O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Zamonamiz xavorijlari

 
 

Hozirgi globallashuv davrida dunyoning barcha mamlakatlari aholisi zamonaviy texnologik yutuqlardan qanchalik katta manfaat topayotgan bo‘lsa, xuddi shu sababli sodir bo‘layotgan ofatlardan ham birdek zarar ko‘rmoqda. Jumladan, ekstremizm balosining hozirgi kunda butun dunyoga birdek xavf solib turgani ham hech kimga sir emas. Ayniqsa, din niqobidagi ekstremistik harakatlar tarixda o‘tgan xavorijlarning jinoyatlarini takrorlayotganga o‘xshaydi. Ular internet orqali buzg‘unchi g‘oyalar targ‘ibotiga zo‘r berib, yoshlarni yo‘ldan urishyapti.

Xavorijlar Islom tarixida birinchi paydo bo‘lgan ekstremistik ruhdagi oqim­lardan sanaladi. Garchi ularning kelib chiqishi hazrat Ali roziyallohu an­huning xalifalik davridagi voqea­lar bilan bog‘liq bo‘lsa-da, aslida ularning paydo bo‘lishi haqida Rasululloh sol­lallohu alayhi va sallam oldin­dan ogoh­lantirganlar. Buning ham sababi bor.

Abu Sa'id Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar. Rasululloh alayhissa­lom Hunayn g‘azotidan tushgan o‘l­jalar­ni taqsimlayotgan paytda Bani Tamim qav­midan Zul Xuvaysira degan kimsa kelib: “Ey Rasululloh, adolat qiling!” dedi. Ra­su­lulloh: “Men adolat qilmasam, kim ado­lat qiladi?!” dedilar. Shunda Umar roziyal­lohu anhu: “Ruxsat bering, men uni o‘l­diray”, dedi. Rasululloh: “Yo‘q, bu­­ning birodarlari odamlar ixtilof qilgan vaqtda yuzaga chiqadilar. Qur'on o‘qiy­dilar, ammo halqumlari­dan nari­ga o‘t­maydi. Ular xuddi kamondan o‘q chiq­qanday dindan chiqadilar. Ularning belgilari shuki, oralarida bir kishi bo‘ladi, uning qo‘li ayol kishining ko‘kragidek do‘ppaygan bo‘ladi”, dedilar. Abu Sa'id aytadi: “Bu gaplarni Rasu­lullohdan Hu­nayn kuni o‘z qulog‘im bilan eshitganman, Ali roziyallohu anhu ularni qanday o‘ldirganini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganman”.

Demak, xavorijlar nazdida hech kim­ning hurmati va hech narsaning qad­ri yo‘q. Hatto payg‘ambardek zotga ham betgachoparlik qilgan kimsadan yana qanday yaxshilik kutish mumkin?!

Imom Nasoiy “As-sunanul kubro” asa­rida keltirishicha, Abdulloh ibn Ab­bos roziyallohu anhumo xavorijlardan olti ming kishi Haruriyadagi bir yerga to‘planishganda, ularning noto‘g‘ri yo‘lda ekanlarini aniq dalillar bilan isbotlab bergan edilar. Shundan so‘ng ko‘pchilik xavorijlar noto‘g‘ri yo‘lda ekanlarini anglab yetib, to‘g‘ri yo‘lga o‘tganlar.

Xavorijlar toifasi garchi saho­balar davrida chiqqan bo‘lsa-da, hech bir sahobiy ular tarafida bo‘lmagan. Aksincha, bu toifa haq bilan botilni aj­rata olmaydigan ilmsiz, johil kimsa­lardan tarkib topgan.

Hozirgi kundagi ekstremistik oqim­larning birortasi Islom olamida mo‘­tabar va mashhur ulamolar tomonidan e'tirof etilmagan, aksincha barcha ahli ilmning muttasil tanqidiga uch­rab kelayotgani ayni haqiqatdir.

Ibn Umarning mavlosi Nofe'dan Ab­dul­­loh ibn Umarning xavorijlar haqida qanday fikrda bo‘lgani to‘g‘­risida so‘rash­ganida, u shunday deb javob bergan edi: «Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: “Xavorijlar xaloyiqning eng yomonidir. Ular kofirlar haqida nozil bo‘lgan oyatlar­ni mo‘minlarga tatbiq etadilar”, der edi».

Haqiqatan, zamonamiz xavorijlari bo‘lmish ekstremistik toifalar ham kofir va mushriklar haqida nozil bo‘lgan oyatlarni mo‘minlarga nisbatan talqin etib, ularni kofirga chiqarmoqdalar. Internet tarmog‘i orqali tarqatilayot­gan videoroliklarning birida bir to‘­da ekstremistik kayfiyatdagi kimsa­lar Mumtahana surasining 4-oyatini mo‘­minlarga tatbiq qilayotgani namoyish etilgan.

Mazkur oyatning mazmuni bunday: «Siz­lar uchun Ibrohim va u bilan bir­ga bo‘l­gan kishilarda go‘zal namuna bor­dir. Qaysiki, ular o‘z qavmlariga: “Bizlar sizlardan va sizlar Allohni qo‘yib ibodat qilayotgan narsalaringizdan bezormiz. Bizlar sizlarni inkor etdik. Toki, sizlar yolg‘iz Allohga imon keltirmaguningizgacha, sizlar bilan biz­ning o‘rtamizda mangu adovat va naf­rat paydo bo‘ldi”, dedilar…»

Ma'lumki, Ibrohim alayhissalom butparastlikka mukkasidan ketgan qavm­ga payg‘ambar bo‘lib kelgan edilar. Hatto u zotning otalari Ozar but va sa­namlar yasovchi usta bo‘lgani tarix kitob­larida bayon qilingan. Butlarga sig‘inuvchi qavm­ni yolg‘iz Allohga ibo­dat qilishga chaqir­gan Ibrohim alay­hissalom va u kishiga imon keltir­ganlar o‘z qavmlarining hi­doyatga ke­lishidan umidlari uzilgach, mazkur oyatda bayon qilingan so‘zlarni ayt­ganlar. Ushbu oyatni ming yillardan beri mo‘min-musulmon bo‘lib yashab kelayotgan o‘zbek xalqiga qarshi talqin qilish naqadar kulgili.

Shuni ta'kidlash joizki, barcha bid'atchi firqalarning paydo bo‘lishi va rivojlanishida Islom va musulmonlarning ashaddiy dushmanlarining qo‘li borligiga shak-shubha yo‘q. Shunday ekan, chin musulmon inson ekstremistik toifalarning jozibador so‘zlariyu maftunkor da'volariga aldanmasligi lozim.

Homidjon ISHMATBEKOV - O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari

“Hidoyat” jurnalining 2020 yil, 1-sonidan

Manba: hidoyat.uz


Kiritilgan vaqti: 31/01/2020 16:08;   Ko‘rilganligi: 1415
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/zamonamiz-xavorijlari
Chop etilgan vaqti: 07/12/2024 23:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing