘rilganligi: 1452
Chop etilgan vaqti: 11/12/2024 23:17