VATANGA MUHABBAT
Har bir insonning kindik qoni to‘kilgan maskan u uchun aziz vatandir. Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat har bir ummat uchun payg‘ambarimizdan ulashilgan buyuk merosdir. Chunki hadisi sharifda "Vatanni sevmoqlik iymondandir" deyilgan. Payg‘ambarimiz Makkadan Madinaga hijrat qilayotganlarida Makkaga qarab: “Qanday yaxshi yurtsan, agar qavmimdan bu darajada ozor va sitamlar bo‘lmaganida seni hech qachon tark etmagan bo‘lardim” deganlar. Bu muborak so‘zlar barcha yurt farzandlariga juda katta ibrat bo‘lmog‘i lozim.
Biz yana vatanga bo‘lgan muhabbatni hazrat Zahiriddin Muhammad Boburdan o‘rgansak arziydi. Bobur Mirzo bir she'rida shunday deydi:
O‘tinchim har ro‘z besh vaqt namozda,
Xor qilma yot yurtda yaxshi, yomonga.
Va kechir so‘ngi dam yuzim o‘girsam,
Qiblamas, ona yurt Andijon tamonga.
Fiqh kitoblarda muhtazar, ya'ni, jon taslim qilayotgan kishi qanday yotishi kerak, degan savolga muhtazarni o‘ng yonboshi bilan yotqizib, qiblaga yuzlantirish sunnatdir, deyilgan. Sababi, jon berishi yengilroq bo‘lishi umid kilinadi. Ammo Bobur hazratlari ushbu to‘rtligida Allohim meni kechir so‘ngi damda jon taslim qilayotganimda yuzimni qiblaga emas, Andijon tomonga qaratsam, deganlar. Bu yurtga bo‘lgan muhabbat, Andijonga bo‘lgan buyuk sadoqatdir. Necha minglab chaqirim uzoqda jon taslim qilayotgan hazrat Bobur yuzini Andijon tomonga burgani bilan unga saroy devorlaridan boshqa narsa ko‘rinmas edi. Ammo bunda vatanga bo‘lgan buyuk muhabbat, kelajak avlod uchun esa katta saboq bor.
Alloh taolo barchalarimizga mana shunday vatanga muhabbatlik, yurtga sadoqatlik qalb ato etsin.
Ilhomjon Mardiyev Bulung‘ur tumani "Isori O‘roqli" jome masjidi imom-noibi
Kiritilgan vaqti: 04/10/2023 15:33; Ko‘rilganligi: 1831
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 23:46