Bir soatlik tafakkur, bir yil ibodat qilgandan xayrliroq
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bepoyon sahro sharoitida ushbu hayvonning mavjudligini o‘zi insonlarga berilgan katta ne'mat. Chunki tuya go‘shtini, sutini iste'mol qilishda shifo borligini tabobat isbotlab turibdi. Boshqa hayvonlarga nisbatan jazirama issiq sharoitida o‘ta kuchli va chidamli. Tuyaning oyoqlari ikki tizzali bo‘lgani uchun bemalol o‘tirib-turishi, insonlar uning ustiga chiqib-tushishlarida qulaylik beradi. Tuya juda yuvosh va beozor hayvon. Uni oddiy kichkina bola ham o‘ziga bo‘ysindirib oladi. Bejizga Qur'on va hadislarda tuya hayvoni haqida zikr qilinmagan. Yana bir qiziq ma'lumot, Allohning amri bilan hozirgi Masjidul Nabaviyada tuya cho‘kkan joy Payg‘ambarimiz alayhisalom qabrlari joylashgan joy.
Tuyani bejizga – sahro kemasi deyishmaydi. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
أَفَلَا يَنظُرُونَ إِلَى الْإِبِلِ كَيْفَ خُلِقَتْ
“Ular nazar solmasmi: Tuyaning qanday yaratilganiga?” (G‘oshiya surasi, 17-oyat).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo O‘z qudratini ko‘rsatish uchun insonlarga, xususan, kofirlarga O‘zining yaratgan narsalariga nazar solib ko‘rishni tavsiya qilmoqda:
“Tuyaning qanday yaratilganiga” nazar solmaydilarmi?
Qur'on nozil bo‘lgan payt va joyda odamlarga eng yaqin hayvon tuya bo‘lgan, shuning uchun ularning e'tibori tuyaga tortilyapti. Haqiqatan ham, tuya bir mo‘jiza: uning tuzilishi – quloqlari, burni, ko‘zlari, oyoqlari, tuyoqlari sahro uchun moslashgan. Shuning uchun ham uni arablar «sahro kemasi» deyishadi. Tuya issiq havoda yurishga moslashgan, suv ichmasdan, bir necha kunlab yurishi mumkin va hokazo.
Endi “sahro kemasi”ning yaratilishidagi ba'zi bir ajoyibotlarga qisqacha bo‘lsa ham, nazar solaylik. Tuyaning ko‘zlari boshning yuqori qismida joylashgan bo‘lib, ortga qarash imkonini beradi. Uning qovoqlari esa qumni to‘sishga moslashgandir. Shuningdek, tuyaning burun kataklari va quloqlari ham qum kirishini to‘sadigan junlar bilan jihozlangan. Sahroda shamol turishi bilan tuyaning tumshuqlari ham, quloqlari ham jismiga tortilib, qumdan zarar ko‘rmaydigan holatga kelib oladi.
Tuyaning tuyoqlari ham alohida shakldagi suyaklarga kiygizilgan go‘sht va teridan iborat qo‘lqop bo‘lib, qumning ustida yuk ortilgan holda bundan boshqa tuyoq bilan yurish mumkin emas.
Tuya sahroda och qolganda, quruq yog‘ochni, hatto tikanni ham yeb ketaveradi.
Tuyaning o‘rkachi o‘ziga xos ozuqa omboridir. Agar tuya sahroda och qolsa, o‘sha o‘rkachidagi “ombor”dan ozuqa olaveradi.
Sahroda eng zaruriy narsa suv hisoblanadi. Tuyani Alloh taolo bu ehtiyojga ham moslab yaratgan. Avvalo, tuya terlamaydigan qilib yaratilgan. Ya'ni jismidagi suvni o‘zida saqlab turadi. Qolaversa, tuyaning burni og‘ziga ulangan. Shuning uchun uning nafas chiqarishi tufayli ajralgan bug‘ og‘zi orqali yana ichiga qaytadi. Shu bilan birga, tuya birdan ko‘p suv ichib olish qobiliyatiga ega. U oltmish litrgacha suv ichishi mumkin. Bu esa unga sahroda olti kundan o‘n kungacha suv ichmay yurish imkonini beradi.
Quyida tuya haqida qiziqarli ma'lumotlarni o‘qishingiz mumkin.
-Tuya suv va ovqat borligini hid sezish orqali 40-60 km uzoqlikdan biladi.
-Tuya xarakatdagi insonni 1 km uzoqlikdan, xarakatdagi avtoulovlarni esa 3-5 km dan ko‘ra oladi.
-Tuya ovqat yemasdan 30 kun yashay oladi.
-Tuya suv ichmasdan 6-10 kungacha yashay oladi.
-Tuyaning terisi quyosh nurini qaytarish xususiyatiga ega.
-Tuya burunni shamol va qumdan butunlay yopishi orqali o‘z salomatligini saqlaydi.
-Tuyaning terisi buqanikidan 2 marta qalin.
-Tuyaning vazni 800 kg va bo‘yi 2-3 m ga borishi mumkin.
-Tuya o‘z vaznining yarmicha yuk ortishi mumkin ayrim turlari 700 kg gacha yuk ko‘tara oladi
-Tuya terisidan 21 kg gacha qimmatbaxo jun xom-ashyosi olish mumkin
-Tuya terisi va badani 70°S temperatura issiqdan saqlaydi ya'ni «sovitgich (konditsioner)» vazifasini o‘tab beradi
-Tuya 16 km/soat tezlikkacha xarakatlana oladi
-Tuya ustidagi egasi bilan 1 kunda 80 km gacha, yuk va uzoq masofalarga 30-40 km yura oladi
-Tuyaning panjalari bir-biriga yopishgan va keng, bu esa qum ustida qiyinchiliksiz xarakatlanish ustunligini beradi
-Tuyani ikkita tizzasi bo‘lib, yerga o‘tirishi va turishi uchun qulaylik beradi
-Tuyaning bo‘yni uzunligi sababli noqulay sharoitlardagi ovqatlarni bemalol iste'mol qila oladi
-Tuyani jahli chiqsa, tuflab o‘z noroziligini ifoda etadi
-Tuya tabiiy sharoitda 40-50 yil yashashi mumkin
-Tuyaning arabchada 80 dan ortiq nomlari bor. Ulardan biri “Jamal” (Camel-inglizchada) deb nomlanadi, ya'ni o‘zbekchada “go‘zal” degan ma'noni bildiradi.
Bu g‘aroyib tuya hayvoni haqida juda ko‘plab ma'lumotlarni keltirish mumkin.
Ushbu zikr qilingan narsalar Alloh taoloning, o‘sha tuyani yaratgan Zotning qudratiga dalil emasmi? Ha, tuyaning va har bir jonzotning yaratilishiga ibrat nazari bilan, aqlni ishlatib qaragan inson Alloh taoloning qudratiga tan bermay iloji yo‘q.
Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Bir soatlik tafakkur, bir yil ibodat qilgandan xayrliroq”, deb marhamat qilganlar.
Akmal Qurbanov tayyorladi.
Manba: islom.uz
Kiritilgan vaqti: 11/09/2019 17:10; Ko‘rilganligi: 3111
Chop etilgan vaqti: 16/09/2024 02:11