O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Zayniddin domla Eshonqulov: Rasul alayhissalomning shafoatlari yer yuzidagi daraxtlar adadichadir (fotolavha)

 
 

Daraxtlarsiz sayyora cho‘lga aylanadi. Ularsiz esa har bir tirik jonzot uchun yashash og‘irlashib qoladi. Bu ajoyib o‘simliklar Haq taolo yaratgan narsalarning eng g‘aroyiblaridan.

Alloh taolo marhamat qiladi: “O‘zingiz yoqadigan olovni o‘ylab ko‘ring-a! Uning daraxtini siz yaratgansizmi yoki Biz yaratuvchimizmi?” (“Voqea” surasi, 71–72-oyatlar).

Qur'oni karimda bir necha o‘rinlarda daraxtlarning xususiyatlari zikr qilingan. Shuning uchun Payg‘ambarimiz alayhissalom ularni ekishga targ‘ib qilganlar. Ularning dunyodagi borliq va jonzotlar uchun manfaatlari bilan birga oxiratda ham ulkan foydalari bor.

Mubarak hadisi sharifda: “Burayda roziyallohu anhu aytadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim, u zot alayhissalom bunday dedilar: “Albatta, men qiyomat kunida shafoat qilmoqligim yer yuzidagi daraxtlar adadicha bo‘lishligini umid qilaman”, deya marhamat qilinadi.

Qiyomat kunidagi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shafoatlaridan umidvor bo‘lmagan ummat bo‘lmasa kerak. Kimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shafoat qilsalar, u albatta jannatga kiradi. Demak, yer yuzida qancha daraxt ko‘p bo‘lsa, qiyomat kunida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari ham shuncha ko‘p bo‘ladi, inshaAlloh.

Daraxt ekishga da'vat etuvchi hadisi shariflarga sharh bergan Imom Navaviy rahimahulloh bunday degan edilar: “Ulamolar kasblarning eng afzali va yaxshisi qaysi ekanligi borasida munozara qilganlar. Ba'zilari tijorat degan bo‘lsalar, ayrimlari qo‘l mehnati, yana boshqalari esa ekin ekish deganlar va mana shu qavl, ya'ni ekin ekish eng to‘g‘ridir”.

So‘ngi vaqtlarda daraxt va ko‘kalamzorlarning kamayib ketishi tabiatga jiddiy zarar keltirishni boshlagan edi.

Ma'lumki, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yashil makon” ekologik loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chatini ekish orqali yurtimiz yashil maydonlarini amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan edi.

Mana shu xayrli tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligi bir qancha ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan, Payariq tumanida “Imom Buxoriy avlodlari” bog‘i tashkil qilinib, unga 5 ming tup ko‘chat ekildi. Kattaqo‘rg‘on tumani “Xo‘ja Abdurahmon ota” jome masjidi yonidagi 3 gektar maydonida “So‘fi Allohyor” bog‘i, Pastdarg‘om tumani “Norqul bobo” masjidi hududidagi “Ezgulik” bog‘i tashkil qilinib, u yerlarga jami 15 to‘p mevali va manzarali daraxtlar o‘tqazildi.

Shuningdek, Qo‘shrabot tumani Navkat mahallasidagi “Ergash” fermer xo‘jaligiga 200 tup, Samarqand tumanidagi “Arabxona” jome masjidi hududida 150 tup mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.

Shu kunlarda Samarqand tumanidagi sayyor uchrashuvlarda vakillik xodimlari, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, tajribali imom-xatiblar hamda tumandagi masjid imom-xatiblari tomonidan 150 tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Samarqand viloyatida o‘tkazilayotgan sayyor uchrashuvlar chog‘ida qatnashchilar qaysi shahar yoki tumanda yig‘ilsa, albatta, o‘sha yerda bir bog‘ tashkil etish odat tusiga aylangan.

Shu ma'noda viloyatimizdagi “Yashil makon” doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish ishlarida imom-xatib va barcha diniy soha vakillari faol ishtirok etib kelmoqda.

Biz ahli ilmlar sifatida “Yashil makon” umummiliy loyihasini qo‘llab-quvvatlashimiz, aholiga ham bu savobli amaldan chetda qolmaslikni targ‘ib etishimiz ham musulmonlik, ham insonlik vazifamizdir.

Aslida har bir kishi o‘z-o‘ziga: “Shu kunga qadar qancha ko‘chat ekdim”, degan  savolni berishi lozim. Bu xayrli tashabbusdan chetda qolib ketmaylik. Ko‘chat ekish orqali odamlarning hayot farovonligi, mo‘minlarning manfaat olishi hamda tabiatning yanada ko‘rkam bo‘lishiga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz, inshoalloh.

Bunday kishilar faqat o‘zini o‘ylamaydi, balki yon-atrofdagi insonlar  manfaatini ham ko‘zlab ish tutadi, yaxshilikning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Dinimizda bunday ishlar qadrlanadi.

Keling, aziz yurtdoshlar har birimiz mana shunday ulkan ajr-savoblarga musharraf bo‘lishga shoshilaylik!

 Zayniddin ESHONQULOV,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 17/11/2022 11:18;   Ko‘rilganligi: 785
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/zayniddin-domla-eshonqulov-rasul-alayhissalomning-shafoatlari-er-yuzidagi-daraxtlar-adadichadir-fotolavha
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 00:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing