O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Ақийда

KALOM ILMINING FAZILATI, AQLIY VA NAQLIY DALILLARNI O‘RGANISH

 
 

Bizlarni ongli mavjudot qilib yaratgan hamda Uni tanib, iymon keltirgan zotlardan qilib qo‘ygan Allohga beadad hamdlar bo‘lsin!

Payg‘ambarlarning so‘nggisi, Odam farzandlari ichidan eng ulug‘i, o‘z ummati uchun jonini fido qilib yashab o‘tgan hazrati Muhammadga va u zotning olu as'hoblariga sonsiz-sanoqsiz salavot-u salomlar bo‘lsin!

Ilmlarning ichidan eng afzali – bu, Alloh taoloning zoti bilan aloqador ilm ekanligi barcha ahli ilmlarga ma'lum bir haqiqatdir.

Musulmon kishi Allohning mavjudlik, qadimlik, (ya'ni azaliylik – Uning mavjudligining ibtidosi yo‘qligi), yagonalik (ya'ni Uning zotida, sifatlarida va fe'llarida hech biri sherigi yo‘qligi), o‘z Zoti bilan mavjud bo‘lib turishlik (ya'ni mavjud bo‘lib turishda boshqaga muhtoj bo‘lmasligi va har bir mavjud narsa Unga muhtoj ekanligi), yaratilmishlarga o‘xshamaslik (ya'ni, U O‘zining yaratmishlaridan birortasiga o‘xshamasligi, Uning azaliy qudrati, azaliy irodasi va azaliy hayoti borligi, ana shu hayoti yaratilmishlarning hayotiga o‘xshamasligi), eshitish va ko‘rish (ya'ni U eshitadi va ko‘radi) kabi sifatlar bilan, azaliy ilm bilan sifatlangan ekanini, Uning bizlarning gapimizga o‘xshamaydigan kalomi borligini yaxshi bilib olmog‘i lozim. Bularni bilishda U yaratilmishlarga o‘xshamaydi degan e'tiqodda bo‘lish kerak. Ana shu o‘n uchta sifatlarni bilish har bir balog‘at yoshiga yetgan va aqli joyida bo‘lgan musulmon zimmasidagi farzi ayndir. Ammo bu o‘n uchta sifatdan boshqalarini bilish esa farzi kifoya bo‘lib, ayrim musulmonlarning ularni bilishlari boshqalarning zimmasidagi bu mas'uliyatni soqit qiladi. Binobarin, ana shu o‘n uchta sifatni aqliy dalil bilan yoki hech bir dalilsiz bilib olgan, payg‘ambarlar – alayhimussalom – larga nima vojibligini hech bir dalilsiz bo‘lsa-da bilib olgan kishi o‘zining zimmasida farz bo‘lgan e'tiqodni ado etgan hisoblanadi.

Bu kalom ilmining birinchi darajasi bo‘lib, har bir balog‘at yoshiga yetgan va aqli joyida bo‘lgan musulmonga ularni bilish farzdir.

Kalom ilmining ikkinchi darajasi Alloh uchun vojib bo‘lgan sifatlarning barchasini aqliy va naqliy dalillari bilan bilishdir. Bunisi farzi ayn emas, balki farzi kifoya amal. Diniy bilimi yetarli bo‘lmagan musulmonlarga bu sifatlarni aqliy va naqliy dalillari bilan bilish farz emas. Ya'ni bu darajadagi ilmni bilish musulmonlarning ba'zilari uchun farz hisoblanadi.

Shuningdek, namoz, ro‘za, zakot va haj singari amallarga taalluqli ahkomlarni bilish ham ikki darajalidir. Mulhidlar va bid'atchilarning musulmonlarni shubhaga solib qo‘yishlarining oldini olish va bartaraf qilishga qodir bo‘lishi uchun musulmon kishi ularning dalillarini yaxshi bilishi lozim. Mulhidlar – islom diniga mansub bo‘lmagan zindiq kishilar bo‘lib, ular musulmonlarni o‘z dinlari xususida shak-shubha ostiga solib qo‘yishni istaydilar. Bid'atchilar esa musulmon shaxslar bo‘lib, ular hidoyat yo‘lida emas balki zalolat yo‘lidadirlar. Ana shu bid'atchilar ikki toifa bo‘ladilar:

Birinchi toifa aslida islom dinidan chiqib ketgan bo‘lsalar-da, o‘zlarini musulmonmiz deb da'vo qiladilar. Ular dindan chiqqanliklarini bilmaydilar ham. Jumladan, “Alloh taolo bandada yaratib qo‘ygan qudrat bilan u o‘z amallarini o‘zi yaratadi. Alloh taolo bandaning amallaridan hech birini yaratmaydi. Aksincha, banda o‘zining amallarini o‘zi yaratadi. Alloh taolo bandaga bu qudratni berganidan so‘ng ularning amallarini ya'ni, ularning harakatlari-yu harakatsiz turishlarini yaratishdan ojiz bo‘lib qoladi”, deydigan mu'taziliylar ana shunday bid'atchilardan biridir. Ana shu toifa vakillari bandani o‘z amalining yaratuvchisi deb e'tiqod qiladilar-u, ammo o‘zlarini musulmon deb, bo‘lib ham musulmonlarning eng yaxshilari deb da'vo qiladilar. Aslida ular hech ham musulmon emaslar va ularning islomdan nasibalari yo‘qdir. Demak, biz yuqorida aytib o‘tgan kishilar va toifalarga raddiya bera olish imkonini beradigan darajada ilm o‘rganish farzi kifoyadir.

Kalom ilmi salaflar davrida ham bo‘lgan. Abu Hanifa roziyallohu anhu salaflar davrining eng o‘rtasida vafot etganlar. Salaflar deganda biz islomning dastlabki uch asrida yashab o‘tgan musulmonlarni tushunamiz. Ulardan so‘ng xalaflar deb ataladigan musumonlarning davri boshlangan. Binobarin, bu ummatning eng yaxshilari – bu, islomning dastlabki uch asrida yashab o‘tgan musulmonlardir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshi deb baho bergan kishilar aynan ana shu uch asrda yashab o‘tgan musulmonlardir. Abu Hanifa roziyallohu anhu shu uch asrning o‘rtasida ya'ni 150 – yilda vafot etgan va aynan ana shu yilda imom Shofiiy tavallud topgan. Abu Hanifa kalom ilmida eng yuqori darajadagi olimlardan biri bo‘lgan. Uning aqliy va naqliy dalillari teran anglab yetgan shaxs bo‘lgan. Abu Hanifa roziyallohu anhu o‘zlarini islomga mansub deb da'vo qiladigan ana shu bid'atchilarga va islomga mansub bo‘lmagan ana shu mulhidlarga qarshi keskin kurash olib borgan. Abu Hanifa roziyallohu anhu kalom ilmiga o‘ta ishtiyomand bo‘lganidan o‘rtadagi masofa olis bo‘lishiga qaramasdan Bag‘dod bilan Basra o‘rtasida qatnab yurgan. Tuya, ot va eshak kabi hayvonlardan boshqa ulov mavjud bo‘lmagan o‘sha davrlarda u yigirma martadan ko‘proq bu ikki shahar o‘rtasida qatnagan.

Aqida ilmini ham aqliy, ham naqliy dalillari bilan birga o‘rganish yomon narsa emas. Aksincha u ham musulmonlar zimmasidagi farzdir. Biz yuqorida aytib o‘tgan mulhidlarga “Alloh taolo unday degan”, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday degan” desangiz ular “Biz sening kitobingga ham, Payg‘ambaringga ham ishonmaymiz. Shunday ekan, bizga aqliy dalil keltir”, deb turib oladigan bo‘lsa, siz nima qilar edingiz. Alloh taoloning borligiga, Uning qudrati va bilishimiz lozim bo‘lgan sifatlariga, payg‘ambarlikning haqligiga, anbiyo va rasullarga ergashish lozimligiga aqliy dalillar keltira olmasangiz qanday qilib u bilan bahslashasiz va unga qarshi kurashasiz?! “Alloh taolo unday degan”, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday degan”dan boshqa narsani bilmasangiz, bilganingiz faqat oyat va hadislarning zohiriy ma'nolari bo‘ladigan bo‘lsa, qanday qilib ular bilan kurasha olasiz?

Dinni himoya qilish uchun aqliy dalillarni bilish, aqidani uning aqliy va naqliy dalillari bilan o‘rganish shart va zarurdir.

To‘g‘ri, ayrim odamlar haqiqatni yaxshi bilmaganliklari uchun odamlarni kalom ilmidan qochirishga urinadilar va buning uchun imom Shofiiydan rivoyat qilingan “Allohga shirkdan boshqa har qanday gunoh bilan yo‘liqishim men uchun Unga kalom ilmi bilan yo‘liqishimdan ko‘ra yaxshiroqdir”, degan so‘zlarini dalil qilib keltiradilar. Aslida-chi? Aslida, imom Shofiiydan qilingan rivoyatning to‘g‘risi bu mujtahid, muhaddis va mufassir imom Abu Bakr ibn Munzir o‘zining “Al-ishrof” kitobida rivoyat qilgan gapidir. Ibn Munzir imom Shofiiyning Rabiy al Murodiy kabi yetuk shogirdlaridan ta'lim olgan kishilardan biridir. Demak, Ibn Munzir imom Shofiiydan qilgan rivoyatda u: “Bandaning shikrdan boshqa har qanday gunoh bilan Allohga yo‘liqishi uning hoy-havaslardan bir ozi bilan Allohga yo‘liqishidan ko‘ra yaxshiroqdir”, degan. Hoy-havaslar degani bu, bid'atchilarning aqidalari bo‘lib, mu'taziliylik ham hoy-havaslar toifasidandir.

Aqida ilmini uning aqliy va naqliy dalillari bilan o‘rganish – ana shu buyuk ish musulmonlarning ayrimlari zimmasidagi farzi kifoyadir. Ammo shunga qaramay, ba'zi bir odamlar uni yomon ko‘radilar, Shofiiy roziyallohu anhuga nisbat berilgan yuqoridagi buzib naql qilingan gapni xujjat sifatida keltiradilar. Ana shu odamlar imom Shofiiy roziyallohu anhuning aqida ilmini mukammal bilganini, bundan tashqari uning aqliy va naqliy dalillarini belgilab berganini bilmaydilar. Imom Shofiiy bu ilmda juda pishiq bo‘lgani uchun “Bundan oldin unisini mukammal o‘rganib oldik”, degan edi. Ya'ni, fiqh ilmini o‘rganishdan oldin biz aqida ilmini uning aqliy va naqliy dalillari bilan birga mukammal o‘rganib oldik.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, kalom imlini yomonotliqqa chiqaradigan yoki aqida ilmini aqliy dalillar orqali o‘rganishni inkor qiladigan kishilardan ehtiyot bo‘lishimiz lozim. Darhaqiqat, Alloh taolo barcha ishlarda aql bilan ish yuritishga chaqiradi, aqlni ishlatmaganlarni qattiq tanqid qiladi. Qur'oni karimda aqlga taalluqli so‘zlar 50 marta ishlatilgan. “Aql egalari” degan jumla esa 10 martadan ko‘proq ishlatilgan.

Alloh taolo barchamizni ana shu aql egalaridan qilsin. O‘zining roziligiga olib boradigan yo‘ldan adashtirmasin.

Alouddin HOFIY, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi


Kiritilgan vaqti: 13/11/2019 14:03;   Ko‘rilganligi: 2982
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/aqidah/kalom-ilmining-fazilati-aqliy-va-naqliy-dalillarni-organish
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 02:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing