O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Xavorijiylar terrorchilik harakati jamoasi

 
 

VII asrning ikkinchi yarmida asosiy sunniylik yo‘nalishidan ajralib, xorijiylik, shialik, murji'iylik va mo‘taziliylik vujudga keldi. O‘z navbatida ularning har biri ko‘plab guruhlar va firqalarga bo‘linib ketdi. Ular o‘rtasidagi aqidaviy ixtiloflar albatta musulmon ummatining ma'naviy hayotiga ta'sir ko‘rsatdi.

Islomda paydo bo‘lgan ilk adashgan toifa xalifa Ali roziyallohu anhu askarlaridan 657 yili ajralib chiqqan xorijiylarni hisoblanadi. Islomda inson e'tiqodini belgilashda niyatiga e'tibor berilgan bo‘lsa, xorijiylar uning amaliga qarab baho berdilar. Ular og‘ir gunoh  qilganlar «yomon musulmon»gina emas, balki dindan qaytgan kofir, deb e'lon qildilar. Nomaqbul hokim esa ularning fikricha, ag‘darib tashlanishi kerak. Yakka terror usulini qo‘llagan xorijiylar o‘sha davr davlat rahbari va da'vogarlarni qatl etishni o‘zlariga maqsad qilib qo‘ydilar. 661 yili masjidga kirayotganida xalifa Ali roziyallohu anhuga pichoq urib, ular qisman o‘z maqsadlariga erishdilar ham.

Ma'lukmki, Siffin voqeasidan so‘ng shu vaqtgacha asosiy bo‘lib kelgan sunniy yo‘nalishidan ajralib to‘rt toifa – xavorijlar, shia, murji'a va mo‘tazila paydo bo‘ldi.

Xavorijlar, ya'ni qarshi chiqqanlar – Islom tarixidagi birinchi ajralib chiqqan guruh. Ali Siffin jangida betaraf tomon hukmiga rozi bo‘lganiga norozilik sifatida «faqat Alloh hukm chiqarishi mumkin», deya uning askarini 12 ming kishi tark etdi. Ular Kufadan uncha uzoq bo‘lmagan Harura degan joyga ketdilar, shu boisdan dastlab «Haruriylar» deb ataldilar. Tarixiy adabiyotlarda ularning «muhakkima», «navosib», «shurot», «marikun» degan nomlari ham uchraydi. Keyinchalik «qonuniy»  hokimga qarshi kurash olib borgan har qanday toifaga «xavorij» nomi berildi.

Betaraf hukm chiqarilguniga qadar Ali roziyallohu anhu butun kuchini xorijiylarga qarshi tashladi: 12 ming askardan 4 minggi qirib tashlandi, 4 minggi taslim bo‘ldi, qolgan 4 minggi xalifat bo‘ylab tarqab ketdi. Ular halifalikka da'vogar barcha shaxslarni o‘ldirishga qaror qilib, yakka terror uslubini qo‘lladilar. 661 yili Ali qatl qilingach, xorijiylar Muoviya roziyallohu anhuga qarshi kurashdilar. Bu kurashda ular o‘ziga xos “partizan” uslubini qo‘lladilar – otliq askar bilan qo‘qqisdan hujum qilib, xavf tug‘ilgan taqdirda zudlik bilan Basradan uzoqda bo‘lmagan Batoih deb nomlangan batqoqroq joydagi qarorgohlariga chekindilar.

VII asrning ikkinchi yarmida xorijiylar orasida rahbarlarining ismi bilan ma'lum bo‘lgan bir necha firqalar paydo bo‘ldi – azraqiylar, ibodiylar, sufriylar, najdatiylar va hokazo. Iroq va Erondan tashqari xorijiylar Arabiston yarim oroli Yamoma, Hazramavt, Yaman va Shimoliy Afrikada keng faoliyat olib bordilar. Jazoir, Liviya va O‘monda ibodiylar jamoalari hozirgacha saqlanib qolgan. Dastlabki davrlardayoq na harbiy – siyosiy va na diniy masalalarda xorijiylar orasida yakdillik bo‘lmagan. Turli davrlarda va xalifalikning turli o‘lkalarida faoliyat olib borgan 20 dan ortiq xorijiy toifalar zikr etiladi.

Oliy hokimiyat masalasida xorijiylar xalifalar shartli ravishda saylanishi kerak, deb hisoblagan sunniylar va ilohiy xarakterdagi hokimiyat – imomat, nasldan – naslga o‘tishi kerak deb talab qilgan shialarga qarshi mavqeni egalladilar. Xorijiylar ham xalifalar saylanishini talab qildilar, ammo ularning fikricha, xalifaning kelib chiqishi ahamiyat o‘ynamaydi. Loyiq bo‘lsa, «qul yoki ozod, nabotiy yoki qurayshiy» xalifalikka saylanishi mumkin.

E'tiqod masalasida xorijiylar «sof» islom qoidalariga qat'iy rioya qilish tarafdorlari edilar. Haqiqiy imon amalda o‘z ifodasini topadi, degan tamoyildan kelib chiqib, ular barcha «gunoh kabira» sodir etganlarni kofirga chiqarardilar va ularga qarshi «jihod» olib borish kerak, deb hisobladilar. Bu borada ayniqsa azraqiylar keskin mavqeni egalladilar. Ularning boshlig‘i Nofi' ibn Azraq o‘z jamoasidan boshqa barcha musulmonlarni kofirga chiqarib qo‘ygandi. Darvoqe, hozirgi zamon islom ekstremistlari ham aynan shunday fikrdalar: go‘yoki faqat ularning kichik bir jamoasi asl mo‘minlar – u, boshqalar dindan qaytganlar va ular bilan ayovsiz kurash olib borish darkor. Ijtimoiy sohada go‘yo tenglik tamoyillari, davlat boshqaruvida adolat uchun da'vat qilgan bo‘lsalar-da, ularning o‘ta fanatizm va ayovsizlikka asoslangan kurash usullari xorijiylik harakatini zaiflashtirdi va oxir-oqibatda mag‘lubiyatga uchradilar.

 Boboxon Boboxonov
Samarqand shahar "Xo‘ja Nisbatdor" 
jome masjidi imom-xatibi 


Kiritilgan vaqti: 08/09/2023 15:10;   Ko‘rilganligi: 984
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/xavorijiylar-terrorchilik-harakati-jamoasi
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 19:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing