Ismat Kuchiyev ijodidan she'rlar
Ba'zan uyqu qochar xayolim og‘ir,
Nedan bezovtaman bilmayman o‘zim.
Va birdan ruhimga nur yuguradi,
Osmon sarhadiga tusharkan ko‘zim.
Yo Alloh Sen borsan, bezovta qalbga,
Sening yoding bilan topaman najot.
Va, umid qushlari to‘rt tomonimda,
Go‘yo meni chorlab qoqadi, qanot.
Sening yoding buncha xushbo‘y ey Rabbim,
Xushbaxt kunlar zavqin solar dilimga.
Shundanmi eng g‘amgin lahzalarimda
Faqat Sening isming kelar tilimga.
Shukr, ko‘zlarimda yorishmoqda tong,
Shafaqlar poylaydi dardchil jismimni.
Bu munavvar tongda yana entikib-
Gulday hidlayapman xushbo‘y ismingni...
Kiritilgan vaqti: 26/10/2019 16:14; Ko‘rilganligi: 1192
Chop etilgan vaqti: 14/09/2024 19:21