O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ALLOH TAOLONING BAYTINI ULUG‘LANG, PAST SANAMANG!

 
 

Alloh taolo bizlarni masjid bino qilishga buyurganidek, masjidlarni obod qilishga ham buyurgan va bu ishni iymonning alomatlaridan biri qilib qo‘ygan.

Qolaversa, masjid bino qilish sadaqai joriy bo‘lib, kishining vafotidan keyin ham savobi borib turadi.

إِنَّمَا يَعْمُرُ مَسَاجِدَ اللَّهِ مَنْ آمَنَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ وَأَقَامَ الصَّلَاةَ وَآتَى الزَّكَاةَ وَلَمْ يَخْشَ إِلَّا اللَّهَ ۖ فَعَسَىٰ أُولَٰئِكَ أَن يَكُونُوا مِنَ الْمُهْتَدِينَ

Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat
kuniga iymon keltirganlar, namozni to‘kis ado etganlar, zakotni
berganlar va Allohdan boshqadan qo‘rqmaganlargina obod qilurlar.
Ajab emaski, ana o‘shalar hidoyat topguvchilardan bo‘lsalar
(Tavba
surasi 18-oyat).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo O‘z bayti bo‘lmish masjidlarni
obod qiladigan kishilarning sifatlarini bayon etdi. Endi biz obod
qilish qay ko‘rinishda bo‘lishini anglab olishligimiz zarur bo‘ladi.
Ulamolar ushbu oyat tafsirida “Obod qilish” ikki xil yo‘l: moddiy
obod qilish va ma'naviy obod qilish bilan bo‘ladi, deyishgan.
Moddiy obod qilishni hammamiz bilamiz: masjidni buzilgan
joylarini qayta tiklash, kamchiliklari bo‘lsa to‘ldirish, tozaligiga
e'tibor berish va hakazo. Bu aynan masjid idorasi bilan band
bo‘lgan kishilar zimmasidagina emas, barcha musulmonlarning
zimmasidagi burch. Buni barcha tushinib yetmoqligi lozim. Shundan
so‘ng, masjid borasida aytayotgan gapimizga e'tiborli bo‘lishimiz
talab qilinadi. Agar masjidda biror kamchilik ko‘radigan bo‘lsak,
darhol shosha-pisha olamga “Ayyuhan-nos” solguncha, o‘zi nima
bo‘lganini surishtirish lozim bo‘ladi. Shu masalani hal qilishda
qiyinchilik ustida turilgan bo‘lsa, qo‘lidan kelsa o‘zi ushbu
kamchilikni to‘ldirib qo‘yishlik, agar qo‘lidan kelmasa biror kishiga
maslahat solib bu ishni hal qilishlik uning savobini ko‘payishiga
sabab bo‘ladi. Aksincha, xato-kamchilik topish ilinjida, masjidni
obro‘sizlantirish uchun xato izlaydigan kishilar juda katta gunohkor
bo‘lib qolishliklari ajabmas!

Ma'naviy obod qilish – Allohning baytini doim ziyorat qilib,
unda namozlarini ado qilish bilan bo‘ladi. Shuningdek, masjid yoki
uning imom xatibi haqida omma orasida aylanib yurgan bo‘larbo‘lmas gaplar bo‘lsa, undan qaytarishlik ham obod qilish
yo‘llaridan biridir. Shu o‘rinda bugungi kunda imom xatiblarimizni
ommaviy axborot vositalarida xatolarini izlab-qidirib, topib,
bo‘rttirib yoritayotganlari juda achinarli holat. To‘g‘ri, inson xatodan
holi emas. Ammo, bu degani u endi odamlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlay
olmaydi degani emas! Albatta, boshlay oladi. Axir u shariatni
o‘rgangan, o‘rgata oladi. Siz topayotgan imomning xatosini kimdan
o‘tgangansiz? Imomdan, albatta! Ulamolarimiz aytishganidek,
“Ulamolarning go‘shti zaharlidir”. Ular borasida g‘iybat va bo‘hton
tarqatishdan tiyilaylik. Xatosi bo‘lsa, o‘ziga ayting, agar ta'sir
qilmasa undan kattalarga murojaat qiling. Ammo, butun olamga jar
solib, bir birodaringizni sharmanda qilish ilinjida bo‘lmang!

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘iybat nima ekanligini bilasizlarmi?” dedilar. Sahobalar: “Alloh va Uning Rosuli bilguvchiroq” deyishdi. U zot: “O‘z birodarini (eshitsa) ranjiydigan so‘z bilan zikr qilish” dedilar. Shundan sahobalardan biri: “Yo Allohning Rosuli, agar biz aytgan gap (haqiatdan ham) o‘sha kishida bo‘lsachi?” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar siz aytgan gap (haqiqatdan ham) unda topiladigan bo‘lsa uni g‘iybat qilgan bo‘lasiz. Agar unda topilmaydigan bo‘lsa bo‘hton qilgan bo‘lasiz” dedilar (Imom Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyatlari).

Ulamolarimiz bir so‘z bilan g‘iybat va bo‘htonni gunohi kabira ekanligini aytishgan. Masjidlarda Allohni zikr qilishdan to‘sadigan, masjidlarning buzilishiga sabab bo‘ladigan kimsalarni U Zot dunyoda xorlik, oxiratda ulkan azob bilan qo‘rqitdi, tahdid qildi. U zot Qur'on karimda shunday degan:

وَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّن مَّنَعَ مَسَاجِدَ اللَّهِ أَن يُذْكَرَ فِيهَا اسْمُهُ وَسَعَىٰ فِي خَرَابِهَا ۚ أُولَٰئِكَ مَا كَانَ لَهُمْ أَن يَدْخُلُوهَا إِلَّا خَائِفِينَ ۚ لَهُمْ فِي الدُّنْيَا خِزْيٌ وَلَهُمْ فِي الْآخِرَةِ عَذَابٌ عَظِيمٌ

 Allohning masjidlarida Uning ismi zikr qilinishini man
etgan va ularni buzishga harakat qilgandan ham zolimroq odam
bormi? Ana o‘shalar u joylarga faqat qo‘rqqan hollaridagina
kirishlari kerak edi-ku! Ularga bu dunyoda xorlik bordir va ularga
oxiratda ulug‘ azob bordir
” (Baqara surasi, 114-oyat).

Dinimiz bizlarni masjidlar qurishga va ularni obod etishga
chaqirgan. Bu ishni jannatga olib boradigan va Allohning rizosiga
erishtiradigan yo‘l deb e'lon qilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim
Alloh uchun masjid bino qilsa, u xoh kichik bo‘lsin, xoh katta bo‘lsin,
Alloh unga jannatda uy bino qiladi” (Termiziy rivoyati).

Mo‘min odam Allohning uylarini obod qilishga, unga infoq qilib, moddiy obodligini ziyoda qilishga, unda namoz o‘qib, ma'naviy obodligini ziyoda qilishga urinar va qalbi doim masjidlarga bog‘liq bo‘lar ekan, ikki dunyoning baxtu saodatiga, xayru barakasiga erishadi.

Biroq, “Paxtakor ovozi” maxsus muxbiri tomonidan Narpay tumanidagi mavjud bo‘lgan 14 ta jome' masjidni turli xil haqoratli so‘zlar bilan  butun ommaga jar solishi, faoliyat yuritayotgan imom xatiblarga yordam qo‘lini cho‘zmasdan obro‘sizlantirishi ayni fosiqlik belgisi ekani maqolani o‘qigan har bir o‘quvchining aql-u tafakkuriga keladi. Vaholanki, mo‘minlar nazdidagi eng ulug‘ ish – bir-birlarini aybini yashiruvchi ekanliklaridir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Albatta, Alloh taolo hayoli va berkituvchidir. Hayoni va berkitishni yaxshi ko‘radi” (Imom Ahmad rivoyati). “Paxtakor ovozi” maxsus muxbiri Maqsud Mirzayevning yozgan maqolasi hayosizlik alomatidir.

Maqolani o‘qigan iymonli o‘quvchida unga nisbatan nafrat va g‘azab uyg‘onadi. Vaholanki, yurtimiz rahbari yurtimizdagi masjidlarni obodonchiligiga har-bir musulmonni, masjid xodimlaridan tortib barcha xalqni targ‘ib qilib turgan paytda nuqson va kamchiliklarni bartaraf etish o‘rniga o‘z aybini hammaga oshkor qilishi sharmandali holatdir.

         Alloh taolo barchalarimizni masjidlarni ham moddiy, ham ma'naviy obod qilib, ikki dunyo saodatiga erishtirishligini va Jannatda o‘zimiz uchun bir bayt qurishligimizni nasib aylasin!

Xayrulloh Sattarov, 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakili o‘rinbosari.


Kiritilgan vaqti: 17/08/2019 16:40;   Ko‘rilganligi: 1932
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/alloh-taoloning-baytini-uluglang-past-sanamang
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 11:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing