O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Bugungi kundagi salomlashish va uning odoblari

 
 

Insonlar bir-birlari bilan salomlashishlarining tarixi juda qadim zamonlarga yetib boradi, xususan uning “Salom” so‘zi bilan bo‘lgan ifodasi ko‘hnadir.

Alloh taolo salom so‘zini birinchi bo‘lib, bashariyat otasi Odam (a.s.) hayot tarzlariga kiritgan edi. Bu haqda Rasululloh (s.a.v) marhamat qilib aytdilar:

خلق اللهُ عَزَّ وَ جَلَّ آدَمَ عَلىَ صُورَتِهِ ، طُولُهُ سِتُّونَ ذِرَاعًا ، فَلَمَّا خَلَقَهُ قَالَ : إِذْهَبْ فَسَلِّمْ عَلىَ اُولَئِكَ ، نَفَرٍ مِنَ الْمَلاَئِكَةِ ذُرِّيَّتِكَ : فَقَالَ : اَلسَّلاَمُ عَلَيْكُمْ ، فَقَالُوا : اَلسَّلاَمُ عَلَيْكَ وَ رَحْمَةُ اللهِ ، فَزَادُوا : وَرَحْمَةُ الله فَكُلُّ مَنْ يَدْخُلِ الْجَنَّةَ عَلىَ صُورَةِ آدَمَ فَلَمْ يَزَلِ الْخَلْقُ يَنْقُصُ بَعْدُ حَتىَّ الْآنْ

ya'ni: “Rasululloh (s.a.v): Alloh taolo Odam (a.s.)ni o‘z suratida (ya'ni, unga o‘zida bor bo‘lgan “tirik, biluvchi, eshituvchi, ko‘ruvchi, so‘zlashuvchi” kabi sifatlarni ato etib yaratdi va bo‘ylarini oltmish ziro' (gaz) qildi. Yaratib bo‘lgach, u kishiga “Anavi o‘tirgan farishtalarning oldiga borginda, salom bergin, so‘ng ularning senga beradigan aligini yaxshilab eshitib olgin, chunki bu senga va sendan tarqaladigan zurriyotlaringga yo‘llangan salom bo‘ladi!” – dedi. Odam (a.s.) borib, “Assalomu alaykum (Sizlarga salom!)” – dedilar. Farishtalar: “Assalomu alayka va rahmatullohi! (Senga ham salom va Allohning rahmati bo‘lsin!” – deb alik aytishdi, so‘ng yana “Va rahmatullohi fakullu man yadxulul jannata ala surati Odam! (Jannatga Odam suratida kiradigan barcha insonlarga ham Allohning rahmati bo‘lsin!)” – deb qo‘shib qo‘yishdi. Shu vaqtdan boshlab hozirgacha insonlarning xilqati (tabiati, qiyofasi, bo‘y-basti) kamayib bormoqda”.

Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qilib aytadi:

فَإِذَا دَخَلْتُمْ بُيُوتًا فَسَلِّمُوا عَلَى أَنْفُسِكُمْ تَحِيَّةً مِنْ عِنْدِ اللَّهِ مُبَارَكَةً طَيِّبَةً كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمُ الْآَيَاتِ لَعَلَّكُمْ تَعْقِلُونَ

سورة نور/61

ya'ni: “... Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza salomni aytingiz (ya'ni “Assalomu alaykum” deng!) Sizlar aql yurgizishlaringiz uchun Alloh o‘z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur”.

Bu oyati karima Islom shariatida Salom so‘zi bilan salomlashish joriy bo‘lganiga dalolat qiladi.

Haq taolo Salom berish va salomga qaytariladigan alik chiroyli suratda bo‘lishi haqida marhamat qilib aytadi:

وَإِذَا حُيِّيتُمْ بِتَحِيَّةٍ فَحَيُّوا بِأَحْسَنَ مِنْهَا أَوْ رُدُّوهَا

/86سورة النساء

ya'ni: “Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o‘sha (ibora)ni qaytaringiz...”.

Go‘zal axloq sohibi bo‘lgan Payg‘ambarimiz (a.s) ham ko‘plab hadisi shariflarida ummatlarini o‘zaro bir-birlariga salom berishga va salomni ochiq-ravshan aytishga targ‘ib va tashviq etganlar. Ul zot marhamat qilib aytdilar:

لاَ تَدْخُلُوا الْجَنَّةَ حَتىَّ تُؤْمِنُوا ، وَ لاَ تُؤْمِنُوا حَتَّى تَحَابُّوا ، أَوَلاَ اَدُلُّكُمْ عَلىَ شَيْءٍ إِذَا فَعَلْتُمُوهُ تَحَابَبْتُمْ ، اَفْشُوا السَّلاَمَ بَيْنَكُمْ رواه ﻣﺴﻠﻢ

ya'ni: “Imonga kelmaguningizga qadar jannatga kira olmaysizlar va bir-birlaringizni do‘st tutmaguningizga qadar imonli bo‘la olmaysizlar. Sizlarni, agar bilsalaringiz, o‘zaro do‘st bo‘lishingizga bois bo‘ladigan narsaga dalolat qilaymi? O‘rtalaringizda salomni ravshan eshittiringlar va o‘rtalaringizda oshkora aytinglar!”

Salom berishdagi eng chiroyli va mukammal lafz bu – Assalomu alaykum, deb aytishlik va unga javoban Vaalaykumussalomu va rahmatullohi va barakotuhu deb ziyoda salom berish sunnatdir. Shuningdek, ot-ulovdagi kishi piyodaga, ozchilik ko‘pchilikka, yurib borayotgan kishi o‘tirgan yoki o‘rnida tik turganlarga, kichik kattaga salom berishga tavsiya qilinadi.

“Assalomu alaykum” – “Sizga tinchlik tilayman”, “Va alaykum assalom”, “Sizga ham tinchlik bo‘lsin” so‘zla­rida ulkan ma'no, ezgu tilak mujassam.

“As-Salom” Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biridir. Yaxshilab salom bering, yaxshilab alik oling. Ayrimlar “assomalaykum”, “vassomalaykum” deya noto‘g‘ri talaffuz qilishganda, bu go‘zal duoning ma'nosi buziladi.

Salomlashishning yana bir fazilati, uchrashganida kim birinchi bo‘lib salom bersa, uning savobi yanada ulug‘ bo‘­ladi. Birinchi bo‘lib salom berishni odat qi­lish yaxshi.

Bir necha o‘rin va holatlarda salom berish va alik qaytarish joiz bo‘lmaydi:

  1. Salom berilgan kishi qazoyi hojatda bo‘lsa, unga salom berish ham va salomga alik qaytarish ham makruh;
  2. Shu kabi Salom berilgan kishi namoz o‘qiyotgan yoki azon aytayotgan bo‘lsa, unga ham salom berish joiz emas. Namoz o‘qiyotgan kishi “alaykum” deb javob qilsa, namozi buziladi;
  3. Uyquda yoki mudroqda bo‘lgan kishiga ham salom berilmaydi;
  4. Salom berilgan kishi taom tanavul qilayotgan bo‘lsa va taom og‘zida bo‘lsa unga ham salom berilmaydi va javob ham qilmaydi. Agar luqma og‘zida bo‘lmasa, salom berish mumkin va salomga javob qilish farz bo‘ladi;
  5. Qur'oni karim tilovat qilayotgan kishiga ham salom berish joiz emas, agar salom berilsa, unga javob qilib, so‘ngra Qur'onni o‘qishda davom qiladi. Duo qilayotgan , ehromda talbiya “Labbaykallohumma” aytayotgan kishiga ham salom berish nojoizdir.

Yuqoridagi oyat va hadislar hamda ulamolarimizning tavsiyalaridan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, musulmonlar bir birlarini ko‘rganlarida og‘zaki salomlashish bilan kifoyalanishlari mumkin. Ayniqsa hozirgi karantin qoidalari joriy etilgan sharoitda masofani saqlagan holda ya'ni, ikki metrdan kam bo‘lmagan masofada qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib salomlashsak maqsadga muvofiq va to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lamiz. Bizning bugungi vaziyatimizda qo‘l berib ko‘rishish yoki quchqlashib ko‘rishish mumkin emas.

Alloh taolo barchalarimizga Islomning makorimul ahloq borasidagi benazr bebaho yo‘l-yuriqlariga, go‘zal odob-axloqlarga amal qilishimizda va aziz farzandlarimizni ham yuksak ma'naviyat sohibi etib tarbiyalashimizda ulkan muvaffaqiyatlar ato qilsin! Omin.

Zayniddin domla ESHONQULOV - Samarqand viloyati bosh imom xatibi 


Kiritilgan vaqti: 20/04/2020 10:52;   Ko‘rilganligi: 3761
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/bugungi-kundagi-salomlashish-va-uning-odoblari
Chop etilgan vaqti: 20/05/2024 19:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing