O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

BOSHLIQLARGA ITOAT QILISH

 
 

Alloh taolo Qur’oni Karimda o‘zimizdan bo‘lgan boshliqlarga itoat qilishga buyurib marhamat qildi:

Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz! Bordi-yu, biror narsada (din ishida) kelisha olmay qolsangiz – Allohga va oxirat kuniga ishonadigan bo‘lsangiz – uni Allohga va Payg‘ambariga havola qilingiz. Mana shu yaxshiroq va yechimi chiroyliroq (ish)dir*. Niso surasi 59-oyat.

Albatta pok shariatimizning buyurgan qoidalaridan biri, o‘zimizdan bo‘lgan boshliqlarga itoat qilish har bir fuqaroga lozimdir. Chunki boshliqlarga itoat qilish din va dunyo ishlarini tartibga soladi, inson fitnadan saqlanadi, hadlar ado qilinib, farzlar bajariladi.

Bu borada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dan ham ko‘p hadislar vorid bo‘lgan.

Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) dedilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga Allohdan o‘zga ma’bud yo‘qligiga, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Allohning rasuli ekanligiga, namozni qoim qilishga, zakotni berishga, eshitish va itoat qilishga va barcha musulmonlarga nasihat qilishga bay’at qildim” Buxoriy rivoyati.

Ka’bul Ahbordan boshliqlar haqida so‘ralganda, shunday dedilar: “Ular yerdagi Allohning soyalari. Kim ularga nasihat qilsa, to‘g‘ri yo‘lni topadi. Kim ularni aldasa, adashadi.”

Huzayfa ibn al-Yaman (roziyallohu anhu) dedilar: “Boshliqlarni so‘kmanglar.Chunki u Allohning yerdagi soyasi. Alloh u bilan haqni qoim qiladi, dinni oshkor qiladi, zulmni daf qilib, fosiqlarni halok qiladi.”

Umar ibn Abdulaziz qo‘l ostidagi odob beruvchi insonga dedi: “Senga toatim qanday bo‘ldi?” “Chiroyli itoat qildingiz” dedi. “Senga itoat qilganimdek, menga ham itoat qilgin”, dedilar Umar ibn Abdulaziz.

Haqni yuzaga chiqarib, zulmga qarshi kurashuvchi bunday boshliqlarga itoat qilish ulkan savob, ularga itoat qilmaslik osiylik ekanligini bayon qilib,

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kim menga itoat qilsa, Allohga itoat qilibdi. Kim menga osiy bo‘lsa, Allohga osiy bo‘libdi. Kim amirimga itoat qilsa, bas menga itoat qilibdi. Kim amirimga osiy bo‘lsa, menga osiy bo‘libdi”.

Olimlardan birlari dedilar: “Boshliqqa itoat qilish, uning nuridan olgan inson uchun hidoyatdir. Boshliq itoatidan chiqish omonlikdan uzilishdir. Boshliq itoati Allohning mustahkam arqoni va to‘g‘ri dinidir. Undan chiqish esa, toat qo‘rg‘onidan ma’siyat zulmatiga chiqishdir. Kim boshliqni aldasa, adashibdi va xor bo‘libdi. Kim unga muhabbat, nasihat qilsa, dunyo va oxiratda oliy maqomni topibdi.” Boshliqqa itoat qilish Alloh taolo Payg‘ambariga nozil qilgan ulug‘ Kitobida buyurilgan vojibdir.

Bunday odil boshliqlar fazli haqida,

Abu Sa’id al – Hudriydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: "Qiyomat kunida Alloh taologa eng suyukli va Unga eng yaqin bo‘ladigan banda odil rahbardir". Termiziy rivoyati.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: "Hukm chiqarishda ham oila – a’zolari va qo‘l ostidagilari xususida adolatli bo‘lgan zotlar Alloh taoloning huzurida, Rahmonning o‘ng tomonida nurdan yasalgan minbarlar ustida bo‘ladilar. Alloh taoloning har ikkala qo‘li o‘ngdir". Muslim rivoyati.


Kiritilgan vaqti: 21/09/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 5101
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/boshliqlarga-itoat-qilish
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 16:34
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing