“Bismillahir rohmanir rohim”ning fazilati (1-maqola)
Musulmon kishi kundalik hayotida eng ko‘p talaffuz qiladigan jumla bu - ''Bismillahir rohmanir rohim''dir. ''Bismillahir rohmanir rohim''ning fazilatini yo bilamiz yoki bilmaymiz.
Keling suyukli payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislar orqali eng ko‘p ishlatadigan so‘zimiz ''Bismillahir rohmanir rohim''ning fazilati haqida so‘z yuritaylik. Shoyadki boxabar bo‘lib, bu kalimani yanada ko‘proq aytib Allohning rahmat va mag‘firatiga yana ham ko‘proq sazovor bo‘lsak.
Imom Doroqutniy Ibni Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ''Jabroil alayhissalom menga Alloh taolodan vahiy olib kelganida, avvalgi aytgan kalimasi ''Bismillahir rohmanir rohim'' bo‘lar edi, deb marhamat qilganlar.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh hazratlari hazrati Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ''bismillahir rohmanir rohim''ni nozil bo‘lishi haqida shunday deganlar: ''Vaqtiki ''Bismillahir rohmanir rohim'' nozil bo‘lganda maloikalardan iborat samovot ahli xursand bo‘lib, shodlandilar. Uning nozil bo‘lishi bilan Arsh titradi. U bilan mingta farishta nozil bo‘ldi. Maloikalarning imonlari ziyoda bo‘ldi. Jinlar yuztuban yiqildilar. Falaklar harakatga keldi. Uning ulug‘ligi oldida davlatmandlarning qadri pasaydi''. Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: ''Vaqtiki ''bismillahir rohmanir rohim'' nozil bo‘luvdi tog‘lar ham tasbeh aytdi. Tog‘larning tasbehini hatto Makka ahli ham eshitdi. Ular: ''Muhammad (s.a.v) tog‘larni ham sehr qildi'', dedilar. Bas, ularning ustiga Alloh taolo tutun yubordi. Tutun hatto-ki Makka ahlining ustiga soya soldi''. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ''Kimki ''Bismillahir rohmanir rohim''ni ishonch va iymon bilan aytsa, tog‘lar ham u bilan birga tasbeh aytadi illo aytguvchi tog‘lar tasbehini eshitmaydi'', dedilar. Doroqutniy va Tabaroniy rohimahumulloh Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: ''Sulaymon alayhissalomdan keyin birorta nabiyga nozil bo‘lmagan oyatni senga aytmay masjiddan chiqmayman'', dedilar-da keyin ''namozda qur'onni nima bilan boshlaysan'', dedilar. Men ''Bismillahir rohmanir rohim'', bilan dedim. Ul zot ''Ha, o‘sha, o‘sha'', dedilar. Vaki' va Sa'labiy rohimahumulloh Ibni Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: ''Kimki do‘zaxning Zaboniya farishtalari changalidan omonda bo‘lmoqni hohlasa 19 ta harfdan iborat ''Bismillahir rohmanir rohim''ni ko‘p o‘qisin. Alloh taolo ''bismillahir rohmanir rohiym''dagi har bir harfni har bir Zaboniya farishtaga qalqon qiladi''.
Daylamiy roziyallohu anhu Ibni Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ''Kimki ''bismillahir rohmanir rohim''ni o‘qisa Alloh taolo uning har bir harfi uchun qirq ming hasanot yozadi, qirq ming yomonligini o‘chiradi, u uchun qirq ming darajot ato etadi. (Dorul Mansur). Anas ibni Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: ''Agar butun yer yuzidagi dov - daraxtlar qalamlar bo‘lsa, dengizlar siyoh bo‘lsa va jinlar, insonlar, farishtalar kotiblar bo‘lsalar va ''Bismillahir rohmanir rohim''ni ma'no va fazilatlarini ming-ming yillab yozsalar, uni o‘ndan birini ham yoza olmaslar.(Risolai basmala). Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: ''Agar banda ''bismillahir rohmanir rohim'' desa jannat ahli ''Labbayka va sa'dayka'' ya'ni mana men seni ro‘parangda, oldingdaman. Seni baxtli qilaman, deydi va Alloh taologa iltijo qiladi: ''Parvardigoro, falonchi bandang ''bismillahir rohmanir rohim'' dedi. Allohim uni do‘zax ahlidan qilma, uni jannatingga kirgiz'', deydi''.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi. Ul Zot sollallohu alayhi vasallam: ''Qiyomat kuni bir qavm keltiriladi. Ular ''Bismillahir rohmanir rohim'', deb keladilar. Tarozida ularning yaxshiliklari yomonliklaridan og‘ir keladi.
Boshqa ummatlar: ''Ularning yaxshiliklari bunchalik ham og‘ir'', deydilar. Albatta, buning sababi ular bu hayoti dunyoda har bir kalomlarini ''bismillahir rohmanir rohim'' bilan boshlar edilar. ''Bismillahir rohmanir rohim'' Alloh taoloning ulug‘ ismlaridandir. Garchi tarozining bir pallasiga ''bismillahir rohmanir rohim'' qo‘yilsa, ikkinchi pallasiga Samovot va Yer, ular ichidagi va ular orasidagi narsalar qo‘yilsa, albatta, ''bismillahir rohmanir rohim'' og‘ir keladi. Alloh subhonahu va taolo bu ummatni ''bismillahir rohmanir rohim''ning fazilatiyu barakotidan turli xil balo-ofatdan, shaytonning sharridan omon saqladi. Shuningdek, turli xil kasalliklardan, yo‘qolib ketishdan, o‘tda yonishdan, mayib majruh bo‘lishdan, suvga cho‘kishdan omon saqladi. (Xavosil qur'on).
Muallif: Mansurjon Abduxoliqov – Payariq tumani bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 09/08/2019 15:25; Ko‘rilganligi: 20472
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 00:43