Vafodor do‘st
Hasan Basriy rahimahulloh aytadi: “Do‘stu birodarlaringiz bilan yaqin aloqalar o‘rnatingiz, zero, vafodor do‘st nur sochuvchi chiroq kabidir. Uning nurini dunyo sizga tamoman qorong‘u bo‘lgandagina his qilasiz”.
Bir hakim zotdan so‘rashgan ekan: “Hayotingizda ko‘rgan eng chiroyli kishi, eng yaxshi kishi kim?”.
U kishi: “Hamma ayblarimni ko‘ra turib, meni yaxshi ko‘rishda davom etgan odamdan-da chiroylisini ko‘rmaganman”, debdilar.
Adashsangiz sizni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan, bilmasangiz o‘rgatadigan, g‘oyib bo‘lsangiz sizni qidirib qoladigan, g‘aflatda qolsangiz sizga Allohni eslatadigan, hayot sizga zulmatli bo‘lganda Alloh taolodan keyin suyanadigan do‘st qidiring!
Hakimlardan biri aytadi: “Sakkiz toifa odamlar bilan birga yurgan odamga Alloh sakkiz narsa beradi:
Kimki boylar bilan birga yursa, Alloh uning dunyoga muhabbatini, qiziqishini ziyoda qiladi;
Kimki kambag‘allar bilan birga yursa, Alloh o‘zining taqsimotiga, bergan rizqiga roziligini ziyoda qiladi;
Kimki hokimlar, podshohlar bilan birga yursa Alloh uning kibrini, qalbi qattiqligini ziyoda qiladi;
Kimki ayollarga aralashib yursa Alloh uning nodonligini va shahvatini ziyoda qiladi;
Kim yosh bolalar bilan yursa Alloh uning bekorchiligini, hazil-huzulini ko‘paytiradi;
Kim fosiqlar bilan yursa, Alloh uning gunoh-ma'siyatlarga jur'atini hamda tavbani kechiktirishini ziyoda qiladi;
Kimki solihlar davrasida o‘tirsa, Alloh toat-ibodatlarga rag‘batini oshiradi;
Kimki ulamolar bilan birga yursa, Alloh ilmini va taqvosini ziyoda etadi”.
Solih zotlardan biridan so‘rashgan ekan: “Biz bilan Rahmon o‘rtasida nima bor?”.
U kishi debdi: “Birodaring haqqiga duoi xayr qilmoq bor”.
Ya'ni, birodaring haqqiga duoi xayr qilishing seni Allohga yaqinlashtiradi.
Ummu Dardo roziyallohu anho rivoyat qiladilar: Abu Dardo bunday dedi: “Musulmon bandaning uxlab yotganda ham gunohi kechiriladi”. Men hayron bo‘lib so‘radim: “Ey Abu Dardo, qanday qilib u uxlab yotsa-yu gunohi kechiriladi?”.
U: “Birodari tahajjudga turib Allohga duo qiladi va Alloh duosini ijobat qiladi. Birodarining haqqiga ham duo qiladi, Alloh uni ham ijobat qiladi”, deb javob berdi.
Millionlab odamlar mana shunday duolarga muhtoj emasmi?! Shunday ekan tahajjudga turganingizda birodarlaringiz haqqiga duo qiling!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Kiritilgan vaqti: 07/03/2024 15:26; Ko‘rilganligi: 385
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 13:34