Zamonasining tengsiz olimi
Nuriddin Abulhasan Ali ibn Sultonmuhammad hanafiy qiroat ilmida mohir, zukko va zamonasining yetuk olimi bo‘lgan. U kishi Islom olamida Mulla Aliyyul Qori nomi bilan tanilgan. Allomaning tug‘ilgan yili to‘g‘risida aniq ma'lumot yo‘q. Ba'zi manbalarda temuriylar hukmronligi davrida milodiy XV asrda yashab ijod qilgani qayd etilgan[1].
Hanafiy mazhabining zabardast olimi Mulla Ali qori Hirotda ilm tahsilini boshlab, Qur'oni karimni to‘la yod oladi. Shayx Muhiddin ibn Hofiz Zayniddin u kishining ilk ustozi. Allomaning talabalik yillari temuriylar saltanati gullab-yashnagan davrga to‘g‘ri kelgan. U zamonasining taniqli olimlaridan ilm o‘rganib, faqih bo‘lib yetishadi. Safaviylardan Shoh Ismoil ibn Haydar hukmronligi paytida ko‘pchilik ulamolar kabi Mulla Ali Qori ham chorasizlikdan mamlakatni tark etadi. Hijriy 952 yili Makka shahridan qo‘nim topadi. Bu emin shaharda alloma yana ilmga sho‘ng‘iydi.
Shayx Shahobiddin Abul Abbos Makkiy (hijriy 973 yili tug‘ilgan), Shayx Alouddin ibn Hisomiddin Abdulmalik shofi'iy Misriy, Muhammad Said ibn Mavlono Xo‘ja hanafiy Misriy (hijriy 981 yili tug‘ilgan) va Shayx Abu Iso Qutbiddin Muhammad ibn Alouddin Ahmad hanafiy Makkiy kabi olimlar unga ustozlik qilishgan.
Tafsir, hadis va fiqh ilmlarida nom qozongan Sulaymon ibn Sayfiddin Joniy, Shayx Muhyiddin Abdulqodir ibn Muhammad shofi'iy Makkiy, qozi Abdurrahmon ibn Iso hanafiy Makkiy, Shayx Muhammad Abu Abdulloh Muqallib (vafoti 1061 hijriyda) Sayyid Muhammad Husayniy Balxiy kabi allomalar u zotning shogirdlaridir.
Shayx Muhammad Zohid Kavsariy “Iroq ahlining faqihlari va ularning so‘zlari” nomli risolasida: “Imom Abu Hanifaning izdoshlaridan Mulla Aliyyul Qori hofiz, benazir muhaddis olim edi”, deb yozadi. Shayx Muhammad Idris Kandehlaviy esa “at-Ta'likus Sabih” asarida uni: "Ulug‘ muhaddis, aqli o‘tkir, fozil, zamonasida tengsiz, asrining tanho olimi", deya ta'riflaydi. Zamondosh va maslakdoshlari u zotni "Xaqiqatlar sultoni, nodir fiqxiy masalalar bilimdoni, faqih, mufassir, qoriyu mutakallim, muhaddis hamda balog‘at va fasohat, nahv ilmlarining muallimi" deb tan olishgan.
Alloma saksondan ortiq kitob yozgan. Ba'zi asarlari necha asrlardan beri o‘quv yurtlarida muhim darslik va ko‘llanma bo‘lib kelmokda. Olimning «Anvarul Qur'on fi asrorul Furqon (Furqon sirlarida Qur'on nurlari)», «An-nasihu val-mansuhu minal hadis (Hadislarning nasx va mansuxlari)», «Adillatu mo‘taqadi Abi Hanifa fi abavayi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam ota-onalariga doir aqidada Abu Hanifaning dalili)», «al-Asmarul janiyyatu fi asmail hanafiya (Hanafiy olimlarning ismlari haqida yig‘ilgan mevalar)», «al-Ahadisud qudsiyatu arba'iniya (Qirq qudsiy hadis)», «al-Adab fi rajab (Rajab oyi odoblari)» va «Manakibu al-Imomi A'zam va as'hobihi (Imomi A'zam va as'hoblarining manoqiblari)» kabi kitoblari mashhurdir.
Alloma mazhabimiz fiqhiy masalalariga doir ko‘plab risolalar ham yozgan. «Risala-tu fi himayati mazhabil Imomi Abi Hanifa (Imom Abu Hanifa mazhabini himoya qilish tug‘risida risola)», «Risalatu fir raddi ala min zammi mazhabil Imomi Abi hanifa (Imom Abu Hanifa mazhabini yomonlovchilarga raddiya risolasi)» shular jumlasidan.
Alloma o‘ndan ortiq kitoblarga sharh yozgan. «Sharhi Sahihi Muslim (Imom Muslim "Sahih"ining sharhi)», «Sharhu Aynil ilmi va zaynil hilmi («Hilmning ziynati va ilmning bulog‘i» kitobiga sharh)», «Sharhu al-Fiqhil akbar ("Fiqhul akbar"ning sharhi)», «Sharhu «Musnad al-Imomi Abi Hanifa (Imom Abu Hanifaning "Musnad"iga sharh)», «Sharhu al-Hidoya lil Marg‘inoniy (Marg‘inoniyning "Hidoya"siga sharh)», «Sharhu al-Viqoya fi masailil Xidoya ("Hidoya" masalalaridagi "Vikoya"ga sharh)» va «Mirqotil mafotih sharhi Mishkatil Masobih («Mish-katul Masobih»ni sharhlashda ochilgan nozik o‘rinlar)» kabi sharhlari butun Islom olamida e'tiborlidir.
Mazhabimizning buyuk allomasi Mulla Ali Qori Imom Abu Hanifa, Sufyon Savriy va Fuzayl ibn Iyoz kabi allomalarning yo‘lidan borib, hayotda duch kelgan masalalarga asosli javoblar bergan. Olim ilm va ibodatda sobitqadam va mo‘tadil bo‘lgan.
Manbalarda u zotning mohir hattot bo‘lganligi ham aytiladi. Alloma miskin va muhtojlarga ko‘p yordam bergan, halol rizq istab, tarjima ishlari bilan shug‘ullangan[2]. Alloma asarlarini tarjima qilgan kishilar aytishicha, u zot har yili bir marta chiroyli xat bilan Mus'hafni to‘lig‘icha ko‘chirib, tushgan pulni ro‘zg‘orga ishlatar ekan. Shayx Abdulhalim No‘moniy «al-Imomi Aliyul Qori va asarihi fi ilmil hadis» asarida: "Alloma Qur'oni karimni har olti oyda (bir yilda ikki bor) to‘la ko‘chirar, birining pulini Haramdagi faqir-miskinlarga sadaqa qilar, ikkinchisinikini ehtiyojlariga sarflar edi", deb yozadi.
Hazrat Mulla Ali Qori hanafiy hijriy 1014 yili shavvol oyining 14 kuni Makka shahrida vafot etadi. Ba'zi rivoyatlarda allomaning Makka hududidagi «Muallat» degan joyga dafn kilingani aytiladi.
Abduvohid O‘ROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] “Xulasatul asar”. 3-j., 185-b.; “Samatun nujum”. 4-j.,393-b.
[2] “Mirqotul Mafotih”. Bayrut, 1971. 1-j., 27-b.
Kiritilgan vaqti: 24/12/2020 15:51; Ko‘rilganligi: 1578
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:41