O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Buyuk muhabbat

 
 

Sog‘lom qalb egasi bo‘lgan inson zoti borki, bu dunyoda hayot kechirar ekan, kimgadir muhabbat bilan yashaydi va hayoti davomida o‘sha kishidagi go‘zal sifatlarni o‘zida ham shakllantirishga harakat qiladi. Musulmonlar esa, keksa-yu, yosh barchamiz Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘ramiz va ul zot sallollohu alayhi vasallamga o‘xshashlikka harakat qilamiz. Chunki, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rish, Allohni yaxshi ko‘rish va Allohni yaxshi ko‘rishlik esa, iymon halovatidandir. Imom Buxoriydan qilingan rivoyatda shunday deyiladi:



عن عبد اللّه بن هشام قال: "كنا مع النبي صلى اللّه عليه وسلم وهو آخذ بيد عمر بن الخطاب فقال له عمر: لأنت أحبّ إلىّ من كل شىء إلا نفسى التي بين جنبىّ، فقال النبي صلى اللّه عليه وسلم: لا والذي نفسى بيده حتى أكون أحبّ إليك من نفسك التي بين جنبيك. فقال عمر: فإنه الآن ، واللّه لأنت أحب إلىّ من نفسى ، فقال له النبي صلى اللّه عليه وسلم : الآن يا عمر". (رواه البخاري)



Abdulloh ibn Hishom(r.a.) dan rivoyat qilinadi:"Nabiy sallollohu alayhi vasallam bilan birga edik. U zot, Umar ibn Xattobning qo‘llaridan tutib turardilar. Umar: "Albatta, siz menga o‘zimdan boshqa xammadan sevimlisiz", dedi. Shunda, Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam: "Yo‘q! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, sizlarning birortangizga o‘zidan ham sevimli bo‘lmagunimcha u mo‘min bo‘lolmaydi", dedilar. Umar: "Allohga qasamki, endi siz menga o‘zimdan ham sevimlisiz", dedi. "Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam: "Ana endi to‘g‘ri bo‘ldi, ey, Umar!" - dedilar".[1]

Dinimizda ota-ona, oila va farzandlar muhabbati ham maqtalgan bo‘la turib, biz nima sababdan Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni barchadan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rishimiz kerak?!

Albatta, bu savollarga javob topgan kishi Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rishning mohiyati nima ekanini anglab yetgan bo‘ladi. Muhabbat nima? Ulamolarimiz hakikiy muhabbatni: "Ta’lim, tarbiya va ma’rifat orqali hosil bo‘ladigan muhabbat", deb ittifoq qilganlar. Ko‘r –ko‘rona qilingan iddao muhabbat bo‘lmaydi, deganlar.


Hakimlardan Sharif Abdullatif esa, muhabbatga o‘zgacha ta’rif beradi. U kishi: "Agar birovni chiroyi uchun yaxshi ko‘rsang, bu sevgi emas, balki shahvatdir. Agar birovni zakovati uchun yaxshi ko‘rsang, bu muhabbat emas, lol qolishdir. Agar birovni faqat boyligi uchun yaxshi ko‘rsang, bu ham sevgi emas, balki moddaparastlikdir. Agar birovni sening nazdingda yaxshi bo‘lgani uchun yaxshi ko‘rsang, bu ham muhabbat emas, balki his tuyg‘ularingdan minnatdorchiligingdir. Ammo sen birovni yaxshi ko‘rsang-u, nima uchun yaxshi ko‘rganingni o‘zing ham bilmasang, mana shu hakiqiy sevgidir" deydi.

Darhaqiqat, yuqoridagi ikkala tarifga ham muvofik keladigan sevgini sahobalar hayotidagi Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga nisbatan bo‘lgan muhabbat misolida ko‘rishimiz mumkin.



Ali roziyallohu anhudan “Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatingiz qanday?” deb so‘ralganida, “Allohga qasamki, u zot bizga mollarimizdan, bola-chaqalarimizdan, ota-onalarimizdan hamda tashna odamning muzdek suvga bo‘lgan muhabbatidan ham sevimliroqdirlar” deb javob bergandilar.



Yoki bo‘lmasa hayotining eng oxirgi damlarini kecharayotgan Zayd ibn Dasina roziyallohu anhuning muhabbati va sadoqatini eslaylik. Makkaliklar qo‘lida asir bo‘lib turgan Zayd ibn Dasina roziyallohu anhuni Makka ahli o‘ldirish uchun Haramdan tashqariga chiqarayotganlarida Abu Sufyon ibn Harb hali mushrik edi. U Zayd roziyallohu anhuga dedi: “Ey Zayd, agar Muhammad hozir sening o‘rningda asir bo‘lsa-yu, biz uning bo‘yniga qilich ursak, sen esa oilang bag‘rida bo‘lishni istaysanmi?” dedi. Zayd roziyallohu anhu: “Allohga qasamki, Muhammad alayhissalomga hozirgi turgan joyida bir tikon kirib aziyat berishini, men esa oilam bag‘rida bo‘lishimni aslo istamayman” deya javob berdi. Shunda Abu Sufyon: “Men Muhammadning sahobalari uni yaxshi ko‘rishganidek boshqa hech kim birovni yaxshi ko‘rganini ko‘rmadim” dedi.



Chunki, u zotlar Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni shu darajada yaxshi ko‘rar edilarki, farazan, zamonamiz kishilari sahobalarning birortasidan: "Nima uchun Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rasiz?" -deb so‘rasa, menimcha, u sahobiy nima uchun yaxshi ko‘rishini aytib berolmasdi. Uning aytib berolmasligi, buning sababini bilmaganidan emas, balki dunyoda bunaqangi savol bor ekani uning hayoliga ham kelmagani uchun bo‘lardi. Bundan ko‘ra ularga: "Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rmaslik mumkinmi?!" degan savol berilganida javobi osonroq bo‘lardi.



Chunki, u zot—Muhamad sallollohu alayhi vasallam edilar. Ana shu muborak nomlarining o‘ziyoq qalblarga surur, ko‘zlarga nur va jismga quvvat bo‘lardi. Ular, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni xuddi shunday, so‘z bilan tushuntira olmaydigan, ammo hol tili buning barcha sabablarini aytadigan darajada yaxshi ko‘rar edilar. Demak, sahobalarning Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari, yuqorida o‘tgan muhabbat haqidagi ikki ta’rifga hamto‘g‘ri keladigan muhabbat bo‘lgan.

Chunki, qalam bilan yozib, ifodalab bo‘lmaydigan narsalar bor. Bu xuddi olmaning ta’mini bilish uchun o‘n jildlik kitob yozilganda ham uni bir tishlagancha bo‘lmaganiga o‘xshaydi. Yoki, shunday gaplar borki, ularni aytamiz-u, hech nima aytmagandek bo‘lamiz. Yoxud shunday jimliklar borki, unda hamma narsani aytgandek bo‘lamiz.

Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga nisbatan muhabbatni men shunday tushunaman. Buni esa faqat va faqat, o‘sha muhabbatdan nasibador bo‘lganlargina biladi xolos. Endi esa, barchamizga yanada tushunarli bo‘lishi uchun, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga nisbatan so‘z bilan ifodalash mumkin bo‘lgan muhabbatning ikki sababi haqida to‘xtalsak:

Birinchi sabab: Rasulullohsallollohu alayhi vasallamni Alloh yaxshi ko‘radi. Biz Allohni va U zot yaxshi ko‘rgan zotlarni yaxshi ko‘ramiz. Alloh taolo oxirgi payg‘ambari o‘laroq, insonlar ichidan eng yaxshisini tanlab olgan va unga barcha fazilatlarni berib, komillik cho‘qqisiga chiqargan. Shuning o‘ziyoq Rasululloh sallollohu alayhi vasallamda barcha fazilatlar mujassam ekaniga dalolat qiladi.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda u kishi shunday dedilar: “Alloh taolo bandalarining qalblariga nazar soldi. Qalblar orasida Muhammadning qalbi eng yaxshi qalb bo‘lib chiqdi. Uni O‘zi uchun tanlab oldi va uni O‘zining risolati bilan yubordi. Keyin U zot Muhammadning qalbidan keyin yana bandalarining qalblariga nazar soldi va eng yaxshi qalb sahobalarning qalblari ekanini bildi. Shuning uchun ularni O‘z Payg‘ambarining dinni himoya qilish uchun kurashadigan vazirlari qildi”. [2]

Biz o‘zimiz yaxshi ko‘rgan kishilarga nazar soladigan bo‘lsak, ularni kamtarinligi, sahovati, ochiq chehrasi, halimligi va yana boshqa bir qancha fazilatlarni o‘zida majassam etgani uchun yaxshi ko‘ramiz. Bunday odamni yomon ko‘rishni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi, albatta.

Sog‘lom qalb egasi tasavvuriga keltirishi qiyin bo‘lgan masala, barcha fazilatlar jamlangan Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rmaslik mumkinmi?! Yoki ota-onamiz yoxud farzandimizdan kamroq yaxshi ko‘rish mumkinmi?!

Ikkinchi sabab: Alloh taolo bizlarni Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga ergashishlikka buyurib, buning uchun U ham bizni yaxshi ko‘rishi va gunohlarimizdan o‘tishini va’da qilgan. Bu yaxshiliklarning barchasi Rasululloh sallollohu alayhi vasallam tufayli ekanini bilishimiz u zot sallollohu alayhi vasallamga nisbatan muhabbatimizni yanada ziyoda qiladi. Zero, Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qilgan:

قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ

وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ

“Sen: “Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladi va sizlarni gunohlaringizni mag‘firat qiladi”, deb ayt”. [3]

Demak, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rgan kishi, dunyodagi eng komil insonni yaxshi ko‘rgan bo‘ladi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rgan kishi, Allohning amriga itoat etib, Allohning muhabbati va mag‘firatiga sazovor bo‘ladi.

Darhaqiqat, Alloh taolo O‘zining eng oxirgi payg‘ambarini, barcha fazilatli sifatlar bilan siylab, butun insoniyatga namuna o‘laroq tanlab olgandi. Alloh taolo:

لَّقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِّمَن كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا

"(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun - Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir". [4]

Buni birgina oddiy misol bilan tushunadigan bo‘lsak: “Ikkita kishi bor. Ikkisi ham o‘z ota-onasiga muhabbatli. Ammo ulardan biri Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni tanimaydi va ikkinchisi esa Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘radi. Endi bulardan qaysi biri ota-onasini ko‘proq yaxshi ko‘rishi mumkin va nima uchun?!


Kiritilgan vaqti: 12/12/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 4769
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/buyuk-muhabbat
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 20:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing