O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Zakot kanday ibodat?

 
 

Bizlarni maxluqotlar ichida mukarram qilgan va O‘zining ibodatida bardavom qilib qo‘ygan hamda mollarimizni halol yo‘l bilan topishimizni ta'kidlagan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin hamda biz ummatlariga ibodat va solih amallarni meros qilib qoldirgan Habibimiz, Shafoatgo‘yimiz Muhammad (s.a.v)ga salovatu salomlar bo‘lsin.

Zakot haqida gapirar ekanmiz, avvalo “Zakot” - so‘zi lug‘atda “POKLIK” va “O‘SISH” degan ma'nolarni anglatadi. Zakot bergan kishining moli poklanadi, zakoti berilgan moli esa yanada o‘sadi hamda moli va oilasida baraka bo‘ladi.

Shar'iy istilohda “Zakot” - maxsus moldan maxsus juzni, maxsus shaxsga Alloxding roziligi uchun shariat tayin qilganidek mulk qilib berishdir.

Maxsus mol nisobga yetgan mol demakdir. Maxsus juz zakot beruvchining mulkidan ajratiladigan miqdor hisoblanadi. Maxsus shaxs zakot olishga xakli bo‘lgan kishidir. “Allohning roziligi uchun” degan jumlasi esa, ibodat niyati bilan berilishi kerakligini anglatadi. Shariat tayin qilgan deganda, zakot chiqarish miqdori, shariatda ko‘rsatilgan miqdorga to‘g‘ri kelishi nazarda tutilgan. Ozgina sadaqa berib shu zakot deb niyat qilish esa to‘g‘ri bo‘lmaydi. Mulk qilib berish deganda, berilayotgan mol uni oluvchisiga mulk bo‘lmaguncha zakot o‘rniga o‘tmaydi.

Kur'oni Karimda zakot va uning fazilati haqida 30 martadan ziyod oyati karimalarda ta'kidlab o‘tilgan. Shundan yigirma yettitasida u namoz bilan birga zikr qilingan. Jumladan, Alloh taolo Nur surasining 56 oyatida Namozni to‘kis ado etinglar, Zakot beringlar, Rasulga itoat qilinglar. Shoyadki rahm qilinsangiz” – deb, marhamat qiladi. Ushbu oyatda namozdan kiyin zakot kelishi “Zakot”ni o‘rni naqadar yuksak ekanligi ko‘rinib turibdi. Payg‘ambarimiz s.a.v. muborak hadislarida “Mollaringizni zakot bilan o‘rab, himoyalanglar” – deya biz ummatlariga ta'lim bergan.

Islomda zakot orqali mol to‘plab va xazinani to‘ldirish ma'nosi ko‘zda tutilmagan. Zakotdan asosiy maqsad insonni molu-dunyodan ustun qo‘yish, ya'ni inson mol-dunyoning quli emas balki, mol-dunyo insonning quli ekanini ta'minlashdir. Shuningdek, zakot mulkdorning qalbi poklanishiga, uning ma'naviy va ruhiy tomondan o‘sib borishiga, eng muhimi uning barakali bo‘lishiga hamda turli balo-ofatlardan saqlanishiga ham sabab bo‘ladi. Bu ibodat boylarni baxillik, manmanlik balosidan poklaganidek, kambag‘allarni ham xasad va ko‘rolmaslik kabi dardlardan poklaydi. Zero, boydan zakotni qabul qilib olgan, undan go‘zal muomala ko‘rgan kambag‘al, unga hech qachon xasad qilmaydi. Aksincha, uning haqqiga duolar qilib, yanada ibodatga yaqin bo‘ladi.

 

Muallif: Nasrullo Islamov - “Maxdumi A'zam” jome masjidi imom noibi


Kiritilgan vaqti: 21/04/2020 15:47;   Ko‘rilganligi: 1434
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/zakot-kanday-ibodat
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 11:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing