O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Маданият

SALOMNING FAZILATLARI

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
ASSALOMU ALAYKUM VA ROHMATULLOHI VA BAROKATUHU!

Bizni maxluqotlar orasida eng mukarram va afzali qilgan Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz (s.a.v)ga mukammal va batamom salavotu-durudlarimiz bo‘lsin. Hayotda biz biron inson bilan ko‘rishamizmi yoki telefon orqali muloqot qilamizmi avvalo gapni salomdan boshlaymiz.

Bu insoniyat ongiga qadimdan singib kelgan ezgu fazilatlardandir. Salom bu – musulmonning musulmon birodari ustidagi haqlaridandir. Bu haqida Payg‘ambarimiz (s.a.v) marhamat qilib shunday dedilar: “Musulmonning musulmon ustidagi haqlari beshtadir: salomga alik olish, kasal ko‘rish, janozalarda qatnashish, mehmonga chaqirsa borish va aksirgan kishiga “Alhamdu lillah” desa, “Yarhamukalloh” deya duo qilib qo‘yish”.

Hayotda har bir ota-ona farzandiga tarbiya-odob berar ekan, eng avvalo, salomlashishni o‘rgatadi. Jahonda odobning bu jihatiga e'tibor bermaydigan biror millat yoki xalq yo‘q. Bejizga dono xalqimiz «Gapning boshi – kalom, odob boshi – salom», demagan.

Salomlashish tufayli kishilar o‘rtasida o‘zaro hurmat, samimiyat va bir-biriga nisbatan mehr-muhabbat paydo bo‘ladi. Bir-birimizning yonimizdan indamay o‘tgandan ko‘ra, musulmonning musulmon birodaridagi haqqi bo‘lgan salomlashish hamda salomga alik olishni odat qilsak, nur ustiga a'lo nur bo‘ladi.  Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

 “... Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza salomni aytingiz (ya'ni “Assalomu alaykum” deng!) Sizlar aql yurgizishlaringiz uchun Alloh o‘z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur”

(Nur surasi - 61). Shunday ekan avvalo ushbu kalomning mazmun-mohiyatini to‘liq anglashimiz va to‘g‘ri talaffuz ila aytmog‘imiz lozim bo‘ladi. Bu haqida  Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) o‘z hadisi-shariflarida: “Bir-bi­ringiz bilan salomlashib yuringlar, shunda o‘rta­la­ringizda mehr-muhabbat uyg‘onadi”, deya marhamat qil­ganlar. Mana shu birgina salom so‘zi kishini ezgulikka, mehr-shafqat va poklikka, haqiqiy insoniylikka chorlaydi” – deya marhamat qilganlar.

Salom berish va alik olish xususida axloq-odobimizning quyidagi bir qancha ko‘rsatmalari bor:

“Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh”, ya'ni «Sizga tinchlik-omonlik, Allohning rahmati va barakoti bo‘lsin», deyiladi. Alik olish ham salomga yarasha chiroyli va mukammal bo‘lishi kerak. Salom berish Payg‘ambarimiz (s.a.v) dan qolgan sunnat amallardandir. Unga alik olish esa  ijmo' bilan farz amal hisoblanadi.

Ko‘pchilik o‘tirgan joy yoki izdihomga kirib borgan kishi bir odamni xoslamay, hammaga salom beradi, ammo o‘tirganlarning ichidan bir kishi alik olsa kifoya qiladi. Salom berilsayu, ammo biror kishi ham alik olmasa, o‘tirganlarning hammasi farzni tark qilgan gunohkorlardan bo‘ladi.

Uchrashganda qanday salom berilsa, xayrlashayotgan vaqtida ham shunday salom bilan xayrlashish go‘zal amallardandir. Hech kim yo‘q uyga kirganda ham salom berish lozim bo‘ladi.

Salom musulmon amallarining eng afzallaridandir. Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: “Islomning qaysi amali eng yaxshi (amal hisoblanadi)?”, deb so‘radi. Ul zot sollallohu alayhi va sallam javob berdilar: “(Islomning eng yaxshi amallari bu – ochga taom berishing va taniganu tanimagan kishingga salom berishingdir”dedilar. Shu bois ham musulmon kishi mazkur go‘zal odatni kanda qilmasligi, qayerda bo‘lmasin tanigan-tanimagan kishiga salomni qizg‘onmasligi maqsadga muvofiq ish bo‘ladi. Yana shuni ta'kidlash lozimki, salom berganda ushbu jumlani to‘liq qilib, buzmasdan aytish lozim bo‘ladi.

Salomlashuvdagi har bir jumla uchun o‘nta savob berilar ekan. Bu haqida quyidagi hadisi-sharifni misol tariqasida keltirishimiz mumkin: Imron ibn Husayn roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: “Assalomu alaykum!”, dedi. Nabiy alayhissalom alik oldilar va u (salom bergan kishi) o‘tirdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “o‘nta” dedilar. So‘ngra boshqa bir kishi kelib: “Assalomu alaykum va rahmatulloh!”, dedi. Ul zot uning salomiga alik olgach, u o‘tirdi. Nabiy alayhissalom: “yigirmata” dedilar. So‘ngra yana bir kishi kelib: “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh!”, dedi. Ul zot alik oldilar va salom bergan kishi o‘tirdi. Shunda Nabiy alayhissalom: “o‘ttizta” dedilar. Demak salomni qanchalik to‘liq va mukammal qilib beraversak, uning savobi ham ko‘payaverar ekan. Shunday ekan azizlar! Farzandlarimizga ta'lim-tarbiya berishda ularga salomni, uning fazilatlarini hamda savobi naqadar ulug‘ligini yoshliklaridanoq uqtirib boraylik hamda salomni mukammal qilib, va'da qilingan savoblardan bahramand bo‘laylik.  Alloh taolo barchalarimizni O‘zining solih bandalari qatoridan qilsin.

Nasrulloh Islamov - "Maxdumi A'zam" jome masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 06/06/2020 17:20;   Ko‘rilganligi: 1692
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/culture/salomning-fazilatlari
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 23:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing