O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

AXBOROT ASRI TAHLIKALARI

 
 

Barchamizga ma’lumki, ko‘pchilik insonlar bebaho umrni, vaqtni qadrlab, ilmu fandan yaxshilik bilan unumli foydalanib, qadr topdilar va topayapdilar. Xalqimizda guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganidek ayrim insonlar bu umrni, vaqtni befoyda narsalar bilan, finta fasod ishlar bilan zoye qilib, ikki dunyoda ham o‘zlarini xoru zor qilmoqdalar. Muqaddas dinimiz har xil guruh bo‘lib, odamlar o‘rtasida fitna fasod qilishlikni mutlaq qoralaydi.

Hozirgi kunda mafkuraviy-g‘oyaviy jihatdan diniy asosga tayanadigan turli inqilobiy harakatlar dunyoning turli joylarida, ayniqsa, Yaqin Sharq mamlakatlarida miting, ish tashlash, namoyish, yig‘in, isyonlar va aholining turli tabaqalaridan iborat jamiyat bilan hokimiyat o‘rtasida harbiy qurolli to‘qnashuvlar tusida amalga oshirilmoqda. Shaxs va jamiyat, diniy maslak o‘rni to‘g‘risida to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lmagan yosh yigit-qizlar ko‘pincha ana shunday inqilobiy to‘s-to‘polonlar g‘ildiragini aylantirishga ko‘maklashmoqda.

Buzg‘unchi g‘oyalarning tez tarqalishiga sabab bo‘layotgan ijtimoiy tarmoqlar yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etayotgani ko‘pchilikni jiddiy tashvishga solmoqda. Bugungi kunda yosh avlodning aksariyati ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishadi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar internetga kiruvchilarning o‘zaro muloqot qilish va ma’lumot almashishlari uchun juda qulay vositadir.

O‘tgan yillar davomida ijtimoiy tarmoqlar rivojlanib, takomillashib bordi. Ilk bosqichda ular yordamida faqat yozishmalar amalga oshirilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarga kelib, ishtirokchilar musiqa va video fayllarni qo‘shish va ko‘chirish imkoniga ham ega bo‘lishdi. Internet sahifalaridagi ayrim hayo, odob-axloq, andisha kabi milliy urf-odatlarimizga xilof mazmundagi narsalar oila tinchligi, mustahkamligi va farovonligiga hamda farzandlarimiz tarbiyasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Biz uchun oila muqaddas hisoblanib, undagi tartib-qoidalar dolzarb ahamiyatga ega. Umuman, oilada o‘rnatilgan o‘ziga xos qoidalar oila mustahkamligini ta’minlashda muhim bo‘lib kelgan. Masalan, Markaziy Osiyo hududiga islom dini yoyilgach, oilaga doir qonun-qoidalar ushbu din ta’limotlari asosida shakllandi. Ya’ni, oilada erning mavqei balandligi, shu bilan bir qatorda, xotin ham teng haq-huquqlarga ega ekani, farzandlar bilan ota-onalari o‘rtasida odob, hurmat chegarasi borligi, o‘zaro yaxshi muomalada bo‘lish kabilar.

Ijtimoiy tarmoqdagi turli kimsalar azaldan shakllanib kelayotgan ana shunday qoidalarni farzandlar ongida o‘zgartirishga harakat qilishmoqda. Bu bilan ularni o‘z ota-onalariga qarshi qilib qo‘yishmoqda. Natijada ana shunday ruhda katta bo‘lgan o‘g‘il-qizlar vaqti kelib, oila qurganlarida hayot sinovlariga chidolmasdan, yengil hayotni afzal ko‘rib, oilalar buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Bizlarga islom dini kirib kelgan vaqtdan boshlab ota-bobolarimiz Imomi A’zam mazhabi ko‘rsatmalariga rioya qilib kelganlar. O‘tgan ulamolarimizning deyarli hammasi ham shu mazhab asosida asarlar bitib qoldirganlar. Xalqimiz ham shu mazhab yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishga o‘rganib qolganlar. Ularga boshqa mazhab hukmlaridan gapirilsa yoki boshqa mazhabdagi musulmonlarning boshqacha namoz o‘qiyotganliklarini ko‘rsalar, taajjubga tushishlari tabiiy.

Ammo aqidaparast oqim tarafdorlari diyorimiz musulmonlarining hanafiy mazhabiga rioya etishlarini inobatga olmay, o‘zlari turli manbalardan o‘qigan yoki eshitgan boshqa mazhablarga oid yoki dinimiz ta’limotlariga zid fikrlarni ommaga tarqatib, mo‘min-musulmonlar orasida ikkilanishlarni keltirib chiqarishmoqda. Hatto, bu borada boshqalar bilan bahs-munozaralarga ham kirishadilar. Alloh taolo marhamat qiladi:

«(Ey inson!) O‘zing (aniq) bilmagan narsalarga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dil – bularning barchasi to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (javob berur)» (Isro, 36).

Mustaqillik yillarida dinimizga berilgan imkoniyatlarni, afsuski, suiiste’mol qilgan ba’zi yot toifa va firqalar kishilar o‘rtasida turli ixtiloflarning avj olishiga sabab bo‘ldilar. Buni birinchi bo‘lib, o‘zini «sof islom ta’limoti himoyachisi» sifatida ta’riflagan oqimlar boshlab berdi.

Bu oqimlar o‘zining ilk faoliyatini hanafiy mazhabi ko‘rsatmalariga qarshi kurashishdan boshladi. Ular hayot mohiyatini hali anglab yetmagan, g‘o‘r yoshlarni o‘z ta’siriga torta boshladilar. Chunki umri davomida ma’lum mazhabda ibodat qilib kelgan, ko‘p yillik hayot tajribasiga ega bo‘lgan keksalarni yo‘ldan ozdirish ular uchun mahol edi. Bu oqim dinga e’tiqod qilishda hech qanday mazhabga yoki imomga ergashishni shart qilmaydi. Qur’on va hadisdan har kim o‘zi mustaqil fatvo olib e’tiqod va ibodat qilishi lozim, degan da’voni ilgari surdi. Shuningdek, asosiy hujumni masjid imomlarini tanqid va ayblab, soddadil va g‘o‘r musulmonlarni o‘z ortlaridan oson ergashtirdi.

Lekin ular o‘zlari qilayotgan da’volariga zid ravishda, «rahnamo»larining fikri va fatvosiga qarab ish tutardilar. Birinchi ixtilof namoz ibodatini ado qilish borasida yuzaga keldi.

Musulmonlar «Ahli Sunna val-Jamoa» sifatida biror-bir mazhabga ergashishlari lozim. Ammo ixtilof yuqorida zikr qilingan «ahli ilm»lar o‘ylaganidek, faqat namoz masalasida bo‘lib qolmadi, balki u mafkuraviy ziddiyatga aylanib ketdi. Oqim tarafdorlari hanafiy mazhabiga zid tarzda, o‘zgalarni kofirga chiqarish, Allohga shirk keltirishda asossiz ayblash kabi buzuq aqidalarni tarqata boshladilar.

Xo‘sh, oqim a’zolarining bundan maqsadlari nima edi? Nima uchun kofirlikda ayblash ular uchun kerak bo‘lib qoldi? Shu o‘rinda dunyodagi qo‘poruvchi oqimlar uchun xos bo‘lgan va bir-biriga bog‘liq ikki illat to‘g‘risida to‘xtalish o‘rinli:

1. Kofirlikda ayblash.

2. Kofirlarga qarshi kurash – urush e’lon qilish.

Bunday illatlar barcha buzg‘unchi oqimlarda uchraydi. Zero, buzg‘unchilar o‘z tarafdorlarini g‘oyaviy jihatdan boshqalardan ajratib olish maqsadida o‘ziga ergashmaganlarni kofir deb ayblaydilar. Vaholanki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida odamlarni «kofir» deb haqoratlashdan qaytarib shunday deganlar:

“Biror kishi o‘z birodariga: “Ey kofir! desa, bu so‘z ikkalasidan biriga tegishli bo‘ladi”, dedilar, (ya’ni, agar kofirlikda ayblovga haq bo‘lsa, ayblanuvchi kofirligicha qoladi, basharti haq bo‘lmasa, u holda o‘zi kofir bo‘ladi).

Shuningdek, buzg‘unchilar insonlar orasida fitna qo‘zg‘ash, parokandalikni yuzaga keltirish hamda shu orqali o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishish uchun turli xil uslub va vositalardan foydalanmoqda. Shulardan biri, ma’lum bir davlatni «kufr diyori» deb atab, u yerdan «hijrat» qilish lozim, shuningdek, bunday «kufr diyorlari»ga qarshi urush olib borish kerak, degan g‘oyadir. Vaholanki Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam «Makka fathidan keyin hijrat yo‘q »deganlar.

Bundan maqsad o‘z yurtida tinch va osuda yashab turgan dili pok odamlarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib, «sizlar noto‘g‘ri yo‘ldasizlar» deb, ularni o‘z yurtidan ketib, jangarilarga qo‘shilishlari uchun o‘ylab topilgan yolg‘on yo‘l sanaladi. Chunki Islom davlatiga o‘z armiyasini askarlar bilan to‘ldirish uchun yoshlar kerak, ular insoniy zahiralarini to‘ldirishlari darkor. Binobarin, mazkur buzg‘unchi tashkilot a’zolari hijratni o‘z qora maqsadlariga mos ravishda talqin qilib, masjidlarda jamoat bilan besh mahal namoz ado etilib turgan, musulmonlar islom arkonlariga emin-erkin amal qilib kelayotgan mamlakatlarni ham «dorul harb» (urush diyori) yoki «dorul kufr» (kufr diyori)ga chiqarmoqdalar.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining hidoyat yo‘lida bardavom aylasin.


Kiritilgan vaqti: 21/01/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3647
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/axborot-asri-tahlikalari
Chop etilgan vaqti: 25/06/2021 11:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing