O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

BARCHAMIZ BIRDEK MAS’ULMIZ

 
 

Diniy qadriyatlarning, ezgulikning insoniyatning dushmani bo‘lgan yot g‘oyalarning asl mohiyatini ochib berish, bugungi oqimlarni jilovlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, mana shunday tinch, musaffo osmon ostida bunyodkorlik mehnati bilan band bo‘lib, shukrona keltirib yashayotgan oliyjanob xalqimizning tinch hayotini har qanday balo- qazolardan asrashga o‘z hissamizni qo‘shish bugungi kundagi eng dolzarb vazifamiz bo‘lishi kerak

Islom Karimov

Bugungi kunda ISHID fitnasi butun dunyoni tahlikaga solayotgan muammo bo‘lib bu haqda juda ko‘p gapirilmoqda, yozilmoqda. Shuningdek, mazkur ISHID chi gazandalarning asosiy g‘oyasi, maqsadi haqida keng jamoatchilik o‘z fikr mulohazalarini bildirmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, islomshunos olim Aydarbek Tulepovning “ISHID fitnasi” nomli asarida bu bosqinchi to‘da haqida atroflicha ma’lumotlar berilib, ularning razil qilmishlari ochib tashlangan. Mazkur kitob butun dunyoni tashvishga solayotgan ISHID ning shaytoniy fitnalarini, vahshiyliklarini, xavfliligini, bir so‘z bilan aytganda bosqinchilarning yovuz hatti-harakatlarini aniq dalillar bilan fosh etib berolgan zaruriy qo‘llanmadir.

Bir rivoyatda aytilishicha, dushman tarafdan bir ayolning o‘ldirilishidan Rasululloh (s.a.v.) qattiq ranjiganlar. Shunda u zot : “Men ayollarni o‘ldirishdan qaytarmaganmidim? Axir u urushga kirmagan-ku!” deganlar. Mazkur kitobda esa muqaddas Islom dini niqobi ostida harakat qilayotgan ISHIDchilar o‘zlarining jirkanch maqsadlarini amalga oshirish uchun ayollardan foydalanib, ularni “tirik bombaga” aylanishga majbur qilayotganliklari bayon qilingan. Shuningdek, o‘zini–o‘zi o‘ldirish, beliga bomba bog‘lab portlatish aslo shahidlik emas, eng katta gunoh ekanligi oyati karimalar va hadisi shariflar orqali ochib berilgan. ISHIDchilar tomonidan amalga oshirilayotgan barcha ishlar insoniyatga qarshi qaratilgan xavfli, vayronkor va tajovuzkor harakatlar bo‘lib uning asl maqsadi - insonlarda qo‘rquv va mavhumlik urug‘ini sochishdan iboratdir. Qur’oni karimda: “Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohak) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso 29), deb marhamat qilingan. Muborak hadislardan birida bunday deyiladi: Alloh taolo hadisi qudsiyda bayon qiladiki: “Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, Men bergan umrga shukr qilmay shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim”. (Imom Buxoriy).

ISHID tomonidan amalga oshirilayotgan xunrezliklar ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, internet orqali ko‘p namoyish etilmoqda. Boshqacharoq qilib aytganda terroristlar o‘z saflarini kengaytirish maqsadida ma’lumot olish va axborot almashishning qulay vositasi hisoblanmish internet qulayliklaridan ustalik bilan foydalanishmoqda. Biroq internetda hamma narsa: oq bilan qora, ezgulik bilan yovuzlik aralash - quralash. Ma’lumot tarqatish, biznes va reklama uchun katta maydonga aylangan global tarmoqni nazorat qilishning umuman imkoni yo‘q. Shuning uchun ham “O‘rgimchak to‘ri” da buzg‘unchi g‘oyalar targ‘iboti va terrorga chaqiriqlar ko‘p uchraydi. Yoshlarimiznining bunday buzg‘unchi g‘oyalarga aldanmasligi, zalolat botqog‘iga botmasligini ta’minlash niyatida zarur tavsiyalar “ISHID fitnasi” kitobining “Axborot asri tahlikalari” bo‘limida batafsil bayon etib berilgan.

Umuman olganda, diniy ekstremistik tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan tashviqot natijasida xotin-qizlarimiz, farzandlarimiz, yaqinlarimizning soxta g‘oyalarga aldanib qolishlariga, yurt tinchligi, vatan ravnaqi yo‘lidagi faoliyatdan chalg‘ib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligimiz darkor.

Xotin-qizlarimizda, yoshlarimizda yovuz xurujlarga qarshi kuch-immunitet shakllansa, ularga hech qanday tahdid o‘zining zararli ta’sirini o‘tkaza olmaydi. Boshqacha qilib aytganda ularni g‘oyaviy ofatlardan asrash barchamizning burchimizdir.


Kiritilgan vaqti: 19/02/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2349
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/barchamiz-birdek-masulmiz
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 13:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing