O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ustozni xotirlab

 
 

Alloh taolo yaratgan barcha mahluqotlar ichida eng azizu mukarrami shubhasiz, insondir. Qur'oni karimda: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik...” (“Isro” surasi, 70-oyat) deb marhamat qilinadi. Shu bois ham, dinimiz ahkomlari, muqaddas kitoblarimizda ibodat, imon masalalari bilan bir qatorda insonni ulug‘lash, insoniy munosabatlarning oliy darajada bo‘lishligi nazarda tutiladi.

Hayotda ota-onamiz, yaqinlarimiz, ustozlarimiz, umuman, atrofimizdagi insonlarning qadriga yetish bilan birga, o‘tganlarni eslash, xotirlash har bir banda uchun ham qarz, ham farzdir.  

Foniy dunyodan o‘tib ketgan o‘z yaqinlarimiz – marhumlarni doimo yaxshi sifatlar bilan eslash insoniy burchimiz ekanligini aslo unutmasligimiz kerak. Banda har doim o‘tmishga nazar tashlab, undan tegishli xulosalar chiqarish va shunga muvofiq ish tutish, turmush kechirish xayrlidir. Alloh taolo o‘zining kalomida: “Ayting: “Yerda sayr qilinglar, bas, oldingilar oqibati ne bo‘lganini ko‘ringlar!” (“Rum” surasi, 42-oyat) deb marhamat qiladi. Ushbu oyati karimadan ko‘rinadiki, o‘tmishda o‘tgan kishilar hayotini, qilgan ezgu amallarini o‘rganib, yaxshiliklaridan ibrat olib, xatolardan xulosa chiqarib, ularni takrorlamaslikka harakat qilish kelajakning salohiyatli bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi.  

Bu xususida juda ko‘p oyat va hadislar bor. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Dunyodan o‘tganlarning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar” deganlar (Termiziy rivoyati). Demak, inson vafot etgandan so‘ng odamlar uni yaxshi sifatlarini eslashi uchun eng avvalo, har bir banda tirikligida Alloh rozi bo‘ladigan amallarda bardavom bo‘lishi, ezgu va xayrli ishlarni boshidan tutishi lozim bo‘ladi.  

Shunday ekan, o‘tgan ajdodlarimizni hamisha xotirlab, bizlarga qoldirib ketgan boy ma'naviy-ma'rifiy meroslarini o‘rganib, hayotimizga izchil tatbiq etishib borishimiz kerak.

Shu o‘rinda Samarqand farzandi, uzoq yillar diniy sohada katta xizmatlar qilgan, bir necha yillar Buxorodagi Mir Arab madrasasi mudiri, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani “Eski Juma” jome masjidi imom-xatibi, Toshkent viloyatining bosh imom-xatibi, Toshkent shahri "Qaffol Shoshiy" jome masjidi imom-xatibi vazifalarida faoliyat olib borgan. Ustoz Qurbonali domla Tursunov Allomalar yurti Samarqand viloyati Urgut tumanida tavallud topganlar. Bu nurli oilaning farzandi o‘z umrlarini yoshlik davrlaridan ilmu irfonga baxsh etdilar. Ko‘plab ilm dargohlarida o‘z sohasini yetuk allomasi bo‘lish mehri bilan ta'lim olish natijasida samarali mehnatlari evaziga dinimizning peshvosi bo‘lishga musharraf bo‘ldilar.

Inson – hayot gultoji. Uning qadri, hurmati har doim e'zozga loyiq. Xotira shunday ruhiy-ma'naviy qudratki, u insonning insonligini anglatuvchi, uni o‘tmish va istiqbol bilan bog‘lab turuvchi buyuk qadriyat, ilohiy qudratdir.

Ustoz Qurbonali domla Tursunov o‘zidan ko‘plab shogirdlar qoldirdi. U umrini Islomning haqiqiy yo‘lini o‘rganish va tushuntirishga bag‘ishladi. Uning shogirdlari orasida O‘zbekiston  musulmonlari idorasining Samarqand viloyat vakili Zayniddin domla Eshonqulov, Samarqand viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Yoqubjon domla Mansurov, Samarqand shahar bosh imom-xatibi Zafar domla Mahmudov va boshqa hozirda O‘zbekistonda  zabardast bo‘lgan 10 dan ortiq domlani shogirtlari mavjud.

Alloh taolo jonajon yurtimizda dinimiz yo‘lida xizmat qilib zahmat chekib o‘tgan ota-bobolarimizni, yurtdoshlarimizni, barcha ustozlarimizni hususan Qurbonali domlani o‘z rahmatiga olsin.

Musulmonlarning eng muqaddas kitobi bo‘lgan Qur'oni karimda Alloh taolo marhamat qilib marhumlarni haqlariga duo qilishni saboq bergani singari: “Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan”, deya duolar qilamiz.

Avlodlarining kelajagi yo‘lida jon fido qilgan insonlarni xotirlash bugungi kunimizni qadrlashga o‘rgatadi. Xotira bu – tarix. U kechagi  o‘tmishni, Ustozlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Shu bois, inson o‘z xotira boyliklarini qadrlaydi. 

Shogirtlari tomonidan tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 02/05/2024 11:22;   Ko‘rilganligi: 280
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ustozni-xotirlab
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 13:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing