Va'daga vafo qilish mo‘min-musulmonning yuksak sifatidir
Alloh taolo insoniyatni yaratib, unga bir necha go‘zal fazilatlarni ato etgan. Bu fazilatlar insonning ziynati hisoblanadi. Go‘zal fazilatlar ila kishi jamiyatda boshqa insonlar orasida o‘ziga yarasha obro‘-etiborga ega bo‘ladi. Mana shu go‘zal fazilatlaridan biri bergan va'dasi ustidan chiqishidir.
Ma'lumki, va'daga vafo qilish mo‘min-musulmonning yuksak sifatidir. Zero, buyuk xulq sohibi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) boshqa yuksak fazilatlar qatori ahdiga vafo qiladigan, so‘zi ustidan chiqadigan komil inson bo‘lganlar. Azal-azaldan va'daga vafo qilmaslik xalqimiz orasida qoralanib kelgan va kelmoqda. Hatto, va'daboz, subutsiz va yolg‘onchini yaxshi inson deb bilishmagan. Ayniqsa, Islom axloqi asosida tarbiya topgan ota-bobolarimiz bunday razil ishlardan nafratlanishgan. Quruq va'dabozlik bevosita yolg‘onchilikka yetaklaydi. Bu esa, Islomda ulkan gunohlar sirasiga kiradi. Chunki mo‘minda yolg‘on va xiyonat bo‘lmaydi. Ahdga vafo qilish imonning asosiy belgilaridan bo‘lib, bu to‘g‘risida Qur'oni karimda qayta-qayta takrorlangan. Alloh taolo Mo‘minun surasida imonli kishilarni ta'riflab bunday marhamat qiladi: “Ular (mo‘minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o‘zaro bog‘lagan) ahd-paymonlariga rioya etuvchidirlar” (8-oyat). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining hadisi shariflarida: “Musulmon birodaring bilan tortishma, uni masxara qilma, unga va'da berib, keyin va'daga xilof ish qilma”, deya biz mo‘min-musulmonlar amal qilishi lozim bo‘lgan narsalar uqtirilgan. Biz ana shu kabi insoniy fazilatlarga zid amallardan yiroq bo‘lishimiz darkor. Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilsin. Omin!
Nuriddinov Zayniddin –Ishtixon tumani “Dehqonobod” jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 07/06/2022 11:19; Ko‘rilganligi: 1334
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 16:16