Yangi majmua Imom Buxoriy bobomizning islom olamidagi maqomiga munosib bo‘ladi
Tarixiy tashrif taassurotlari
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, qadamjolarni yanada obod etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xalqimiz ma'naviyatini yanada yuksaltirish, ilm-ma'rifatini boyitish, milliy g‘ururini o‘stirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Samarqandda buyuk muhaddis Imom Buxoriy bobomiz majmuasining mutlaqo zamonaviy, ko‘rkam loyihada bunyod etilayotgani bu boradagi ishlarning yangi bosqichini boshlab berdi, desak, mubolag‘a emas.
Prezidentimiz 15 aprel kuni Samarqand viloyatida bo‘lganida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan ishlarni ham ko‘zdan kechirgani tashrifning tarixiylik ahamiyatini yanada oshirgani shubhasiz.
Binobarin, Imom Buxoriy rahmatullohi alayhni butun islom olami “Amirul mo‘minin fil hadis” — “hadis ilmida mo‘minlarning amiri”, “Shayxul-islom” — “musulmonlar ustozi” deya sharaflab keladi. Bu zotning xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatilishi, hayoti va merosini o‘rganishga keng sharoitlar yaratilishi yurtdoshlarimizni g‘oyat mamnun etib qolmay, mamlakatimizning jahondagi obro‘-e'tibori va imijiga ham ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.
Imom Buxoriy — har bir insonning intilishi uchun yuksak ma'naviy cho‘qqi, ibrat olishiga arzigulik buyuk siymo. Ajdodimizning bu darajaga yetishishiga sabab u zotning hadis ilmiga qo‘shgan ulkan va beqiyos hissasi, taqvolari, parhezkorliklari va omonatdorliklari kabi ko‘plab fazilatlari, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Alloh taolo O‘zining kalomida shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur” (Mujodala surasi 11-oyat).
Alloh taolo ilm, zuhd va taqvoda zamonasining peshqadami bo‘lgan Imom Buxoriyning bu dunyoda nomini ulug‘ qildi. U zot to‘plagan hadislar insonda oqni qoradan farqlash, ota-onani hurmat qilish, halol, oqibatli, bag‘rikeng bo‘lish, Allohning buyruqlariga bo‘ysunish kabi xislatlarni tarbiyalaydi.
Imom Buxoriyning zamondoshlaridan biri Yahyo ibn Ja'far: “Agar qudratim yetsa, Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning umrini ziyoda qilar edim. Mening o‘limim bir kishining o‘limi bo‘ladi. Muhammad ibn Ismoilning o‘limi ilmning ketishidir”, degan edi. Muso ibn Horun Hammol esa “Menimcha, islom ahli barchasi jamlanib, Muhammad ibn Ismoilga o‘xshash yana bir kishini yetishtirmoqchi bo‘lishsa, eplay olishmaydi”, deya e'tirof etadi.
Yurtboshimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda buyuk muhaddis bobomiz ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Hadis ilmi maktabi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan majmua esa Imom Buxoriyning bashariyat oldidagi xizmatlari va shuhratiga monand muazzam qiyofa hamda siyrat kasb etadi.
Prezidentimiz ushbu majmuaning barpo etilishi va bundan ko‘zlangan maqsad haqida gapirarkan, “Bu joy Imom Buxoriy bobomizning ilmiga, islom olamidagi maqomiga munosib bo‘lishi kerak. Mamlakatimizda ziyorat turizmining asosi aslida shu yer. Bu maskanga qancha ziyoratchilar kelsa ham, qulay sharoit bo‘lishi zarur”, deya ta'kidladi.
Davlatimiz rahbarining ko‘rsatma va topshiriqlariga muvofiq, yangi yodgorlik majmuasida soni tobora oshib borayotgan milliy va xorijiy ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Majmua tarkibiga kiruvchi masjidning ichki sahnining o‘zi ikki ming kvadrat metrdan oshadi. Atrofidagi sahnlar bilan masjidda bir necha o‘n ming musulmon bir vaqtning o‘zida namoz o‘qishi mumkin bo‘ladi. Bu yerda simmetrik to‘rtta minora, baland ayvonlar, yo‘ldan kirib kelishda xiyobon bunyod etiladi. Qator mehmonxonalar, avtoturargohlar va avtobekat, supermarket, bozorcha barpo qilinadi. Oshxonalar, hunarmandchilik buyumlari rastasi, hammom, tahoratxona, kushxona qurilishi ham belgilangan.
Yangi majmuaning ko‘rkamligi, beqiyos salobati va muhtashamligi boshqalarga ko‘z-ko‘zlash uchun emas, avvalo, xalqimiz ma'rifatini, ma'naviyatini yanada yuksaltirishga qaratilgandir.
Tan olishimiz kerak: butun islom olamiga mashhur Imom Buxoriy bobomizni va uning bebaho merosini yurtimiz aholisining ko‘pi yaxshi bilmaydi. “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” g‘oyasi asosida yuksak taraqqiyotni ko‘zlab dadil odimlayotgan mamlakatimizda bu muborak zotning ta'limotlarini yoshlarimizga yetkazish bugun dolzarb masalalardan biridir.
Biz ajdodlarimizning ilmiy meroslarini o‘rganish, o‘git va ta'limotlariga amal qilish bilan ularning hurmatlarini joyiga qo‘yar ekanmiz, ko‘zlagan katta-katta marrralarga yetishishimizga Alloh taoloning O‘zi kuch-quvvat beradi, O‘zi marhamat ko‘rsatadi, yo‘llarimizni ochadi.
Imom Buxoriy bobomizning ta'limotlarini, ayniqsa, yoshlarimizning ta'lim-tarbiyasida qo‘llashimiz juda zarur. Bugun bu to‘g‘ri ta'limotni yoshlar o‘rgansa, adashganlar bo‘lmaydi, ular noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketmaydi.
Markaziy Osiyo davlatlari — O‘zbekiston, Tojikiston hamda Afg‘oniston o‘rtasida diniy-ma'rifiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash maqsadida 2021 yil 15 martda Samarqand shahrida Imom Buxoriy merosining o‘ziga xos xususiyatlari mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Ushbu xalqaro anjumanda so‘zga chiqqan Afg‘oniston Islom Respublikasi irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Muhammad Qosim Halimiy shunday degan edi:
— O‘zbekiston shunday diyorki, Yer yuzidagi har bir musulmon bu tabarruk yurtning ziyoratiga oshiqadi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning maqbarasini ziyorat qildik. Bu tabarruk joyda juda katta obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, qadamjolar yanada obod etilayotgani bizni g‘oyat xushnud etdi. Bularning barchasi Prezident janob Shavkat Mirziyoevning mamlakatni yanada obod, xalqni yanada farovon qilish, yuksak bilim va salohiyatli, vatanparvar, milliy qadriyat hamda an'analarga, ajdodlarning bebaho merosiga sadoqatli avlodni kamolga yetkazishdek ezgu orzu-umidlari ro‘yobiga xizmat qilayotir. O‘zbekiston yana ilm-fan markaziga aylanmoqda.
Ulug‘ ajdodimiz xotirasiga xalqimizning va jahon hamjamiyatining ehtiromi belgisi sifatida Allohning izni hamda xalqimizning xohish-irodasi bilan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga muborak Ramazon oyi kunlarida tamal toshi qo‘yilganida ham katta ma'no bor.
Davlatimiz rahbari bu haqda to‘xtalarkan, “Ramazon oyi — ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan muqaddas oy. Bu qurilishni shu oyda boshlayotganimiz ham xayrli, xosiyatli bo‘ladi, qalbimizga taskin beradi. Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad — islomga e'tiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib bo‘lish biz uchun juda katta burch”, dedi.
Shukrki, muborak Ramazon oyi xayrli amallar bilan, tinchlik-osoyishtalikda, shukronalikda o‘tmoqda. 2020 yilda pandemiya tufayli Ramazon oyida diniy amallarni uyda bajarishimizga to‘g‘ri kelgan edi. Bu yil esa masjidlar ochiq, mo‘min-musulmonlar karantin qoidalariga qat'iy amal qilib, ibodatlarini ado etmoqda.
Yordamga muhtoj insonlar, keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, kam ta'minlagan oilalarga beg‘araz ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Xalqimizga xos hamjihatlik, muruvvat, o‘zaro mehr-oqibat fazilatlarining ushbu qutlug‘ oyda yana bir bor namoyon bo‘layotgani butun dunyo og‘ir inqirozni boshidan kechirayotgan hozirgi murakkab vaziyatda juda muhim.
Ramazon oyining olijanob g‘oyalari, muqaddas amallari xalqimizni yanada jipslashtiradi, ezgu maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda mustahkam zamin bo‘ladi.
Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining yangi beqiyos loyiha asosida qurilishi boshlangani koronavirus pandemiyasi qalblarni larzaga solib turgan ayni kunlarda nafaqat xalqimiz, balki dunyo musulmonlari bag‘rini nurga to‘ldirgani, ularning ruhiga yanada ko‘tarinkilik baxsh etganiga ishonchimiz komil. Zotan, savobli amallarning, yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir.
Zayniddin ESHONQULOV,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 22/04/2021 12:58; Ko‘rilganligi: 927
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:43