Zamonaviy xavorijlar
Bismillahir rohmanir rohim. Alhamdu lillahi robbil alamin. Vassalatu vassalamu ala rasulihi muhammadin va ala alihi va as'habihi ajmain. Amma ba'du.
Yigirma birinchi asr kishilari har tomonlama murakkab davrda yashamoqdalar. Globallashuv asrida dunyodagi barcha mamlakatlar aholisi bir xil narsani his qilib, eng zamonaviy texnologik yutuqlardan birdek manfaatlanib, sodir bo‘layotgan ofatlardan ham birdek zarar ko‘rmoqdalar. Jumladan, ekstremizm balosining hozirgi kunda butun dunyoga birdek xavf solib turgani ham hech kimga sir emas. Ayniqsa, din niqobidagi ekstremistik harakatlar tarixda o‘tgan xavorijlarning faoliyatini aynan takrorlayotgandek.
Ma'lumki, “xavorijlar” Islom tarixida birinchi paydo bo‘lgan ekstremistik ruhdagi oqimlardan sanaladi. Garchi, ularning kelib chiqishi hazrati Ali r.a.ning xalifalik davrlaridagi voqe'alar bilan bog‘liq bo‘lsada, aslida ularning paydo bo‘lishi haqida Rasululloh s.a.v. avvaldan ogohlantirib ketganlar. O‘z o‘rnida Rasululloh s.a.v.ning bu haqda ogohlantirishlariga ham sabab bor edi. Abu Sa'id Al-Xudriy r.a. rivoyat qilib aytadilar: Rasululloh s.a.v. Hunayn g‘azotidan tushgan o‘ljalarni taqsimlayotgan vaqlarida Banu Tamim qavmidan Zul Xuvaysira degan kimsa kelib, Ey, Rasululloh! Adolat qiling! – dedi. Rasululloh s.a.v.: Agar men adolat qilmasam, kim adolat qiladi?! - dedilar. Shunda, Umar r.a.: Ruxsat bering, men uni o‘ldiray, dedi. Rasululloh s.a.v.: Yo‘q, buning birodarlari odamlar ixtilof qilgan vaqtda xuruj qiladilar. Qur'on o‘qiydilar, ammo halqumlaridan nariga o‘tmaydi. Ular xuddi kamondan o‘q chiqqanday dindan chiqadilar. Ularning belgilari shuki, oralarida bir kishi bo‘ladi, uning qo‘li ayol kishining ko‘kragidek do‘ppaygan bo‘ladi, dedilar. Abu Sa'id aytadilar: bu gaplarni Rasululloh s.a.v.dan Hunayn kunida o‘z qulog‘im bilan eshitganman, Ali r.a. ularni qanday o‘ldirganini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganman.
Demak, xavorijlar nazdida xech kimning hurmati va xech narsaning qadri, muqaddas degan tushunchalar yo‘q. Hatto payg‘ambardek zotga ham betga choparlik qilgan kimsadan yana qanday muruvvat kutish mumkin.
Imom An-Nasaiy o‘zlarining “As-sunanul kubro” asarida “Ali r.a.ning xususiyatlari” bo‘limida quyidagi rivoyatni keltiradilar: Abdulloh ibn Abbos r.a. aytadilar: Xavorijlardan olti ming kishi Haruriyyadagi bir yerga to‘plandilar. Shunda men Ali r.a.ga: Ey, mo‘minlarning amiri! Peshin namozini bir oz salqin tushguncha kechiktirib turing, ehtimol men ana u qavmning oldiga borib ular bilan gaplashib ko‘rarman?! – dedim. Ali r.a.: Sizdan xavotirdaman, dedilar. Men: Xavotir olmang, dedim-da, kiyinib, ular tomonga ketdim. Ular to‘planib o‘tirgan joyga kirganimda, ular: Xush kelding ey, Ibn Abbos, nima sababdan kelding? - deyishdi. Men: sizlarning oldingizga Payg‘ambar a.s.ning sahobalari bo‘lmish Muhojir va Ansorlar huzuridan, payg‘ambarning amakivachchasi hamda kuyovining huzuridan, haqlarida Qur'oni karim nozil bo‘lgan va uning ta'vilini sizlardan ko‘ra yaxshiroq biladiganlar huzuridan keldim. Sizlarning orangizda esa unday zotlardan birorta ham kishi yo‘q. Huzuringizga ularning aytayotgan gaplarini sizlarga yetkazish va sizlarning gapingizni ularga yetkazish uchun keldim, dedim. Shunda ulardan bir qancha nafari men tomonga o‘tdi. Men: qani Rasululloh s.a.v.ning sahobalari, birinchilardan bo‘lib U zotga imon keltirgan amakivachchasi va kuyoviga qarshi norozilik da'volaringizni ayting, dedim. Ular: uchta narsada da'vomiz bor, deyishdi. Ayting, dedim. Ular: birinchisi, u Allohning dinida kishilarni hakam qildi. Vaholangki, Alloh taolo: “Hukm Allohdan o‘zganiki emas”, degan (An'om surasi, 57-oyat), deyishdi. Men: bu bittasi, dedim. Ular: ikkinchisi, u jang qildi-yu ammo, g‘animlarining ayollarini cho‘rilikka ham olmadi, ularning mol-mulkini o‘ljaga ham olmadi. Agar, ular kofir bo‘lganlarida ularning ayollari ham, mol-mulklari ham bizlarga halol bo‘lgan bo‘lar edi. Aksincha, agar ular mo‘min bo‘lganlarida ularning qonini to‘kishimiz harom edi, deyishdi. Men: bu ikkinchisi, dedim. Ular: uchinchisi shuki, u o‘zini “mo‘minlarning amiri” deb nomlanishidan voz kechdi. Agar, u mo‘minlarning amiri bo‘lmasa demak, kofirlarning amiri ekan, deyishdi. Men ularga: bundan boshqa da'voingiz yo‘qmi? - dedim. Ular: shuning o‘zi kifoya qiladi, deyishdi. Men ularga: agar men sizlarning ushbu da'volaringizga Allohning kitobidan va payg‘ambarining sunnatidan raddiya keltirsam, qaytasizlarmi? – dedim. Allohga qasamki, albatta qaytamiz, deyishdi. Shunda men ularga: Allohning dinida kishilarni hakam qildi, degan da'volaringizga raddiya sifatida shuni aytamanki, Alloh taolo qiymati chorak dirham turadigan quyon haqida hukm chiqarishni kishilarga topshirgan. Bu haqda Alloh taolo: “Ey, imon keltirganlar! Ehromda bo‘la turib, ovni o‘ldirmangiz! Sizlardan kimki uni qasddan o‘ldirsa, (jazosi) xuddi (xonaki) hayvon o‘ldirish bilan barobar jazodir: u (ham bo‘lsa) Ka'baga (yurib) bora oladigan qurbonlik bo‘lib, unga o‘zlaringizdan ikki adolatli kishi hakamlik qilur…”, degan (Moida surasi, 95-oyat). Shuningdek, er va xotin o‘rtasida ham hakamlik qilishni kishilarga topshirgan. Bu haqda: “Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz...”, degan (Niso surasi, 35-oyat). Endi, Alloh nomi bilan so‘rayman, aytinglarchi, kishilar musulmonlarning joni va molini saqlash, ularning orasini isloh qilish borasida hukm chiqarmoqqa haqlimilar yoki qiymati chorak dirham turadigan quyon haqida-mi? – dedim. Ular: albatta, jonlarini saqlash va oralarini isloh qilish haqida, deyishdi. Bu da'volaringizga bergan raddiyam o‘rinlimi? - dedim. Ular: Alloh haqqi, ha, deyishdi. Endi, ikkinchi, ya'ni jang qildi-yu ammo, ayollarni cho‘rilikka ham olmadi, mol-mulkni o‘ljaga ham olmadi, degan da'volaringiz javob shuki, sizlarning o‘zingiz onangiz Oisha r.a.ni cho‘rilikka olgan bo‘larmidingiz. Mo‘minlarning onasi bo‘lmish bu zotdan huddi boshqa ayollardan halol bo‘ladigan narsasini o‘zingizga halol qilib olarmidingiz. Agar shunday qilsangiz, demak kofir bo‘libsiz. Bordi-yu, u bizning onamiz emas, desangiz u holda ham kofir bo‘lasiz. Chunki, Alloh taolo: “Payg‘ambar mo‘minlarga o‘zlaridan ham haqliroqdir, uning xotinlari esa ularning onalaridir”, degan (Ahzob surasi, 6-oyat). Shunday ekan, sizlar ikki tomonlama zalolatdasizlar, bulardan chiqish yo‘lini axtaringlar. Ikkinchi da'volaringizga bergan raddiyam ham o‘rinlimi? – dedim. Ular: Alloh haqqi, ha, deyishdi. Uchinchi, ya'ni u o‘zini mo‘minlarning amiri deb nomlanishidan voz kechdi, degan da'volaringizga javob shuki, Rasululloh s.a.v. Hudaybiya kunida Quraysh zodagonlarini o‘rtada sulh bitimi tuzishga chaqirdilar. Shunda Payg‘ambar a.s. Ali r.a.ga: ushbu bitim Muhammad Rasululloh tomonidan tuzildi, deb yoz, deganlarida, Qurayshliklar: yo‘q, agar biz seni rusullulloh ekanligingga ishonganimizda seni Allohning baytidan to‘smagan, senga qarshi urishmagan bo‘lardik. Shuning uchun Muhammad ibn Abdulloh deb yoz, deyishdi. Shunda Rasululloh: Allohga qasamki, garchi sizlar meni yolg‘onchi desangizda, men Allohning rasuliman. Mayli, ey Ali, Muhammad ibn Abdulloh deb yozaver, deganlar. Rasululloh s.a.v. Ali r.a.dan afzal bo‘lganlari holida, o‘zlarini Allohning rasuli deb yozdirishdan voz kechdilar, ammo bu degani payg‘ambarlikdan voz kechdilar, degani emas edi. Uchinchi da'volaringizga bergan raddiyam ham o‘rinlimi? – dedim. Ular: Alloh haqqi, ha, deyishdi va ulardan ikki ming kishi o‘z fikridan qaytdi. Qolganlari esa, Aliga qarshi chiqishdan qaytmadilar. Shundan keyingina Muhojir va Ansorlar ularga qarshi urushib, barchalarini o‘ldirdilar”.
Ushbu munozaradan ko‘rinib turibdiki, xavorijlar toifasi garchi sahobalar davrida chiqqan bo‘lsada, birorta ham sahobiy ular tarfida bo‘lmagan, aksincha bu toifa haq bilan botilni ajrata olmaydigan ilmsiz, johil kimsalardan tarkib topgan. Hozirgi kundagi ekstremistik toifalarning birortasi ham islom olamida mo‘tabar va mashhur ulamolar tomonidan e'tirof etilmagan, aksincha barcha ahli ilmning muttasil tanqidiga uchrab kelayotgan kimsalardir.
Ibn Umarning mavlosi Nofe'dan Abdulloh ibn Umarning Xavorijlar haqida qanday fikrda bo‘lganligi to‘g‘risida so‘rashganida, u shunday deb javob bergan edi: “Abdulloh ibn Umar r.a.: Xavorijlar xaloyiqning eng yomonidir. Ular kofirlar haqida nozil bo‘lgan oyatlarni mo‘minlarga tatbiq etadilar, der edilar”. Haqiqatan, zamonaviy xavorijlar bo‘lmish ekstremistik toifalar ham kofir va mushriklar haqida nozil bo‘lgan oyatlarni mo‘minlarga nisbatan talqin etib, ularni kofirga chiqarmoqdalar. Internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan video roliklarning birida, bir to‘da ekstremistik kayfiyatdagi kimsalar jumladan, “Mumtahana” surasining 4-oyatini mo‘minlarga tatbiq qilayotgani namoyish etilgan. Mazkur oyatning mazmuni shundan iboratki, “Sizlar uchun Ibrohim va u bilan birga bo‘lgan kishilarda go‘zal namuna bordir. Qaysiki, ular o‘z qavmlariga: “Bizlar sizlardan va sizlar Allohni qo‘yib ibodat qilayotgan narsalaringizdan bezormiz. Bizlar sizlarni inkor etdik. Toki, sizlar yolg‘iz Allohga imon keltirmaguningizgacha, sizlar bilan bizning o‘rtamizda mangu adovat va nafrat paydo bo‘ldi”, – dedilar...”. Ma'lumki, Ibrohim a.s. ayni butparastlikka mukkasidan ketgan qavmga payg‘ambar bo‘lib kelgan edilar. Hatto u zotning otalari Ozar but va sanamlar yasovchi usta bo‘lgani tarix kitoblarida bayon qilingan. Butlarga sig‘inuvchi qavmni yolg‘iz Allohga ibodat qilishga chaqirgan Ibrohim a.s. va u kishiga imon keltirganlar o‘z qavmlarining hidoyatga kelishidan umidlari uzilgach, mazkur oyatda bayon qilingan so‘zlarni aytganlar. Buni qarangki, ushbu oyatni ming yillardan beri mo‘min-musulmon bo‘lib yashab kelayotgan o‘zbek xalqiga qarshi talqin qilish naqadar kulgili. Bu esa, ularning ilmsiz, o‘ta johil kimsalar ekanligiga dalolat qilib turibdi.
Shuni ta'kidlash joizki, barcha bid'atchi firqalarning paydo bo‘lishi va rivojlanishida Islom va musulmonlarning ashaddiy dushmanlarining qo‘li borligiga shak-shubha yo‘q. Shunday ekan, chin musulmon inson ekstremistik toifalarning jozibador so‘zlari-yu, maftunkor da'volariga oldanmasligi lozim bo‘ladi.
H. Ishmatbekov. Fatvo bo‘limi mudiri
Manba: Muslim.uz
Kiritilgan vaqti: 20/12/2019 15:14; Ko‘rilganligi: 3698
Chop etilgan vaqti: 15/09/2024 14:50