O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

BUZG‘UNCHI OQIMLARNING SOXTA DA’VOLARIGA RADDIYALAR

 
 

Mamlakatimiz moddiy va ma’naviy jihatdan kun sayin taraqqiy etayotir. Lekin, afsus, bu ne’matlardan foydalanib, shukr o‘rniga noshukrlik qiladiganlar, g‘animlarimiz nog‘orasiga o‘ynaydiganlar, o‘z yurtiga tosh otadigan nobakorlar ham yo‘q emas.

XX va XXI asrlarda hizbut tahrir, nurchilar, salafiylar, jihodchilar, takfirchilar va hijratchilar kabi o‘nlab adashgan oqimlar paydo bo‘lib, dunyo musulmonlari o‘rtasida buzg‘unchilik qilishyapti. Turli janjallar, nizolar chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Hijrat masalasida

Hijrat: gunoh-ma’siyatlarni tark etish. Shu ma’nodagi hijrat to‘g‘risida Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) bir qator ko‘rsatmalarni bayon qilganlar. Jumladan, Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda U zot: “Tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lgan inson haqiqiy musulmondir. Alloh taolo qaytargan narsalarni tark qilgan inson haqiqiy muhojirdir”, deydilar. Aqidaparast guruhlar esa hijrat tushunchasini o‘z mafkuraviy qarashlariga mos ravishda noto‘g‘ri talqin qilmoqda.

Bu kuchlar taassubga berilgan shaxslarni dunyoning notinchlik hukm surgan va o‘zlari qo‘nim topgan mintaqalariga jamlash va shu orqali rejalashtirilgan geosiyosiy maqsadlarni amalga oshirishga intilmoqda. Xususan, ular ilm va ma’rifatdan yiroq, johil kimsalarni Islom diyori bo‘lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o‘qiladigan, xullas, Islomning besh arkoni emin-erkin ado etiladigan, musulmonlar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanni tark etishga targ‘ib qilmoqdalar. Vaholanki, ona yurtini tashlab, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon yurish, o‘zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish Islom ta’limotiga ziddir.

“Shahidlik” masalasida.

Ushbu so‘z “hozir, guvoh, ko‘rgan-bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning sifatlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.

“Shahid” so‘zining yana bir ma’nosi o‘zga shaxs tomonidan nohaq o‘ldirilgan musulmondir. Kishining o‘zini o‘zi o‘ldirishi, garchi niyati din yo‘lida deb e’lon etilsa-da, “o‘z joniga suiqasd qilish” deb baholanadi.

Shariat nuqtai nazaridan bu harakat Parvardigor bergan hayotga tajovuz qilish darajasidagi gunohi kabira hisoblanadi.

Hozir ba’zi guruh va shaxslar “o‘zini o‘ldirish” tushunchasini shahidlik bilan qorishtirib talqin qilishyapti. Shaxsning ma’lum maqsadlar yo‘lida “o‘zini o‘zi o‘ldirish”i “shahidlik amaliyoti” deb baholanishi ayni adashishdir. Yovuz niyatli kuchlar o‘z harakatlarini oqlash maqsadida keltirgan barcha dalillarni Islom ulamolari qoralashgan va asossiz deb topishgan.

Jihod masalasida.

Ushbu so‘z arab tilidan tarjima qilinganda “g‘ayrat qilmoq”, “harakat qilmoq”, “intilmoq”, “zo‘r bermoq”, “bor kuchini sarflamoq”, “kurashmoq”, “mehnat qilmoq” kabi ma’nolarni ifodalaydi.

Dastlab “jihod” deyilganida Islomni himoya qilish va yoyish uchun kurash tushunilgan. Bu so‘zning istilohiy ma’nosi “dushmandan himoyalanishda qo‘li, tili yoki kuchi bilan kurashishdir”.

Makka davrida Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Alloh taoloning: (Ey Muhammad), Rabbingizning yo‘liga (diniga) hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!” (Nahl, 125) degan ko‘rsatmasi asosida faoliyat olib borganlar.

Agar “jihod” Islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida edi, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlari bu borada namuna ko‘rsatgan bo‘lur edilar. Biroq Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday yo‘l tutmadilar. Aksincha, musulmon jamiyati tinch yo‘l bilan tabiiy ravishda yuzaga kelgach, uning himoyasi uchun jihodga chiqqanlar.

Hozir esa buzg‘unchi toifalar ayrim musulmonlarning Islom axkomlarini bilmasligi, ilmiy saviyaga ega emasligidan foydalanib, “jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ‘ib qilib, nohaq qon to‘kilishiga sababchi bo‘lishadi. Bunga dunyoning turli chekkalarida “jihod” niqobi ostida sodir etilayotgan qo‘poruvchilik harakatlari misol bo‘la oladi.

Mazhabsizlik.

XX asr so‘ngida musulmon olamida Islom niqobi ostida yana bir yangi tahdid – mazhabcizlikka chaqiruvchilar toifasi namoyon bo‘ldi.

Ushbu harakat tarafdorlari da’vo qilishlaricha, Islomda sunniylikdagi to‘rt fiqhiy mazhabning biriga ergashish shart emasmish. Agar musulmon biror shar’iy masalada ulardan birining yo‘lini tutsa, u ko‘r-ko‘rona taqlid qilgani uchun xatokor, mutaassib va dindan ajralgan firqa va guruhlardagi shaxslar kabi adashganlardan bo‘lar emish. Bu toifa kishilari fiqhiy mazhablarga ergashish yoki biror-bir mujtahid imomga ergashish Allohni qo‘yib, ularni rab qilib olishdir, degan iddaoni ilgari surishadi. Afsus, ular har bir musulmon yakka tartibda “ijtihod” qilaveradigan bo‘lsa, mazhablarning soni to‘rtta emas, mingtadan ham ko‘payib ketishini tan olishmaydi.

Imom Ahmad (rahmatullohi alayh): “Kim dinda taqlid yo‘q desa, Alloh va Uning Rasuli oldida fosiqdir. Uning so‘zi Sunna va solih kishilar qarashlarini rad qilishdir”, deganlar.

Takfir.

Bu ibora arabcha “kufr” so‘zi o‘zagidan olingan. Lug‘atda “inkor qilish”, “yopish”, “kafforat berish” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa mo‘min kishini asossiz sabablar bilan kofirga chiqarish demakdir.

Qur’onda “kufr” so‘zi bir necha o‘rinlarda kelgan. Bir joyda kofirlikni bildirsa, boshqa joyda noshukrlikni ifoda etadi.

Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatarlar bois Qur’on va Sunnada birovlarni kofirga chiqarishdan qaytariladi. Alloh taolo bunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Alloh yo‘lida safarga chiqqaningizda aniq ish tutingiz! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo‘lgan) kishiga bu dunyo matohini (o‘ljani) ko‘zlab: “Mo‘min emassan”, demangiz! Allohning huzurida ko‘p o‘ljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (imoningizni sir tutar) edingiz, (so‘ngra)sizlarga Alloh ne’mat ato etdi. Bas, aniqlab ish tutingiz! Albatta, Alloh (barcha) ishlaringizdan xabardordir (Niso, 94).

Imom Buxoriy Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Agar kishi birodariga “Ey kofir”, desa, u (so‘z) ikkisidan biriga qaytadi”.

Hazrat Ali (roziyallohu anhu) davrida paydo bo‘lgan xorijiylar firqasi takfir tushunchasini o‘zlariga ergashmaganlarga nisbatan qo‘llagan.

Xorijiylar qurol ishlatish bilan o‘z e’tiqodini tarqatish va hokimiyatga erishishni maqsad qilishadi. Ular musulmonlarni o‘ldirishni halol sanashgan. Ular “Jamal voqeasi” ishtirokchilari, Usmon, Ali, Muoviya, Amr ibn Os, Abu Muso kabi sahobalarni ham kufrda ayblashadi. Katta gunoh qilgan kishini kofirga chiqarib, ularning avlodi, moli va jonini o‘zlariga halol sanashgan. Xorijiylarning takfir tushunchasi orqali minglab musulmonlar, jumladan, hazrat Alining (roziyallohu anhu) ham hayotiga tajovuz qilingan.

Islom ulamolari xorijiylarning katta gunoh bo‘yicha da’volarini tahlil etib, ularning gaplari islomiy tushunchalardan juda yiroq ekanini ta’kidlashadi. Islom tarixida xorijiylar qo‘llagan uslub bugun ham jihodiy jamoalar mafkurasida davom ettirilyapti. Ular o‘zlariga ergashmagan shaxslar va tuzumlarni kofirlikda ayblashadi. 2005 yil iyul oyida Ommon (Iordaniya) shahrida Islom olami yetakchi ulamolari qabul qilgan fatvoda: “To‘rt sunniy mazhabga e’tiqod qiluvchilarning barchasi musulmon hisoblanadi. Ularni imonsizlikda ayblash, joniga, nomusiga va mulkiga qasd qilish joiz emas”, deb e’lon qilingan.

Zayniddin ESHONQULOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 07/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 4148
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/buzgunchi-oqimlarning-soxta-davolariga-raddiyalar
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 04:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing