O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

XADICHA ONAMIZNING ISLOM OLAMIDA TUTGAN O‘RNI

 
 

 Xadicha roziyallohu anho islom olamida muqaddas sanalgan yer Makkai Mukarramada tug‘ilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutahharalari bo‘lib, o‘sha hududda vafot etdi.Xadicha binti Xuvaylid ibn Abduluzzo ibn Qusay Qurashiya Asadiya “Fil voqeasi”dan o‘n besh yil oldin Makkada arablarning asl qavmi bo‘lmish Qurayshning eng e'tiborli oilasida tavallud topgan. Uning ota tarafidan nasl nasabi Qusayda Payg‘ambarimiz nasabi bilan birlashadi. Ona tarafidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan katta bobolari Luayda birlashadi.

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:“Payg‘ambar mo‘minlarga ularning o‘zlaridan mehribondir, uning xotinlari ularning onalaridir”[1].

Ushbu oyatning ma'no mazmuniga qaraydigan bo‘lsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari mo‘minlar uchun ona hukmidadir.

Alloma Qurtubiy o‘zining “al-Jome' li-ahkom al-Qur'on” nomli kitobida bunday degan. Uning matni quyidagicha: “Alloh taolo payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamning xotinlarini mo‘minlarning onalari qilib qo‘yib sharafladi. Ya'ni, bu ularga ta'zim qilishning vojibligi, yaxshilik qilish va ulug‘lash lozimligi, odamlarga ularni nikohlab olishning harom qilinganida ko‘rinadi. Bu narsa Payg‘ambarini ikrom qilish va ularni sharaflash bo‘lib qoldi”.

Alloh taolo bunday ogohlantiradi:“Sizlar uchun Allohning payg‘ambariga ozor berish va undan keyin ayollariga uylanishingiz aslo mumkin emasdir. Chunki bu Alloh nazdida ulkan (gunoh)dir”[2].

Biroq, ularga qarash, ular bilan yolg‘iz qolish, meros berib, meros olish va qizlariga uylanish kabi hukmlarda begona ayollar kabidirlar. Ya'ni, begona erkaklar ularga qarashi va ular bilan yolg‘iz qolishi mumkin bo‘lmaganidek.

Xadicha roziyallohu anho yer yuzidagi barcha ayollarning sayyidasi deb tan olingan. U zotning otasi Xuvaylid, onasi Fotima ismli ayol bo‘lgan.Ummu Qosim deb kunyalangan.  Insonlar islomdan oldin johiliyat davrida ham Xadicha onamizni Tohira deb chaqirishgan.   Asli Quraysh qavmidan bo‘lgan onamiz Xadicha roziyallohu anhooqila, tohira, obida, sojida, oliyhimmat, saxovat pesha va mehr-shafqatli ayol bo‘lgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘zi xaridor bo‘lib, turmush qurganida Xadicha onamiz 40 yoshda va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa, 25 yoshida bo‘lganlar ya'ni, Xadicha onamiz Rasulullohdan 15 yoshkatta bo‘lgan.Manbalarda kelishicha, Xadicha binti Xuvaylid onamiz davlatmand, ishning ko‘zini biladigan va hamma tomonlama tajribali ayol edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga moliyaviy jihatdan ko‘p yordam qiladigan kishilardan edilar.

Ibn Is'hoqdan rivoyat qilinishicha, hazrat Xadicha tijorat bilan shug‘ullanuvchi boy, obro‘-e'tiborli ayol bo‘lgan. U qavmining erkaklarini yollab tijorat karvonini Shomga yo‘llar edi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘ri so‘zli, go‘zal axloqli va omonatdor ekanidan xabardor bo‘lgach, xizmat haqini ikki barobar berish sharti bilan unga karvonni topshiradi. Tijorat safarida Xadichaning quli Maysara yo‘l bo‘yi ajabtovur hodisalarga shohid bo‘ladi. Karvon ham boshqa safarlarga qaraganda ancha yaxshi foyda bilan qaytadi. Maysaradan bo‘lgan voqealarni eshitgach, Muhammadning fazilatlarini anglagan Xadichaning unga qiziqishi va muhabbati ortadi, turmush qurishni taklif etadi. Bo‘lajak payg‘ambar bu taklifni qabul qiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Ibrohimdan boshqabarcha farzandlari Xadicha onamizdan tug‘ilgan. Qiziqarli tomoni shundaki, Xadicha onamiz yer yuzida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni birinchi bo‘lib tasdiqlagan va hammadan oldin qolaversaayollardan eng birinchi bo‘lib imon keltirgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamizni ko‘p marta tillariga olar, boshqa onalarimizdan ko‘ra afzal bilar edilar. Oysha onamiz shunday deganlar: “Rasululloh Xadichani ko‘p eslagani tufayli, u zotni rashk qilib qizg‘onganimdekboshqa ayollarini qizg‘onmaganman” (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamiz hayotlik chog‘ida boshqa biron ayolga uylanmaganlar. Ya'ni, keyingi onalarimiz bilan u zoti sharifaning vafotidan keyin turmush qilganlar.

Alloh taolo islomning dastagi uchun Xadicha onamizga moddiy va ma'naviy boyliklarini in'om etib, Rasulining mashaqqatli yo‘lida yo‘ldosh, hamkor, yaxshi-yomon kunida yelkadosh bo‘lishini taqdir qilgan.

Abduhalim Muhiddinov, Samarqand shahar “Xo‘ja Is'hoqi Valiy” jome masjidi imom-xatibi

[1]Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: TIU, 2004.Ahzob surasi, 6-oyat.

[2]Ahzob surasi, 53-oyat.


Kiritilgan vaqti: 02/12/2021 08:10;   Ko‘rilganligi: 12186
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/xadicha-onamizning-islom-olamida-tutgan-orni
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing