Yaxshilik ham, yomonlik ham sinovdir
So‘rashganda, qazo va qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Allohdan ekanligiga iymon keltirish shu asoslardan biri ekanligini aytib o‘tgan ekanlar. Ya'ni, dunyodagi barcha yaxshilik va yomonlik ma'lum o‘lchovga binoan, Alloh xohlagan sabablarga ko‘ra sodir bo‘lar ekan. Insonga biror musibat yetsa, bu avvaldan taqdir qilingan narsadir. Inson buning uchun qayg‘u chekib o‘zini qiynamasligi zarur. Chunki taqdirda bor narsa u xohlasa ham, xohlamasa ham sodir bo‘lishi muqarrar. Shuningdek, unga bir yaxshilik yetsa ham, bu taqdirdagi narsa bo‘lib, insonning xohishiga qaramaydi. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
«Biror musibatni paydo qilmasimizdan oldin u Kitobda bitilgan bo‘lur, aks holda, yer yuzida va o‘z shaxslaringizda sizga biror musibat yetmas. Albatta, bu ish Alloh uchun osondir. Toki, ketgan narsaga qayg‘urib, kelgan narsadan xursand bo‘lmasligingiz uchun» («Hadid» surasi, 22, 23-oyatlar).
Boshqa bir oyati karimda esa «Biz sizlarni yomonlik va yaxshilik ila imtihon uchun sinaymiz hamda Bizgagina qaytarilursiz» («Anbiyo» surasi, 35-oyat), deyilgan.
Demak, dunyodagi yaxshilik ham, yomonlik ham, aslida, sinov ekan. Haqiqiy mo‘min kishi qiyinchiliklarni sabot bilan qarshi oladi, uni «Alloh tarafidan yuborilgan sinov», deb biladi. Chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, albatta, har bir qiyinchilik ortida hikmat yotadi. Shunday paytda g‘ofil kishi xafa bo‘ladi, o‘zini har yonga uradi, g‘am-g‘ussaga botadi. Ammo oqil kimsa Alloh taolo tarafidan yuborilgan bu qiyinchiliklardan ham o‘ziga yaxshilikni topishga urinadi, sabr qiladi. Shuning uchun Qur'on sabrga katta ahamiyat berib, uni maqtagan, obro‘sini ko‘targan va sabrli kishilarni «juda ham ajoyib kishilar» deb atagan. Sabr Qur'oni karimning 70 joyida zikr qilingan. Boshqa hech qanday fazilat bu miqdorda zikr qilinmagan. Alloh taolo sabrlilarni yaxshi ko‘radi va Qur'oni karimda aytadiki, sabrlilar Allohning ortiqcha fazlu marhamatiga bu dunyo-yu u dunyo sazovor bo‘ladilar: «Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, to‘liq berilur» («Zumar» surasi, 10-oyat).
Xabaringiz bor, shu kunlarda koronavirus pandemiyasi sabab ko‘plab insonlar aziyat chekmoqda. Uning oqibatida yurtimizda karantin joriy qilingan bo‘lib, kishilarimiz hayot tarzi oldingidek davom etmayapti. Bu qiyinchilik va sinovlarga mardonavor sabr-toqat va intizom ko‘rsatayotgan xalqimiz boshiga yana har xil sinovlar kelib turibdi.
Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlaorida kuzatilgan kuchli shamol ko‘p joylarga, yurtdoshlarimizga talafot yetkazdi. Ayniqsa, bundan ko‘proq Buxoro viloyati aholisi jabr ko‘rdi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoev ushbu hududga tashrif buyurib, vaziyat bilan tanishdi va aholi bilan suhbatlashdi. Uchrashuv jarayonida odamlarga tushkunlik va sarosimaga tushmasliklarini, zarar ko‘rgan barcha binolar hukumat yordamida to‘liq yangilanishini ma'lum qilib, mana shunday ulug‘ ayyom kunlari ketgan narsalar xalqimiz boshidan sadaqa bo‘lsin, kelgan baolo shu bilan ketgan bo‘lsin, deya tilak bildirdi. Har bitta mahalla, ko‘cha, xonadon men uchun aziz. Aziz xalqimni qutqarish men uchun ham qarz, ham farz, deb ta'kidladi davlatimiz rahbari.
Albatta, musibat yetganga dalda bo‘lish, ko‘mak berish eng ulug‘ va savobli amallardandir. Yurtboshimiz bu savobli ishda barchaga namuna bo‘ldi.
Sizu biz ham mana shunday sinovli kunlarda, ulug‘ ayyomlarda saxovat ishlariga yanada mustahkam bel bog‘laylik. Muhtoj insonlarga ko‘mak berib, ularning og‘irini yengil qilishga o‘z hissamizni qo‘shaylik. Zero, imkon bor paytda xayru saxovat ishlarini amalga oshirish zarur. Fursat o‘tganda bu savobdan mahrum bo‘lib qolish ham mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
«Sadaqa qilinglar! (hali bir vaqtlar keladiki), bir kishi sadaqasini ko‘tarib yursa, u (sadaqa) beriladigan bo‘lgan odam «Buni kecha olib kelganingda, sendan olishim mumkin edi. Ammo endi mening unga hojatim yo‘q», deydi. Shunday qilib, uni qabul qiladiganni topa olmaydi» (Horisa ibn Vahb roziyallohu anhudan Ikki Shayx rivoyati).
Sadaqa, xayr-ehson qilish taqvodorlik, zohidlik hamda tariqat yo‘lida yurgan bandaning yorqin siymosidir. Ayniqsa, o‘zi o‘ta boy bo‘lmay turib, topganidan sadaqa qilib turish katta savob. Zotan, «sadaqa» so‘zi «tasdiq» ma'nosini anglatib, bandaning iymoni haqiqatini tasdiqlashga xizmat qiladigan omil bo‘lgani uchun «sadaqa» deb nomlangan.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi.
Kiritilgan vaqti: 30/04/2020 18:00; Ko‘rilganligi: 2773
Chop etilgan vaqti: 11/02/2025 13:51