O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

YAXSHILIKNING MUKOFOTI FAQAT YAXSHILIKDIR!!!

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sen Iymon keltirgan bandalarimga aytgin, namozni to‘la-to‘kis ado etsinlar. Savdo-sotiq, og‘aynigarchilik yo‘q bo‘lgan Kun kelmasidan oldin ularga rizq qilib bergan narsalarimizdan maxfiy va oshkor infoq qilsinlar. (Ibrohim surasi, 31-oyat)

Alloh taolo mo‘minlarga eng avvalo namozni to‘kis, barcha ruknlariga amal qilgan holda va o‘z vaqtida ado etishni buyurmoqda. Keyin esa qiyomat kelmasidan turib Alloh bergan narsalardan atrofdagilarga hoh oshkora, hoh maxfiy infoq-ehson qilishni amr qildi. Arab tilidagi “ehson” so‘zining ma'nolari ko‘p. “Ehson” deganda odatda birovga biror ne'matni berish va fazlu karam ko‘rsatish tushuniladi. Lekin “ehson” so‘zi lug‘atda “yaxshilik qilish, ezgulik ko‘rsatish” ma'nolarini ham anglatadi. Qur'onda karimda ehsonning fazilati haqida zikr etish barobarida ehson qiluvchilarga beriladigan savob-mukofotlar, ularga yetadigan manfaatlar ham bayon etiladi.

Haqiqatdan, biror kishiga bir narsani ehson qilsangiz yoki unga biror yaxshilik ko‘rsatsangiz, bundan dilingiz ravshan tortadi, ruhiy xotirjamlik yuzaga keladi, o‘zgalarga manfaat yetkazganingizdan xursand bo‘lasiz.

Ehson qilingan kishi ham o‘ziga ko‘rsatilgan yaxshilikdan sevinadi, dilida sizga muhabbat paydo bo‘ladi. Shu tariqa jamiyatda kishilar o‘rtasida totuvlik, hurmat-ehtirom paydo bo‘ladi hamda dushmanchiliklar barham topadi, osoyishtalik va farog‘at barqaror bo‘ladi.

Eng asosiysi, kimga yaxshilik qilsangiz Alloh taolo uni o‘zingizga o‘n barobar qilib qaytaradi.

Qur'oni Karimda yaxshilik-ehson qiluvchilarning sifatlari batafsil bayon etilgan. Ular kechalari turib namoz o‘quvchilar, tun oxirida Parvardigorlaridan mag‘firat so‘rovchilar, mol-mulklaridan muhtoj va faqirlarga nasiba ajratuvchi kishilardir. Alloh taolo bu borada quydagicha marhamat qiladi:

 “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘sha yaxshiligi o‘n barobar qilib qaytariladi” (An'om surasi, 160-oyat).

Ehsonning turlari ko‘p: Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga ergashish ham - ehson, birovni kechirish ham – ehson, boshga kelgan musibat va ozorlarga sabr qilish ham - ehson, hatto birovga yaxshi muomala qilish ham – ehsondir.

 Dunyo mamlakatlarining boshiga og‘ir sinov tushib turgan bugungi murakkab vaziyatda ehsonga, muruvvatga, moddiy ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimizning bo‘lishi ham tabiiy holat. Chunki mamlakatimizda joriy qilingan karantin rejimi davrida ishsiz, nogironligi bor, keksa, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi birmuncha qiyinchiliklarga duch kelish holatlari bor. Aholining bunday qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida yetarlicha chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada  “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati shiori ostida biz otinoyilar  ham faol ishtirok etmoqdamiz.

Bu og‘ir sinovli kunlar Allohning inoyati bilan tez fursatda o‘tib ketadi, ishonamizki, saxovatpesha xalqimizning bu kabi saxovati Alloh tomonidan munosib mukofotlanadi, inshaalloh. Kasallik bilan kurashayotgan yurtdoshlarimiz ham tezda sog‘ayib ketishini tilab, ularning haqlariga duo qilamiz.

N. Temirova O‘MI Samarqand viloyati vakili maslahatchisi


Kiritilgan vaqti: 29/04/2020 17:08;   Ko‘rilganligi: 1508
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/yaxshilikning-mukofoti-faqat-yaxshilikdir
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 03:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing