BAXTIYOR OILA MUSTAHKAM JAMIYAT ASOSI
Insonning erkak va ayol qilib yaratilishidagi hikmat
Dunyodagi jamiki mavjudot borki, Alloh taolo ularning barchasini juft qilib yaratgan. Insoniyat olami, hayvonot olami, nabotot olamidan tortib boshqa barcha jonli va jonsiz narsalarning har biri juft qilib yaratilgani bugungi kunda ilmiy isbotini topgan haqiqatdir.
Qur’oni karimda “Va Biz har bir narsani juft yaratdik” («Zariyat» surasi, 49-oyat), oyati bilan barcha narsalarning jufti borligi ta’kidlangan.
Alloh taolo insonga shunday his tuyg‘ularni, moddiy-ma’naviy istaklarni berganki, ularni na ota-onasidan va na biror yaqinidan ololmaydi. Kishi bu tuyg‘ularini qondirish uchun faqat o‘z jinsidan bo‘lgan juftga ehtiyoj sezadi. Buyuk hikmat sohibi Haq subhanahu va taolo bandasining bu ehtiyojini o‘zidanda yaxshiroq bilgani sababidan unga juftini yaratib, hayotining totli va mazmunli o‘tishini ta’minlab berdi.
“Rum” surasining 21-oyatida shunday bayon qilinadi: “Uning oyatlaridan (yana biri) sizlar taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir”.
“Baqara” surasida quyidagicha marhamat qilinadi: “Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz” (187-oyat). Darhaqiqat er-xotinlar bir-birlariga shu qadar muhtojdirki, kishi kiyimsiz yuraolmaganidek, erning baxti xotin bilan, xotinning baxti er bilan to‘kis bo‘ladi.
Insonlarning erkak va ayol qilib yaratilishining eng buyuk hikmatlaridan biri naslning davom etishidir. “Nahl” surasining 72-oyatida: “Alloh sizlar uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun bolalar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantirdi”, deya marhamat qilingan.
Dunyoda hayotning izchil davom etishi, tinch-totuv oilalar, sog‘lom farzandlar vujudga kelishi uchun Alloh taolo alohida tadbirlar qilmadi, balki, dastlab insonni o‘z jinsidan bo‘lgan juftga intiluvchan qilib qo‘ydi, so‘ngra bu juftlik o‘rtasida inoqlik va mehribonlik paydo qildi. Ushbu inoqlik va mehribonlik sabab boshqa-boshqa muhitlarda tarbiya topgan kishilar eru-xotin bo‘lib osuda hayot kechiradilar. Ularning qalbiga joylangan farzandga bo‘lgan mehr-shafqat esa, qanchalik mashaqqatli va qiyin bo‘lmasin, bola dunyoga keltirib, uni tarbiyalashga, doimo uni himoyalab, barkamol qilib voyaga yetkazishga bois bo‘ldi.
Shu birgina juftlikning yaratilishi, dunyo yaratilgandan beri undagi hayotning davom etishiga sabab bo‘ldi va bo‘lmoqda.
Jannatda ham davom etadigan rishta
Odamzotga nikoh va imondan boshqa jannatgacha davom etadigan ibodat yo‘q. Oila shunday saodatbaxsh bir bog‘ki, u hatto janatda ham davom etadi.
Oila jamiyatning birinchi bosqichidagi negizi hamda diniy, ijtimoiy, axloqiy ta’lim tarbiya dargohi bo‘lganidan muqaddas deb e’tirof etiladi.
Hayotda oilaning bardavomligi birinchi navbatda er-xotinning o‘zaro totuv yashashi, bir-birining yaxshi va yomon jihatlarini ko‘tarishi, ayb va kamchiliklarini kechirishi, tinch-totuvlikni etishlari bilan ta’minlanadi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyilgan: “Ular (xotinlar) bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso, 19).
Oila – katta jamiyatning kichik bir bo‘lagi. Jamiyat yomonlik va buzg‘unchilikning barcha turlaridan holi, tinch va obod bo‘lishi, avvalo, ushbu kichik jamiyat – oilaning tinch-totuvligi, ahilligiga, pokiza turmush kechirishiga bog‘liq. Oiladagi har bir shaxs o‘z mas’uliyatini to‘liq his qilib bajarishi bilan oila tinchlik-xotirjamligi va baxt-saodati ta’minlanadi, barqaror va mustahkam bo‘ladi.
Erkak oila qo‘rg‘oni
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Erkaklar Allohba’zilarini ba’zilaridan fazlli qilgani va o‘z mollaridan infoq qilganlari uchun ayollarga qavvom(boshliq)dirlar”, degan.
Ushbu oyati karima hukmi ila islomda erkak kishi oila boshlig‘i etib tayinlangan. Bu boshliqlik mas’uliyatdan iboratdir. Boshliq deganda oilada o‘zi xohlagan narsani qilib, hammani o‘z xohishiga bo‘ysundirish haqiga ega bo‘lishi degani emas. Balki oilaning mas’uliyatini shariat ko‘rsatgan amrlar bo‘yicha olib borishni zimmasiga olishdir.
Oyati karimada erkak kishiga ikki sabab tufayli oila boshliqligi mas’uliyati yuklatilganligi bayon qilinmoqda.
Birinchisi “Alloh ba’zilarini ba’zilaridan fazlli qilgani uchun”. Erkak kishining yaratilishining o‘zi oila boshliqligi og‘irligini ko‘tarishga moslangandir. Jismonan erkak ayoldan ko‘ra baquvvat bo‘lishi hech kimga sir emas. Oilaga boshliq bo‘lgan shaxs oilani hamma tomonlama ta’minlashi, xavfu xatardan himoyalashi va boshqa tomonlardan ham mas’uliyatlarni o‘z zimmasiga olishi lozim.
Ikkinchisi (Erkaklar) “o‘z mollaridan infoq qilganlari uchun ayollarga qovvom (boshliqdir)lar”.
Oila qurish va uni boshqarish uchun zarur barcha moliyaviy xarajatlar islom shariati tomonidan erkak zimmasiga yuklatilgan. Bu qoidaga oiladan boshqa joylarda ham hamma xalqlar amal qiladilar. Kattadir kichikdir har bir jamiyat, muassasa, ishxona va tuzumlarga ham molyaviy ta’minotni o‘z zimmasiga olgan tomon rahbarlik qiladi.
Shunday ekan, har bir erkak ayoliga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi, muomala madaniyatiga ahamiyat berishi, berilgan buyuk marhamatni e’zozlashi kerak. Ayoliga uy ishlarida yordam berib, og‘irini yengil qilishi ayolning ko‘nglini ko‘taradi, o‘rtadagi mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlaydi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz Muhammaddan (sallollohu alayhi vasallam) rivoyat qilgan hadisi
sharifda: “Sizlarning yaxshilaringiz ahli ayoliga yaxshi muomalada bo‘lganlaringizdir”, deyiladi.
Er ayolining va oilasidagilarning odob-axloqiga mas’uldir. Yaxshi axloq tarbiyaning hosili, inson tarbiyaga muhtoj. Chunki inson tug‘ilishidan aqilli bo‘lishi mumkin, lekin tarbiyali bo‘la olmaydi. Shu sababdan murabbiy yoki ustozdan tarbiya olishga muhtoj. Shundan kelib chiqib, oila a’zolarining axloqiy tarbiyasida oila rahbari – ota zimmasiga katta masuliyat tushadi.
Hadisi sharifda: “Barchangiz rahbarsiz va barchangiz qo‘l ostidagilaringizga mas’uldirsiz”, deyilgan.
Erkak ayoliga e’tiborli bo‘lishi, uning sha’ni va obro‘sini himoya qilish kerak.
Ayol oila tartibotchisi
Oilada erkaklar zimmasiga mas’uliyatlar yuklagani kabi ayollarga ham bir necha vazifalar yuklanadi. Ayolning burchlaridan kelin bo‘lib kelgan kunidan boshlab o‘zining kichik oilasi – eri va yana katta oila – erning ota-onasi hamda yaqinlari bilan inoq munosabat o‘rnatishidir.
Ayol eriga itoatni eng muhim vazifalaridan biri deb bilishi lozim. Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (sallollohu alayhi vasallam): “Agar birovning birovga sajda qilishga amr qilgudek bo‘lsam, xotinlarni Alloh ularga ayollari ustidan bergan haqning sababidan erlariga sajda qilishlariga amr qilgan bo‘lur edim”, deganlar.
Ayol doimo go‘zal muomalada bo‘lishi, oiladagi tartib-intizomga rioya qilish, qaynonaga hurmat va muhabbatda bo‘lish, uning ba’zi so‘z va talabchanligiga toqatli, irodali bo‘lish, gaplarini to‘g‘ri qabul qilishi lozim. Ayollar qaynota-qaynonani hurmat qilishlari, ularga moddiy-ma’naviy e’tibor qilishdan charchamasliklari darkor. Ularni xursand qilishlari erning o‘zlariga bo‘lgan muhabbatini oshirishini unitmasliklari kerak bo‘ladi.
Ayol muammo va tasodiflar sababidan oila a’zolari haqida erga yomon gap aytmaslik kelinni boshqalar ko‘ziga yomon ko‘rinishidan saqlaydi.
Erning jahlini chiqarish va jahli chiqqan paytda unga qarshi turish, baqir-chaqir bois uning ko‘ngli sovuydi, oila binosi yemirilib boraveradi. Erning kayfiyati buzulgan paytda oqila ayollar muloyimlik bilan uning g‘azabini so‘ndirishga, buning imkoni bo‘lmasa, sabr-toqat qilib vaziyatni yumshatishga intiladilar, erga yo‘ldosh, sirdosh bo‘lishga harakat qiladilar. Achchig‘langan erning so‘zlaridan ranjimasdan, to‘g‘ri qabul qiladilar.
Ayol – saronjom-sarishtali, tadbirkor, ishbilarmon bo‘lgan oilaning a’zolari rohat-farog‘at topadi, huzur ko‘radi. Bunday xotinlar payg‘ambarimiz Muhammad (sallollohu alayhi vasallam): “Mo‘min banda Allohga bo‘lgan imondan so‘ng erishgan eng yaxshi narsa soliha ayol bo‘lib, unga qarasa xursand qiladi va Alloh amrini bajarishda yordam beradi”, deb maqtagan ayollar qatoriga kiradi.
Oilaning moddiy barqarorligini ta’minlash uchun doimiy harakatda, mehnatda bo‘lgan erni uyda ham muntazam notinchlik, muammolar kutib tursa, u asabiy, tajang bo‘lib qoladi, sog‘ligini yo‘qotadi.
Erga itoat etish va uning istagiga ko‘ra yashash xotin hurmatini, qadr-qimmatini kamaytirmaydi. Balki, u o‘zining vafoli, ko‘rkam xulqli ekani hamda o‘zidan aqlli bo‘lgan kimsaning martabasini anglaganini isbot etadi. Bu ishlar ham erining, ham boshqalarning muhabbatini, ishonchini qozonishiga sabab bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz (sallollohu alayhi vasallam) hadisi sharifda: “Qaysi xotin besh vaqt namoz o‘qisa, bir oy ro‘za tutsa, eriga itoat qilsa, haromga yurmasa, jannat eshiklari unga ochiqdir”, deganlar.
Kiritilgan vaqti: 07/02/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 6017
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 01:06