O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

BUNDAN-DA ULUG‘ NE’MAT BORMI?

 
 

Mustaqilligimizning birinchi kuni hech yodimdan ko‘tarilmaydi, xuddi kechagidek yodimda. 1991 yil birinchi Sentyabrdan to‘rtinchi sentyabrgacha karaxt holda edim. Hamma xursand, odamlar bir – birini tabriklagan, “Hurriyat bilan”, “Istiqlol muborak” – degan so‘zlarni ko‘cha - kuyda, mahallada, maktabda eshitardim. Hatto tarix o‘qituvchimizni yig‘lab bizni mustaqillik bilan tabriklaganlari yodimda. Men esa hayron. Meni bir savol qiynardi, “Mustaqillik”, “Istiqlol degani nima?”. Men o‘sha paytlari o‘n bir yoshda edim. Bilmadim, balki yosh bo‘lganman, balki sobiq Sovet tuzumi mafkurasi ta’sirida o‘sayotganim uchunmi “Istiqlol” so‘zini ma’nosini anglay olmagandirman. Ikki, uch kun birovdan so‘rashga uyalib yurdim va oxiri iymanibgina borib rahmatli padari buzrukvorimdan so‘radim, - Ota, “Istiqlol” degani nima?

Shunda otam rahmatli tabassum qilib – “Eh o‘g‘lim, “Istiqlol” degani, bu - oshkora e’tiqod qilish, uyda yashirinib emas masjidga chiqib ibodat qilmoqlik” degani - deb o‘zlari bilgancha, oddiy qilib javob berganlari hech yodimdan chiqmaydi.

Rahmatlik otam maktabda o‘qituvchi edilar. Bu sohadagi kishilar yoki partiya a’zolari o‘z e’tiqod va ibodatlarini yashirinib qilishga majbur edilar. Shuning uchun ham otam rahmatli kechqurunlari uyda yashirincha ibodat qilardilar. Otam shunday hadiklar bilan ibodat qilib yurgani uchunmi, menga Istiqlolni mana shunday tushuntirganlar va men Istiqlolni birgina mana shu so‘z “e’tiqod erkinligi” bilan butun mohiyatigacha tushunganman.

Mustaqilligimizdan so‘ng, muhtaram yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonlaridan barcha sohalar kabi, muqaddas dinimizga shunchalar e’tibor berildiki, bunga butun jahon lol qoldi. Masjidu madrasalarning ochilishi, tarixiy yodgorliklarning qayta tiklanishi, ulug‘ allomalarimizga ehtirom ko‘rsatilib, xoki poylari ustiga hashamatli maqbarayu, ziyoratgohlar qurilishini misol qila olamiz. Shu o‘rinda diniy ta’lim maskanlari, ya’ni madrasalarning ochilishi va unda diniy va dunyoviy ta’limni olib borilishi ham istiqlol sharofati ekaligini ta’kidlash joiz. Men ham istiqlolimiz sabab ochilgan madrasalarning biri bo‘lmish “Imom al - Buxoriy” madrasasida tahsil oldim.

Yana diniy sohadagi katta islohotlardan biri, unda men tinglovchilik sharafiga muyassar bo‘lgan Imom Buxoriy xalqaro markazining ta’sis etilishidir.

Prezidentimiz sa’yi harakatlari bilan ochilgan bu Markaz, ta’bir joiz bo‘lsa – yetti uxlab tushimizga kirmagan ish ekanligi, buni ota-bobolarimiz ko‘zlarida yosh, qalblari to‘la armon bilan orzu qilib o‘tib ketganlari ochiq haqiqat.

Biz imom xatiblarga ko‘rsatilgan bunday e’tibor mening fikrimcha ko‘plab islom diyorlarida bo‘lmasa ham kerak. Bu, biz imomlarga yaratib berilgan ulkan sharoitdir.

Markazda olib borilayotgan mashg‘ulotlar sabab, bizning ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy, bilimlarimiz oshdi. Atrofga sergak bo‘lib, jamiyatda olib borilayotgan ishlarga befarq bo‘lmasligimizga katta turtki bo‘ldi.

Istiqlol sharofati bilan dinimizga yuksak e’tibor berildi. Buning uchun biz Allohga shukronalar qilib, istiqloldek buyuk ne’matni qadriga yetmog‘imiz kerak bo‘ladi. Afsuski ba’zi joylarda, hali ongini Sovet mafkurasi tark etmagan yoshi katta insonlardan, - “Mustaqillik nima berdi o‘zi, avvalgi zamonlar yaxshi edi”, - deb. noshukrlik bilan aytilgan so‘zlarni eshitib qolamiz. Bunday paytda men ularga shunday javob berib, boshqalarni ham shunday javob berishlarini xohlardim.

Mustaqillik bizga o‘zligimizni qaytardi. Mustaqillik bizga dinu diyonatimizni qaytardi. Mustaqillik - tilimizga Alloh lafzini qaytardi. Mustaqillik – erkin e’tiqod va ibodatlarimizni qaytardi. Kerak bo‘lsa, o‘z ota-onasi, qavm – qarindosh, ko‘ni – qo‘shni, yoru – birodarlari janozasiga qatnasha olmagan kishilarga, shunday kunida yoniga turishlikni qaytardi deb bemalol, qo‘rqmasdan ayta olamiz. Chunki, hali tarixga aylanib ulgurmagan haqiqatdan bilamizki, sobiq sho‘ro davrida janoza o‘qiganlar va unda ishtirok etganlar qanday tazyiqlarga uchraganlar.

Men nima uchun faqat diniy sohani aytib o‘tdim, chunki o‘zim shu sohada bo‘lib, o‘zgarishlarni va dinga bo‘lgan e’tiborni guvohi, bevosita shohidi bo‘lib kelyapman.

Haqiqatda, barchamiz nafaqat bu sohada, balki hamma sohalarda olib borilayotgan islohotlarni guvohi bo‘lib kelmoqdamiz. Men fikrimning oxirida shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, “Istiqlol” bizga Alloh tomonidan berilgan buyuk ne’mat va biz bu ne’matni ko‘z qorachig‘iday asrab, uning qadriga yetishimiz shart va zarur. Zero, bu shunday ulug‘ ne’mat-ki, buning negizida vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz obodligi barqarordir.


Kiritilgan vaqti: 12/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2358
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/bundan-da-ulug-nemat-bormi
Chop etilgan vaqti: 25/06/2021 11:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing