Vasila qilish borasida
Vasila so‘zi lug‘atda “bir narsa bilan biror kishiga yoki narsaga yaqin bo‘lish” ma'nosini anglatadi.
Istilohda esa “duo ijobat bo‘lishi uchun Alloh taologa Uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilish, vasila deb ataladi”.
Vasila qilish borasida ulamolar keng ixtiloflar qilishgan. Xulosa o‘rnida, vasila masalasini Ulamolar ittifoq qilgan ko‘rinishini keltirib o‘tamiz:
To‘rt mazhab ulamolari ittifoq qilishganki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘zlarini vasila qilib, Allohga yuzlanishliklari joizdir. Bunga dalil qilib quyidagi oyat va hadisni keltiradilar:
(وَمَاۤ أَرۡسَلۡنَا مِن رَّسُولٍ إِلَّا لِیُطَاعَ بِإِذۡنِ ٱللَّهِۚ وَلَوۡ أَنَّهُمۡ إِذ ظَّلَمُوۤا۟ أَنفُسَهُمۡ جَاۤءُوكَ فَٱسۡتَغۡفَرُوا۟ ٱللَّهَ وَٱسۡتَغۡفَرَ لَهُمُ ٱلرَّسُولُ لَوَجَدُوا۟ ٱللَّهَ تَوَّابࣰا رَّحِیمࣰا)
“Qaysi bir Payg‘ambarni yuborgan bo‘lsak, Allohning izni ila faqat itoat qilinishi uchun yuborganmiz. Agar ular o‘zlariga o‘zlari zulm qilgan chog‘larida huzuringga kelib, Allohga istig‘for aytganlarida va Payg‘ambar ham ular uchun istig‘for aytganida edi, albatta, Alloh tavbalarni qabul etuvchi va rahmli zot ekanini topgan bo‘lur edilar” (Niso surasi 64-oyat).
عَنْ عُثْمَانَ بْنِ حُنَيْفٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَجُلاً أَعْمَى جَاء إِلَى النَّبِي صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ ادْعُ اللهَ أَنْ يَكْشِفَ عَنْ بَصَرِي فَقَال: إِنْ شِئْتَ دَعَوْتُ وَإِنْ شِئْتَ صَبَرْتَ فَهُوَ خَيْرٌ لَكَ قَالَ: فَادعُه فَأَمَرَهُ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنْ يَتَوَضَّأَ فَيُحْسِنَ وُضُوءَهُ وَيَدْعُوَ بِهَذَا الدُّعَاءِ: اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ وَأَتَوَجَّهُ إِلَيْكَ بِنِبِيِّكَ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ نَبِيِّ الرَّحْمَةِ يَا مُحَمَّدُ إِنِّي أَتَوَجَّهُ بِكَ إِلَى رَبِّي فِي حَاجَاتِي هَذِهِ لِتُقْضَى لِي اللَّهُمَّ شَفِّعْهُ فِيَّ. فَذَهَبَ ثُمَّ رَجَعَ وَقَدْ كَشَفَ اللهُ عَنْ بَصَرِهِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.
Usmon ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ko‘zi ojiz bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, Allohga mening ko‘zimni ochishini so‘rab duo qiling”, dedi. Shunda u zot: “Xohlasang duo qilaman, agar sabr qilishni xohlasang, u sen uchun yaxshiroq bo‘ladi”, dedilar. U: “Duo qiling”, dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga tahorat qilishni, tahoratini go‘zal qilishini va bu duoni o‘qishini buyurdilar: "Yo Alloh, Sendan so‘rayman va rahmat payg‘ambari bo‘lmish payg‘ambaring Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan Senga yuzlanaman. Ey Muhammad, men ushbu hojatim ravo qilinishi uchun siz bilan Robbimga yuzlanaman. Ey Alloh, bu zotning men haqimdagi shafoatlarini qabul qilgin!. Haligi kishi ketdi so‘ngra qaytib kelganida Alloh uning ko‘zlarini ochgan edi”. Termiziy va Nasoiylar rivoyat qilgan.
Ya'ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni vasila qilib, duo qilayotgan kishi duosini Alloh taolo uchun qilishi va ijobatni ham U Zotdan kutishligi shart qilinadi.
Ulamolar shuningdek, boshqa solih va yaxshilik ahli bo‘lgan insonlarni ham vasila qilib, Allohga yuzlanishliklari joiz ekanligini aytishgan. Bunga dalil o‘laroq quyidagi oyati karimani keltirishadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَابْتَغُوا إِلَيْهِ الْوَسِيلَةَ
“Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasila axtaringlar” (Moida surasi, 35-oyat).
Alloh taolo bu o‘rinda “... Unga vasila axtaringlar...” deb qaydlamasdan keltirganini dalil qiladilar.
Shuningdek, quyidagi hadisni ham dalil qilib keltiradilar:
عَنْ أَنَسٍ رضي الله عنه أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ رضي الله عنه كَانَ إِذَا قَحَطُوا اسْتَسْقَى بِالْعَبَّاسِ بْنِ عَبْدِ الْمُطَّلِبِ فَقَالَ: اللَّهُمَّ إِنَّا كُنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّنَا فَتَسْقِينَا وَإِنَّا نَتَوَسَّلُ إِلَيْكَ بِعَمِّ نَبِيِّنَا فَاسْقِنَا قَالَ فَيُسْقَوْنَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qahatchilik bo‘lganida Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhu ila istisqo (yomg‘ir so‘rab duo) qilar edilar:
“Ey Alloh! Albatta, biz Senga Payg‘ambarimiz ila tavassul qilar edik. Sen bizni serob qilar eding. Endi biz Senga Payg‘ambarimizning amakisini vasila qilamiz. Bizni serob qilgin”, dedi. Yana: “Serob qilinur edilar”, dedi”. Buxoriy rivoyati
Ushbu hadisdan kelib chiqib, ulamolar tirik solih insonlarni vasila qilish joiz deb aytishgan.
Shuni ta'kidlab o‘tmoq lozimki, vasila qilishda mo‘min-musulmonlar ehtiyot bo‘lishlari kerak bo‘lgan o‘rinlar bor:
1 - Odamlar Alloh taoloni dunyo podshohlari kabi tushunib, U Zotga faqatgina vaziri yoki yaqin kishisi orqali murojaat qilsa bo‘ladi, degan tushunchada bo‘lishlari. Bu juda katta xato fikrdir.
2 - Banda o‘zini haqir sanab, Alloh taologa duo qilsa, u o‘rtaga biror solih insonni vasila qilmasa, duosi qabul bo‘lmaydi, deb o‘ylashi. Bu ham qattiq xato fikr.
Yuqoridagi bu ikki fikr Alloh taoloning quyidagi oyati karimasiga ziddir:
(وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِی عَنِّی فَإِنِّی قَرِیبٌۖ أُجِیبُ دَعۡوَةَ ٱلدَّاعِ إِذَا دَعَانِۖ فَلۡیَسۡتَجِیبُوا۟ لِی وَلۡیُؤۡمِنُوا۟ بِی لَعَلَّهُمۡ یَرۡشُدُونَ)
"Agar bandalarim sendan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi duo qilganda ijobat qilaman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar. Shoyadki to‘g‘ri yo‘lni topsalar" (Baqara surasi 186-oyat).
Shuningdek, Imomi Buxoriy rohimahulloh Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Agar banda shoshilishmasa, duosi ijobat bo‘ladi. Duo qildim, qabul bo‘lmadi, demasin", deganlar.
Imom Marg‘iloniy rohimahulloh "Hidoya" asarlarida shunday keltiradilar:
وَيُكْرَهُ أَنْ يَقُولَ الرَّجُلُ فِي دُعَائِهِ بِحَقِّ فُلَانٍ أَوْ بِحَقِّ أَنْبِيَاؤُك وَرُسُلِك؛ لِأَنَّهُ لَا حَقَّ لِلْمَخْلُوقِ عَلَى الْخَالِقِ .
“Kishi o‘z duosida: “Falonchining haqqi yoki Sening Payg‘ambaring va Rasuling haqqi ila” deb duo qilishi makruh bo‘ladi. Chunki, maxluqning Xoliqning zimmasiga vojib bo‘lgan haqqi yo‘qdir”.
Bu matnda nazarda tutilinayaptiki, vasila qiluvchi: “O‘sha buyuk shaxslar haqqidan Alloh taologa duoimni qabul qilishi vojib bo‘ladi”, degan e'tiqodda vasila qilish botil va fosiddir. Chunki, Alloh taoloning zimmasiga maxluqning biror haqqi vojib bo‘lmaydi. Alloh taolo tomonidan bandalarga beriladigan narsalar esa, bandalarga Allohning fazli va inoyatidir. Zero, Alloh taoloning zimmasida bandalarning biror haqqi yo‘qdir.
Imom Abu Hanifa va ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rohimahullohlar ham bunday ko‘rinishni makruh sanashgan.
3 - Qabrda yotgan solih insonlardan xitoban, "Allohdan menga falon narsani so‘rab bering" yoki "Menga madad bering” deb so‘rash.
Bu o‘rinda musulmon kishi aytayotgan har bir kalimasiga diqqat bilan e'tibor qaratmog‘i lozim. Duoni ijobat qiluvchi va bandasiga barcha in'om va tuhfalarni beruvchi Zot Alloh taolodir.
Har qanlay holatda ham ulamolar qattiq ogohlantiradilarki, duo qilayotgan kishi duosini qabul qiluvchi va unga barcha ne'matlarni beruvchi Zot Alloh taolo ekanligini unutib qo‘ymasligi lozim! Chunki, vasiladan maqsad yanada qurbat hosil qilishdir. Mo‘min-musulmonlarga ma'lumki, foyda ham, zarar ham Allohning iznida va Alloh barcha narsaga qodir Zot!
Xayrulloh domla Sattarov
Kiritilgan vaqti: 26/03/2022 11:43; Ko‘rilganligi: 1145
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 19:45